Ғоявий-сиёсий тарбия – ўқувчиларга сиёсий билимларни бериш, ЎзР Конституцияси, фуқаролик жамияти асослари, миллий давлат тузилиши, давлат органлари фаолияти, республиканинг ички ва ташқи сиёсати мазмунини ўрганишни таъминлаш асосида ўқувчиларда сиёсий фаолият кўникма, малакаларини таркиб топтириш, сиёсий маданиятни шакллантиришга қаратилган педагогик фаолият жараёни
Ijtimoiy tarbiya maqsadi va vazifalarini amalga oshirish uchun tarbiya jarayonining xususiyatlarini anglab olish muhim ahamiyatga ega.
Jinsiy tarbiya – “bolalar, o‘smirlar va yoshlarda jins masalalariga nisbatan to‘g‘ri munosabatni shakllantirishga qaratilgan tibbiy, pedagogik tadbirlar tizimi”6ga ko‘ra tashkil etiladigan jarayon. Bu yo‘nalishdagi tarbiyaning metodik jihatdan to‘g‘ri tashkil etilishi bolalar, o‘smirlarda erta yetilish, jinsiy mayllar erta uyg‘onishining oldini oladi. Qolaversa, jinsiy tarbiya davrida o‘g‘il va qiz bolalarga o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari ko‘magida shaxsiy gigienaga rioya qilishga doir bilimlarning berib borilishi, ularni yoshlikdanoq o‘rinda to‘g‘ri yotishga, ichki kiyimlarning ozoda bo‘lishi, tananing toza tutishga odatlantirish ular tomonidan shaxsiy salomatlikni saqlash malakalari, reproduktiv madaniyatni o‘zlashtirishlarini ta’minlaydi. Metodik jihatdan to‘g‘ri tashkil etilgan jinsiy tarbiya yosh avlodning fiziologik jihatdan to‘g‘ri rivojlanishiga, nikoh va oilaning mustahkam bo‘lishiga, reproduktiv (zurriyod qoldirish) salomatlikka ega bo‘lishiga xizmat qiladi.
Ayrim ota-onalar, hatto pedagoglar ham yoshlar o‘rtasida jinsiy tarbiyani ular balog‘atga yetganlaridan keyin boshlash zarur deb hisoblaydi. Bunday yondashuv, ayniqsa, axborot oqimi shiddatli bo‘lgan bugungi kunda noto‘g‘ri. Chunki yoshlar o‘rtasida jinsiy tarbiya qanchalik vaqtli boshlanmasa, ularda chetdan, hech bir izohlarsiz olinayotgan axborotlar tufayli turli jinslar o‘rtasidagi munosabatning ma’naviy-axloqiy, tibbiy jihatlari to‘g‘risida yetarlicha tushunchalar shakllanmaydi. Natijada nikoh va oilaning muqaddasligini, farzand ko‘rish mas’uliyatini chuqur anglamagan yoshlarda jinsiy hayot faqatgina jismoniy-fiziologik ehtiyojni qondirishdan iborat, degan noto‘g‘ri fikr shakllanadi.
Balog‘atga yetgunga qadar jinsiy tarbiya asoslari to‘g‘risidagi bilimlarni o‘zlashtirgan yoshlar “ijtimoiy va ma’naviy tartib-qoidalarni, o‘z ruhiy hamda fiziologik xususiyatlarini anglashga”7, o‘zi uchun umr yo‘ldoshi sifatida tanlagan o‘zga jins vakiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, uning sha’ni, or-nomusi, qadr-qimmatini himoya qilishga odatlanib boradi.
Jinsiy tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda ota-onalar, pedagoglar o‘g‘il va qiz bolalarning jinsiy rivojlanishlarining o‘ziga xosligi, bosqichlari, tabiiy va g‘ayritabiiy jinsiy yetilishni bir-biridan farqlay olishlari lozim. Shuningdek, ular uchun jinsiga mos ravishda o‘yinchoqlar, kiyim-kechaklarni tanlash, jinsini inobatga olgan holda turli yumushlarni buyurishni zarurligini yodda tutishlari kerak.
Qizlar o‘rtasida jinsiy tarbiyani tashkil etishda ularga jinsiy organlarni shamollash, yuqumli kasalliklardan saqlash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham berib borish maqsadga muvofiqdir. Jinsiy tarbiyani ma’naviy-axloqiy, aqliy, estetik va jismoniy tarbiyalar bilan bog‘lab olib borish ijobiy natijalarni beradi. Bu jarayonda qizlar ongiga o‘z qadr-qimmatini anglash, sha’nini ulug‘lash, nomusini asrash, mas’ullik, burch, uyat-andisha, hayo-ibo, mehribonlik, fidoiylik, vafo kabi tushunchalarni singdirish, bu fazilatlarning qizlarda tarbiyalashga jiddiy e’tibor qaratish zarur.