Hasharotlarning qanotlari ko’pincha ikki juft, o’rta va keyingi ko’krak bo’g’imlarida joylashgan. Ikki qanotlilarda bir juft qanot bo’lib, u o’rta ko’krakka o’rnashgan. Orqa ko’krakda esa yo’qolib ketgan orqa qanot rudimentlari bo’ladi. Yelpig’ich qanotlilar turkumida, aksincha orqa ko’krakka joylashgan bir juft qanot yaxshi rivojlangan, yo’qolib ketgan oldingi qanotlardan faqat juda mayda, yaxshi yetilmagan qoldiqlar qolgan. Ba‘zi hasharotlarda qanot bo‗lmaydi. Tuban hasharotlar, shuningdek qanotli hasharotlar kenja sinfiga kiradigan hasharotlardan burga va taxta qandalasi ajdodlarida qanotlar bo’lgan, lekin ular filogenetik rivojlanish jarayonida qanotlarini yo’qotgan.
Hasharotlar qanoti har xil shaklda bo’ladi, asosan uchburchak shaklga yaqin, shuning uchun qanotning uchi, orqa burchagi va tubi yoki ildizini bir-biridan ajrata bilish kerak. Qanotining tubi bilan uchi o‗rtasidagi chekka oldingi chekka, qanot uchi bilan orqa burchagi o’rtasidagi chekka tashqi chekka va orqa burchagi bilan tubi o’rtasidagi chekka orqa yoki ichki chekka deb aytiladi. Har qaysi qanot ikkita yupqa yaproqchadan iborat, bular o’rtasidan ko’pincha to’rt tomoni berk katakchalar hosil qiladigan tik va ko’ndalang tomirlar o’tadi. Hasharotlarni aniqlashda bunday tomirlarning ahamiyati katta.
Qanotdagi uzun tomirlar bir necha xil bo‗ladi:
1) kostal tomir (costa) qisqacha ―C‖ bilan belgilanadi. Bu tomir qanot tubidan chiqib, uning oldingi cheti bo‗ylab ketadi;
2) subkostal tomir (subcosta ―Sc‖ ) birinchi tomirdan keyin qanot tubidan chiqib, odatda qisqa va qanotning oldingi chekkasiga borib taqaladi:
3) radial tomir (radius ―R‖ ) subkostal tomirdan keyin qanot tubidan chiqadi. Bu tomir ko‗pincha 5 ta tarmoq beradi, buning ustiga radial tomir tarmoqlari qanotning oldingi va tashqi chekkasiga yetib borishi mumkin. Ko’pchilik hasharotlar qanotining oldingi chekkasi yonida radial tomir tarmoqlarida terisimon yaproqcha ko’zcha yoki pterostigma (pterostigma) hosil bo’ladi;
4) o’rta yoki medial tomirlar (media ―M‖ ) radial tomirlardan keyin bo’ladi va tarmoqlaydi, uning uchi qanotning tashqi chekkasiga borib taqaladi;
5) kubital tomir (cubitus ―Cu‖ ), medial tomirdan keyin keladi, qanot ildiz tubidan chiqadi, ba‘zan uchlari qanotning tashqi yoki orqa chekkasiga borib taqaladigan ikkita tarmoqqa bo’linadi;
6) keyingi yoki anal tomirlar (analis ―A‖ ) qanot tubidan chiqadi, ammo tarmoqlanmaydi va har qaysisi qanotning orqa, ba‘zan tashqi chekkasiga mustaqil ravishda borib tarqaladi. Anal tomir ko‗pincha aksilyar tomir deb ham aytiladi.
Yuqorida ko’rsatilgan qanot tomirlardan ko’plari ayrim hasharotlarda bo’lmaydi. Uzunasiga ketgan tomirlarning qanot tubiga qarab borgan tarmoqlari qaytalama tomirlar deb ataladi.
Hasharotlarning uchishi va uchish davomida qanotlarining holati juda murakkab bo’ladi. Uchishda bilvosita ta‘sir ko’rsatuvchi muskullar hasharot qanotlarini pastga va yuqoriga qarab, boshqa turdagi muskullar, ya‘ni bevosita ta‘sir ko’rsatuvchi muskullar qanotlarini uchishda oldinga va orqaga qarab harakatga keltiradi.
Hasharotlarning uchish intensivligi turlicha. Ba‘zi kapalaklar uchish vaqtida sekundiga 5-marta, chivinlar 500-600 marta, ayrim tur chivinlar esa 1000 martagacha qanot qoqadi. Uchish tezligi ham turlicha. Arilarning ba‘zi turlari soatiga 18 km tezlikda uchsa, arvoh kapalak 54 km, ninachi 96 km gacha tezlikda ucha oladi.
Hasharotlarning uchish turg‗unligini ta‘minlanishi qanotlardagi tik tomirlarni qanotning oldingi qismiga, ya‘ni kostal qismiga surilishi orqali boradi. Bu holat qanotlarning kostolizatsiyasi deyilib, shu orqali uning mustahkamligi ortadi va aerodinamik xususiyatlari yaxshilanadi.
Hasharotlarning oldingi va keyingi qanoatlari katta - kichikligi hamda xitinlashish darajasi jihatdan bir xil yoki har xil bo‗lishi mumkin. U qadar xitinlashmagan qanotlar yelpig’ich kabi bo’yiga (to’g‗ri qanotlilarning keyingi qanotlari) yoki ko’ndalangiga (qo’ng’izlar yoki quloq kavlagichlarning orqa qanotlari) yig’iladi.
Qo’ng’izlarning oldingi qanotlari juda kuchli xitinlashgan. Natijada oldingi qanotlari uchish uchun emas, balki ular ostiga yig’ilgan pardasimon, yumshoq qanotlarini himoya qilish uchun xizmat qiladi. To’g’ri qanotlilar va quloq kavlagichlarning oldingi qanotlari ham keyingi qanotlariga qaraganda kuchliroq xitinlashgan. Yarim qattiq qanotlilar, jumladan qandalalarning bitta qanotining o’zi har xil darajada xitinlashgan: ko’pchiligida oldingi qanotlarining bir qismi kuchli xitinlashgan, terisimon, boshqa qismi (uchi) yumshoq, pardasimon bo‗ladi. Keyingi qanotlarga nisbatan oldingi qanotlar kuchliroq qattiqlashgan (xitinlashgan), bular qanot usti yoki elitira deb aytiladi.