Umumiy qoidalarda o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi umumiy o'rta ta'lim negizida o'qitish muddati 3 yil bo'lgan uzluksiz ta'lim tizimining majburiy mustaqil turi hisoblanishi hamda O'zbekiston Respublikasining «Ta'lim to'g'risida»gi Qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ga muvofiq amalga oshirilishi, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining yuridik shaxs hisoblanishi, qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etilishi bayon etilgan.
Ikkinchi bo'limda o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining maqsadi, vazifalari va uni tashkil etish haqida gapiriladi.Quyidagilar o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining vazifalari sifatida belgilangan:
- davlat ta'lim standartlari doirasida umumta'lim va kasb-hunar dasturini bajarish:
- o'quvchilarning uzluksiz ta'limning keyingi bosqichida o'qishni davom ettirish, tanlangan mutaxassisliklar bo'yicha mehnat faoliyati bilan shug'ullanish uchun zarur va yetarli bo'lgan bilimlar hamda kasb tayyorgarligi darajasini chuqurlashtirish:
- respublika iqtisodiyotining malakali kichik mutaxassis kadrlarga bo'lgan ehtiyojini qondirish.
Bundan tashqari ushbu bo'limda akademik litseylar qoidaga ko'ra, Oliy ta'lim muassasalari huzurida tashkil etilishi, kasb-hunar kollejlari esa hududlarning demografik va geografik sharoitlarini, tegishli soha mutaxassislariga bo'lgan mahalliy ehtiyojlarini hisoga olgan holda tashkil etilishi ko'rsatib berilgan.
Uchinchi bo'limda o'rta-maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalariga o'quvchilar qabul qilish; umumiy ta'lim va kasb-hunar dasturlarining amalga oshirilishi; nazorat turlari; kursdan-kursga, o'rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasasining bir turidan boshqasiga o'tkazish va diplom berish tartiblari bayon etilgan.
To'rtinchi bo'limda esa akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida kimlar pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqiga ega ekanligi; Ushbu ta'lim muassasalariga professor-o'qituvchilarni va muxandis pedagoglarni ishga qabul qilish qay tarzda amalga oshirilishi aytib o'tilgan.