Yulduzli chiroqchalar
Chaqaloq dunyoga kelganida, ota-onalar mittigina moʻjizasiga oʻzlarining
koinotlaridan bir parcha hadya etadi. Keyinchalik ushbu koinot kengayishi yoki torayishi
esa ota-onalarning tarbiyasiga, ularning tarbiyalari uchun qoʻshgan modda-yu,
antimoddasiga bogʻliq boʻladi.
Yoshligimdan yulduzlarni yaxshi koʻrardim. Ayniqsa buvimning uyi osmonida
koʻrinib turadiganlarini sevardim. Xuddiki kimdir osmonda olmoslarni sochib
yuborganday. Naqadar yorugʻ, toza, yuvosh. Aslida esa doimo kengayib boradigan
koinotning yetarlicha xatarli qimschalari.
Besh yoshga toʻlganimda, onamga bagʻishlangan shaxsiy koinotim boʻlishini xohlab
qolgandim. Otam meni oʻyinchoqlar doʻkoniga olib borib soʻradilar:
– Xoʻsh qizalogʻim, tugʻilgan kuningga nima istaysan?
– Yulduzli chiroqchalarni.
Shunday qilib deyarli butun shahardan izlab, nihoyat chiroqchalarni topgandik. Men
hattoki keyingi doʻkonga borgunga qadar mashinada uxlab ham qolgandim.
Mendan bahtiyor bola yoʻq edi. Menda yigirma dona yulduzli chiroqchalar bor edi.
Bolalar baxtli boʻlishi uchun koʻp narsa kerak emas aslida. Menga bor yoʻgʻi
chiroqchalar kerak edi. Onam ularni karavotim ustiga ilib berdilar va ular qorongʻuda
charaqlab turardi. Mening ham endi oʻz koinotim bor. Ajoyib, charaqlab turadigan, yangi
va oʻzimga oʻxshagan mittigina koionot.
Qora tuynuklar, meteorit-u kosmik changlarsiz, ajoyib koinot. Xayolimda turli
sayyoralarni yaratar edim. Sayyoralardan birining nomi “Oyijonim” edi. Besh yoshli
qizaloq uchun juda mos nom. Bu sayyorada hamma bir-birini yaxshi koʻrardi, onalar
qizlarining sochlariga tasmachalar boylab qoʻyishadi, otalar ularni quchoqlashadi.
Shunchaki hamma baxtli.
Hammasi oddiy. Shunchaki, besh yoshli qizaloq muhabbat yonida nafrat ham
yashashi mumkinlini mutlaqo bilmas edi. Inchunin muhabbat naqadar ajoyib tuygʻuki,
insonni hattoki soʻqir qilib qoʻyadi. Ammo, u oʻtkinchi. Sevgi – oʻtkinchi. Afsuski, uni
saqlab qolish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Sevgi tugaganda esa, nafrat
keladi.