Etikaning kategoriyalari, tamoyillari, me’yorlarining shaxs va jamiyat munosabatlarida namoyon bo‘lishi. Ixtiyor erkinligi va axloqiy tanlov.
Har bir fan o‘z kategoriyalar tizimiga ega. Axloq kategoriyalari deb, jamiyat axloqiy hayotidagi umumiy, muhim tomonlarni, xususiyatlar va munosabatlarni inson tomonidan o‘zlashtirish usullarini aks ettiruvchi kategoriyalarga aytiladi. Axloq kategoriyalarining o‘ziga xosligi shundan iboratki, ular fan sifatidagi etikani amaliy asosini tashkil etuvchi axloqning eng muhim tomonlari va elementlari umumlashgan xolda o‘z ifodasini topadi.
Axloq kategoriyalarining ko‘pchiligi qarama – qarshi xarakatlarga ega, chunonchi muhabbat va nafrat, ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, kamtarlik va takabburlik, sadoqat va hiyonat turli ijtimoiy fakt va hodisalarni qamrab oluvchi baho kategoriyalari bo‘lsa, burch, vijdon, sha’n, qadr – qimmat, baxt nisbatan tor kategoriyalar bo‘lib, axloqiy munosabatlarni shaxsni ichki dunyosi orqali birmuncha yaqqol aks ettiradi.
Muhabbat va nafrat. Muhabbat bosh mezoniy kategoriya sifatida deyarli barcha asosiy kategoriyalarda va tamoyillarda o‘z «hissa»siga ega. Muhabbatning ob’ekti doimo go‘zallik, manfaatsiz go‘zallik. U - Allohmi, Vatanmi, yormi - muhabbat egasiga undan-da go‘zalroq narsa yo‘q. Ayni paytda bir ob’ektni sevgan kishi boshqa ob’ektlarni ham sevishi tabiiy.
Ezgulik va yovuzlik. Asosiy kategoriyalar orasidagi yana bir juftlik - ezgulik va yovuzlik; ezgulik etikadagi eng muhim kategoriyalardan. U inson faoliyatining asl mohiyatini anglatadi - Tangri irodasining inson qalbidagi tajassumi sifatida namoyon bo‘ladi. «Ezgu o‘y, ezgu so‘z, ezgu a’mol» uchligi «Avesto»dan tortib barcha muqaddas kitoblarda yetakchi o‘rinni egallashi ham shundan.
Yaxshilik va yomonlik. “Yaxshilik va yomonlik” axloqning markaziy kategoriyalaridan hisoblanadi. Yaxshilik kategoriyasi odatda, kishining biror talabiga to‘la javob beradigan, unga yoqadigan, ma’lum bo‘lgan xatti – harakatlar narsalarning ijobiy sifatlari, biror kishining manfaatini ko‘zlab ish tutish, unga manfaat yetkazish, xayrli, ezgu ishlarni amalga oshirish tushiniladi.
Kamtarlik – eng avvalo o‘z – o‘ziga talabchanlik, o‘z harakatlariga, ishiga, bilimiga tanqidiy qarash, o‘ziga, kuch – quvvatiga ortiqcha baho bermaslikdir. Kamtarlik kishilarga bo‘lgan munosabatda namoyon bo‘ladi. Inson qanchalik odobli bo‘lsa, u kishilar bilan shunchalik sodda kamtarona muomala qiladi, o‘z ishlariga va xarakatlariga kamtarlik bilan baho beradi. Boshqalarga nisbatan shirinsuhan bo‘ladi. Kamtar inson boshqalardan o‘zini ustun qo‘ymaydi, o‘ziga bino qo‘yib, soxta shuxrat ketidan quvmaydi, yutuqlardan esankiramaydi. Kamtarlik - tortinchoqlik va haddan tashqari andishalilikdan farq qiladi. Ular orqasidan inson o‘z qadr – qimmatini tushirib qo‘yish mumkin. Kamtarlik tabiiylikdan kelib chiqadi. U kishilarga bo‘lgan munosabatda ham yaqqol ko‘rinadi. Kamtarlik inson ichki ma’naviy dunyosining tashqi ifodasi hisoblanadi.
Baxt. Hayotning ma’nosi bo‘lmasa, haqiqiy baxtning bo‘lishi mumkin emas. Baxt inson hayotining umumiy bahosidir. Shu ma’noda buyuk ajdodimiz Abu Nasr Forobiy: «Baxt - har bir inson intiladigan maqsad, zotan u muayyan komillikdir»,- deganida ko‘p jihatdan haq edi.
Vijdon. Etikaning nihoyatda ta’sir doirasi keng kategoriyalaridan biri vijdondir. Vijdon - Zigmund Froyd ta’biri bilan aytganda, a’lo men, men ustidan nazorat o‘rnatib, uni boshqarib turuvchi ikkinchi bir, yuqori darajadagi men. Agar uyat hissi insonning tashqi, jamiyatga bog‘liqligidan kelib chiqsa, vijdon uning ichki o‘z-o‘ziga bog‘liqligini namoyon etadi. Bu ichki bog‘liqlik tashqi bog‘liqlikka nisbatan teran va doimiydir: uyat ma’lum bir vaqt ichida odamning o‘z nojo‘ya harakati tufayli yuzaga kelgan o‘ng‘aysizligi bo‘lsa, vijdon azobi, bu oddiy o‘ng‘aysizlik emas, balki qalbdagi, odamdagi odamiylikka e’tiqodning faryodi, talabi; uni qondirmas ekansiz, hech qachon azob to‘xtamaydi. Uyat bilan vijdonni, shu bois, dengizdagi muz tog‘iga – aysbergga o‘xshatish mumkin: yuzaga uyat tarzida chiqib turgan qismi teranlikdagi qismidan yuz, balki ming barobar kichik.
Nomus. Asosiy kategoriyalardan yana biri – nomus. Nomus tushunchasi bir tomondan, burch bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi jihatdan, qadr-qimmat tushunchasiga aloqador. Zero, nomus mohiyatan shaxsning o‘z qadr-qimmatini anglab yetishi, shu qadr-qimmatning jamiyat tomonidan tan olinishi yoki olinmasligiga nisbatan bo‘ladigan munosabati bilan belgilanadi.
Axloqiy tamoyillar va me’yorlarga - vatanparvarlik, erkparvarlik, insonparvarlik, bag‘rikenglik, halollik, hayolilik, xushmuomalalik kiradi.
Ixtiyor erkinligi va axloqiy tanlov. Axloq - oliy mavjudotga ato etilgan oliy ne’mat. Ya’ni axloqning kelib chiqishi ilohiy manbadandir. Ana shu ilohiy asosni asrab-avaylab, taraqqiy toptirish har bir insonning asosiy vazifasi, burchi. Shu bois o‘z-o‘zini va iloji bo‘lsa, o‘zgalarni axloqiy tarbiyalash barcha muqaddas kitoblarda savob sanaladi.
Ixtiyor erkinligi eng avvalo ixtiyorning uch bosqichda voqe bo‘lishi bilan bog‘liq. Birinchi bosqich - ichidan faqat bittasini tanlab olish va harakatga aylantirish mumkin bo‘lgan alohida xohish - istaklarning tug‘ilishidan iborat. Ikkinchi bosqichda mazkur xohishlarning o‘zaro bir – birini tutib turishi, teng holatga keltirishi yuz beradi va bu-tanlov orqali bir qarorda to‘xtash imkonini yaratadi. Uchinchi bosqich tanlangan xohishning o‘ziga mos jismoniy harakatga o‘tishi bilan belgilanadi.
Erkinlikka kelsak, shuni aytish kerakki, muayyan ixtiyorga berilgan erkinlik faqat tanlovning boshlanishida va tanlov jarayonidagina mavjud bo‘ladi. Tanlov jarayoni tugashi bilan, ya’ni ikki narsadan birini tanlaganingiz zahoti ixtiyoringiz uchun berilgan erkinlikning vakolati tugaydi: siz ixtiyor qilib bo‘ldingiz, bundan buyog‘iga erkin emassiz, endi tanlagan narsangizga mos harakatni boshlashingiz kerak. Demak, ixtiyor erkinligi tanlanayotgan ikki narsa oralig‘idagi fikrlash mobaynidagina voqe bo‘ladigan hodisadir.
Tanlovning o‘zi esa ikki xil xohish o‘rtasidagi kurashdan iborat. Bu kurashda faqat bitta xohish - qaysinisi kuchli bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi: ham unisining, ham bunisining baravar tanlanishi mumkin emas. Ruhshunoslik nuqtai nazaridan tanlov hissiyotga asoslangan, qanday sabab orqali vujudga kelishi ahamiyatsiz bo‘lgan ruhiy omil. Etikadagi tanlov esa qadriyat bilan bog‘liq, aqlga asoslangan kategoriya. Birinchisi - bor narsa, ikkinchisi - bo‘lishi kerak deb hisoblangan narsa; birinchisi - mavjud omilni, ikkinchisi - idealni, me’yorni anglatadi. Shunday qilib, insondagi ixtiyor erkinligi zaruriyat talabi bilan oqilona, aqlga bo‘ysundirilgan ravishda, ideal va me’yorlarga mos tarzda cheklanadi.
Axloq haqida gap borganda, albatta uning muayyan tuzilmasi, unga asos bo‘lgan omillar, unsurlar to‘g‘risida to‘xtalmaslik mumkin emas. Axloq tuzilmasini, odatda, uch omil-asosdan iborat deb hisoblaydilar. Bular - axloqiy ong, axloqiy hissiyot va axloqiy xatti-harakatlar.
Dostları ilə paylaş: |