Nikoh - eng qadimgi axloqiy munosabat shakli. Oilaning psixologik, ijtimoiy-ma’naviy muhitining farzand tarbiyasiga ta’siri.
Oilani fuqarolik jamiyatining, davlatning eng muhim hujayrasi deyishadi. Сhunki, har bir jamiyat a’zosi, bo‘lajak fuqaroning tarbiyasi oiladan boshlanadi. Oila uch jihatni: o‘zining bevosita ko‘rinishi bo‘lmish nikohni; oilaviy mulk va anjomlar hamda ular haqidagi g‘amxo‘rlikni; bolalar tarbiyasini o‘z ichiga oladi.
Nikoh va muhabbat. Avvalo, nikoh haqida to‘xtalib o‘taylik. Qonunga binoan nikoh tuzish shartlaridan eng muhimlari - nikohga kiruvchilarning o‘zaro roziligi va ularning nikoh yoshiga yetganliklari. Bizda yigitlar uchun - 18, qizlar uchun - 17 nikoh yoshlari qilib belgilangan. Bu - masalaning huquqiy tomoni. Uning ikkinchi - axloqiy tomoni ham borki, u muhabbat bilan bog‘liq. Nikoh tuzishdan avval ikki yosh orasida goh ochiq sevgi - muntazam uchrashuvlar, ahdu paymonlar qilish yoki bir-birini yoqtirish hollari bo‘lishi mumkin. Har ikkala holda ham rozilik o‘zgarmas shart hisoblanadi. Ba’zan, qadimda Sharq xalqlarida, shu jumladan, o‘zbeklarda qizning yoki yigitning roziligisiz to‘y qilib yubora berishgan, ota-onalar kelishishsa - bas, degan fikrlami uchratadi kishi. Ayniqsa, bunday gaplar sho‘rolar davrida tinimsiz takrorlanar edi. Vaholanki, uni musulmonchilik inkor etadi. Rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom uylariga sovchi kelganida, qizlari Fotimadan doimo rozilik so‘raganlar va rad javobi olganlar. Faqat Hazrat Ali sovchi qo‘yganlarida, Bibi Fotima rozilik berganlar. Demak, farzandning roziligini olish bizga Payg‘ambarimizdan qolgan sunnat.
Hozirgi kunda ham ko‘pgina yoshlarimiz sovchi orqali turmush quradilar. Odatda sovchi kelib ketgach, yigit bilan qiz uchrashtiriladi, ikkalasi bir-birini ma’qul ko‘rsagina fotiha qilinib, to‘y taraddudi ko‘riladi. Juda ko‘p hollarda bunday yoshlar o‘rtasida keyinchalik haqiqiy muhabbat shakllanadi. Oilaning asosi bo‘lmish nikoh - ezgu maqsadga yo‘naltirilgan, zimmasiga zurriyot qoldirishdek yuksak mas’uliyat yuklangan sevgi, sevishning ijtimoiylashgan ko‘rinishi. Biroq sevgi-muhabbat faqat erkinlikda namoyon bo‘ladi. Shu jihatni nazarda tutadigan bo‘lsak, nikohni, ma’lum ma’noda, an’analar, urf-odatlar va e’tiqodlarga moslashtirilgan sevgining yashash sharti deyish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, nikoh zaruriyatga aylangan erkinlikdir. Shu bois nikohga kirayotgan har bir kimsa bundan buyon о‘z erkining boshqa bir erk bilan kelishib yashashini, ixtiyoriy tarzda cheklanib, nisbiylashgan holda mavjud bo‘lishini anglab yetmog‘i lozim. Bundan tashqari nikoh о‘z mohiyatiga ko‘ra axloqiy hodisa. Unda ehtiroslar axloqqa bo‘ysundiriladi. Oddiy birga yashashda esa tabiiy ehtiyojni qondirish birinchi o‘rinda turadi, nikohda u ikkinchi darajali mavqeni egallaydi. Keyingi paytlarda nikoh bilan muhabbatning о‘zaro chiqishmasligi haqida G‘arb mutafakkirlari tez-tez yozadigan bo‘lib qolganlar. Chunonchi, Erix Fromm, industrial jamiyatda muhabbat kamdan kam uchraydigan hodisa ekanini, nikohning asosida boshqa - moliyaviy, siyosiy, iqtisodiy sabablar yotishini ta’kidlaydi. Umuman, G‘arb olamida bunday hodisa anchadan buyon mavjud.
Oilaviy muhit. Oilaning mustahkam bo‘lishi, oila a’zolarining axloqiylik darajasi undagi muhitga bog‘liq. Qaysi oilada sog‘lom muhit, hukm sursa, uning ravnaqi, baxtliligi ta’minlangan bo‘ladi. Sog‘lom muhit deganda biz faqat oilada insonparvarlik, vatanparvarlik, ziyolilik, halollik, rostgo‘ylik kabi tamoyillar va me’yorlarga amal qilinishinigina emas, balki uning eskicha an’anaviylik yoki yangicha zamonaviyligini ham tushunishimiz lozim. Zero aynan ana shu ikki xil turmush tarzi oila kelajagi bilan bog‘liq. Eskicha an’anaviy oila kiyinishda, yeb-ichishda, kasb-u korda zamonaviy oiladan farq qilmaydi. U ham halol, hamma qatori zamonaviy sharoitda yashaydi. Faqat u o‘zining «o‘zbekchiligi», ajdodlarining an’anaviy ma’naviy qadriyatlarini «unutmagani» bilan faxrlanadi. Hamma gap shundaki, bunday oila asosiy kuchi va imkoniyatlaridan ana shu faxrlanish hissiga erishish uchun foydalanadi: an’anaviy o‘zbekona to‘y kechasida, nikoh bazmida artistlarga «gaplashilgan» va «qistirilgan» millionlar hisobiga bemalol bitta bolalar bog‘chasi qursa bo‘ladi. Ayniqsa og‘zini qimirlatib turish bilan (fonogramma orqali) harom pul topayotgan «artist»larning qudag‘aylarni (ayol qudalarni) raqsga tushishga da’vat qilishini borib turgan odobsizlik: ortiqcha pul yig‘ib berish uchun bechora qaynonalar yangi kelin va kuyov oldida o‘yinga tushadilar.
An’anaviy to‘ylar isrofgarchilik namunasi, muayyan ma’noda axloqsizlikning bir ko‘rinishiga aylanib ketganini tan olish kerak.
Oilaviy mulk, farzand tarbiyasi va oilaning tarqalishi. Oilaning yana bir jihati - uning o‘z mulkiga egaligi. Agar nikoh oilaning botiniy ko‘rinishi bo‘lsa, oilaviy mulkni uning tashqi ko‘rinishi deyish mumkin. Oilaning mavjud bo‘lishi uchun ishlab topiladigan mablag‘ ham zarur. Oila uchun topiladigan ana shu mablag‘, shubhasiz, axloqiy tabiatga ega: oila boshlig‘i oila a’zolarini halol yedirib-ichirishi, kiydirishi lozim. Oilani odatda erkak kishi boshqaradi. U nafaqat «topib keladi», balki oilaviy mulkka xo‘jayinchilik qilish, uni taqsimlash huquqiga ham ega.
Yuqorida aytganimizdek, nikoh ezgu maqsadga yo‘naltirilgan, zimmasiga zurriyot qoldirishdek yuksak mas’uliyat yuklangan, axloq bilan chegaralangan qo‘shiluv, birlashuv; bu birlashuvdan maqsad - hayotda o‘zlaridan yaxshiroq, mukammalroq bo‘lgan, o‘zlari erisha olmagan orzularni ro‘yobga chiqaradigan odam nusxalarini yaratish. Bunday odamlar farzandlardir.
Oila tarqalishi ham mumkin. Buning turli sabablari bor. Biri - oilaning axloqiylik nuqtayi nazaridan tarqalishi. Bunda bolalar balog‘atga yetgach, erkin shaxs sifatida yangi oilaga asos bo‘lishlari - o‘g‘il bolalarning uylantirilishi, qizlarning turmushga uzatilishi nazarda tutiladi. Uylantirilgan o‘g‘illarga ham, turmushga uzatilgan qizlarga ham yangi oila qurish va uni moddiy jihatdan dastlabki paytlarda muhtojlikdan saqlab turish uchun yetarli bo‘lgan uy-ro‘zg‘or ashyolari ajratiladi. Shuningdek, oilaning tabiiy tarqalishi ham mavjud. Unda ota-onanmg yoki otaning vafoti tufayli oila mulkining meros tarzida bir yoki bir necha farzandga o‘tishi munosabati bilan oila tarqalishi mumkin. Bundan tashqari, nikoh bekor qilinishi munosabati bilan oila tarqaladi.
Aslida nikoh ham diniy, ham dunyoviy nuqtayi nazardan buzilmasligi kerak. Lekin o‘rtada xiyonat sodir bo‘lishi yoki yana boshqa xil sabablar tufayli nikohni faqat axloqiy obro‘ga ega, qonun bilan tan olingan idoralar, masalan, sud bekor qilishi mumkin, zero, u, aytganimizdek, axloqiy hodisa. Har bir jamiyat mana shu so’nggi turdagi oila tarqalishiga qarshi kurashadi. Bunday oila buzilishi qancha kamaysa, u o‘sha jamiyatning axloqiy jihatdan takomillashib borayotganini anglatadi.
Dostları ilə paylaş: |