Makonning ko’p o’lchovliligi. Nisbiylik nazariyasini rivojlantiruvchi va kuchli, kuchsiz, elektromagnit va gravitasion o’zaro ta’sirlarga nisbatan yaxlit yondashuvchi hozirgi tabiiy-ilmiy konsepsiyalar makonning uch o’lchovliligi va vaqtning bir o’lchovliligi (u o’tmishdan kelajakka qarab oqishi)ni moddiy jismlar borlig’ining ehtimol tutilgan hollaridan biri sifatida talqin qiladi va bizning Metagalaktikamiz bilan bir qatorda o’zga dunyolar ham mavjudligini faraz qilib, makon va vaqtning ko’p o’lchovliligi g’oyasini ilgari suradi. Boshqa olamlarda makon va vaqt butunlay o’zgacha tuzilish, ko’lamlilik va shakllarga ega bo’lishi mumkinligi taxmin qilinadi.
Makon va vaqt ko’rsatkichlari nafaqat mikro-, makro- va megadunyo darajasida, balki jonli tabiat, ijtimoiy borliq darajasida ham o’ziga xos xususiyatlarga egadir.
Yerda hayot paydo bo’lishi bilan go’yo jonsiz tabiat makon va vaqti doirasida joylashgan alohida, biologik makon va vaqt o’lchovi yuzaga keladi. Shu munosabat bilan jonli va jonsiz tabiatdagi simmetriklik muammosi hayotni o’rganish bilan shug’ullanuvchi olimlar e’tiborini o’ziga tortdi. Jonli organizmlar simmetriyasi va asimmetriyasi hodisalarini L.Paster, I.Kant, V.I.Vernadskiy va boshqalar o’rgandi. Ular jonsiz tabiatga xos bo’lmagan asimmetriya molekulyar darajada atomlar guruhlarida «so’l» va «chap» qanotlar ko’rinishida namoyon bo’lishi, organizmlar darajasida esa ularning tuzilishi va dinamikasida aks etishini aniqladilar.
Makon vavaqtning umumiyligi, ular universumning barcha strukturalarini qamrab olgan holda, mavjudligini anglatadi. Shu munosabat bilan makon vavaqtning nafaqat makro-, mikro- va megadunyoda, balki jonli va ijtimoiy materiyada ham namoyon bo’lish shakllarini qayd etib o’tish lozim. Biologik vaqt, psixologik vaqt, ijtimoiy makon va vaqt maxsus tahlil qilinadi. Makon vavaqtning obyektivligi ular o’zini idrok etish mumkinligi yoki mumkin.
Makonning uch o’lchovliligi. Makonning uch o’lchovliligi hanuzgacha ilmiy-nazariy jihatdan aniq isbotlanmagan. Makon va vaqtning cheksizligi hamda tuganmasligi, makonning uch o’lchovliligi, vaqtning bir yo’nalishliligi, orqaga qaytmasligi makon va vaqtning asosiy xossalari sifatida qaralishi lozim. Biz makroskopik tajribada ko’radigan obyektlar uch o’lchovli ko’lamlilikka – uch o’lchovdagi o’lchamlilikka ega. Makonning har qanday nuqtasi uch soni yordamida beriladi. Ammo makonning uch o’lchovliligi faylasuflar uchun amalda jumboq bo’lib qolamoqda. Ular uchun bu asoslashga urinishlar natija bermayotgan empirik postulat sifatida qabul qilinadi. Makonning uch o’lchovliligini ta’riflab bergan Aristotel pifagorchilarning g’oyalari yordamida uni asoslashga harakat qilgan. U uch o’lchov eng mukammal va tugallangan bo’lib, aynan 3 soni shunday xususiyatga ega ekanligini qayd etgan.
Sxolastlar Pifagor va Aristotel g’oyalariga tayanib, uch o’lchovlilikni dunyoning mukammalligi nuqtai nazaridan tushuntirganlar. Bunda uzunlik chizig’iga kenglik tutashadi va yuza hosil bo’ladi, so’ngra balandlik tutashadi va jism dunyoga keladi. Bundan boshqa o’lchovlarga o’tishni aniq tasavvur qilish mumkin emas. Uch o’lchovlilik dunyoning mukammalligidan dalolat beradi.
G.Galiley uch o’lchovlilikni asoslashga nisbatan mazkur yondashuvni tanqid qilgan. G.Galiley dialoglarining amalda muallif fikrini ifodalovchi qahramonlaridan biri shunday deydi: «3 soni mukammal ekanligi va uch o’lchovli hamma narsaning mukammalligidan darak berishga qodirligini tan olishga hyech bir asos ko’rmayapman».
Nemis faylasufi I.Kant o’z faoliyatining tanqidiy bosqichidan oldingi davrda makonning uch o’lchovliligini tabiat kuchlarining o’ziga xos xususiyatlari bilan tushuntirishga harakat qilgan bo’lgan. U makonning uch o’lchovliligini fizik dalil sifatida tushunishga uringan. Ammo keyinchalik I.Kant makon va zamonning aprioristik tabiati haqidagi xulosaga kelib uni hissiy kuzatish shakllari sifatida tavsiflagan.
Shunday qilib, makonning uch o’lchovliligi empirik postulatdir, u haqdagi xulosa bizning intuisiyamizga asoslanadi, fikrlashning qulayligi, maqsadga muvofiqligi, tejamliligiga intilish, estetik moyilliklar yoki dunyoning mukammalligiga ishonchdan kelib chiqadi, degan ma’noni anglatmaydi. Makonning uch o’lchovliligi moddiy o’zaro ta’sirlar bilan belgilanadi.
Biz yashaydigan makon uch o’lchovlidir. Bu boshqa makon mavjud bo’lishi mumkin emas, degan ma’noni anglatmaydi, lekin boshqa makonda atomlar ham, molekulalar ham, Quyosh sistemasi ham bo’lmasligi mumkin. Agar makon uch o’lchovli bo’lmaganida, amaldagi barcha fizik qonuniyatlar buzilgan bo’lar edi; narsalar biron-bir sababsiz paydo bo’lishi va yo’q bo’lishi mumkin edi (ularning sabablari boshqa o’lchovlarda bo’lar edi); atomlar mavjud bo’lishi mumkin emas edi, chunki elektronlar darhol yadrolar ustiga tushar edi. Butun dunyo boshqacha bo’lishi lozim bo’lar edi.
Demak, bizning dunyomizda har qanday voqyea to’rt son: makonning voqyea yuz bergan joyni qayd etuvchi uch koordinati va uning vaqt ko’rsatkichi bilan belgilanadi. Shunday qilib, moddiy dunyo obyektlarining «3 1» ko’rinishidagi makon va vaqt tuzilishiga mansubligi ularning universal xossasi hisoblanadi.