Reja: Ilmiy ishlarning turlari: ilmiy-tadqiqiy, ilmiy-ommabop va ilmiy-uslubiy ishlar.
O‘quv-uslubiy adabiyotlar va ularning turlari: bosma va elektron o‘quv adabiyotlari.
O‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish tamoyillari va ularga qo‘yiladigan talablar.
Ilmiy ishlar 3 turga bo‘linadi (o‘rganiladigan obyektiga qarab): ilmiy-tadqiqiy, ilmiy-ommabop, va ilmiy-uslubiy turlarga bo‘linadi. Ular hajm jihatdan farq qiladi, lekin ularni birlashtirib turadigan jihati shundaki, ular ilmiy uslubda yoziladi. Maqola eng kichik ilmiy asardir, biroq u ham hajmi jihatidan yirik, 20, 30, 40 bet, ba’zida undan ko‘p sahifadan iborat bo‘lishi ham mumkin. Mazmun jihatidan esa zamonaviy tilshunoslikning ko‘plab yirik muammolari aynan maqolalarda ifodalanadi. Maqolalar ikki xil bo‘ladi: ilmiy maqolalar va ilmiy-ommabop maqolalar.Ilmiy maqolalar maxsus to‘plamlarda yoki jurnallarda chop etiladi, ularda olib borilayotgan tadqiqot ishlari natijalari bayon etiladi, kashfiyotlar ilm ahliga ma’lum qilinadi. Ilmiy maqolalar muayyan fan sohasiga taalluqli bo‘lib, ularda sohaviy atamalar, terminlar, formulalar, raqamlar, ilmiy adabiyotlarga havolalar ko‘p ishlatiladi. Ilmiy maqolalar ham o‘z ichida ilmiy-nazariy va ilmiy-metodik maqolalar turlariga bo‘linadi. Har bir ilmiy maqolada muayyan muammo o‘rtaga tashlangan bo‘lishi va uni bartaraf qilish yo‘llari, qaysi ilmiy manbalardan foydalanilganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Ilmiy-ommabop maqolalar esa ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy masalalarda yoziladi va ommabop jurnallar, gazetalarda chop etiladi.Ularning bosh maqola, ocherk, xabar, felyeton, reklama kabi turlari bor. Ilmiy ommabop maqolalarning eng xarakterli xususiyati– ommaga ta’sir qilish, xalqni o‘ziga jalb qilishdir, shu bois ular ilmiy-ommabop uslubda yoziladi.
Annotatsiya (sharh) - ilmiy maqola yoki ilmiy asar matnining maksimal darajadagi qisqartirilgan (5-6 ta gapdan iborat) bayonidir. Odatda, bu umumlashtirish, konseptual emas, sanab o‘tish xarakteriga ega. Barcha axborot janrlari ichida annotatsiya eng obyektividir. Annotatsiyada odatda, ish qanday mavzuga bag‘ishlanganligi tadqiqotning qanday uslublaridan foydalanilganligi, buning uchun qanday til materiallari jalb etilganligi va tadqiqotning adresati kim ekanligi ko‘rsatiladi. Ayrim hollarda annotatsiya bir necha tilda bayon etilishi ham mumkin.
Tezis - ilmiy maqola yoki konferensiyalar uchun taqdim qilinadigan ilmiy ma’ruzaning qisqa asosiy mazmuni aks ettirilgan ilmiy ish turi bo‘lib, uning hajmi annotatsiyadan kattaroq, biroq ilmiy maqoladan kichik bo‘ladi (taxminan 1 betdan 3-4 betgacha). Tezislar, odatda, nashr va konferensiya talablari asosida bir necha tillarda beriladi. Uni ilmiy asarga beriladigan tanqidiy baho, tanqidiy talqin aks etgan taqriz bilan chalkashtirmaslik kerak.
Taqriz – tadqiqot ishi, darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalarga beriladigan taqidiy baho bo‘lib, unda mazkur ishning dolzarbligi va zarurati, ishning mazmuni me’yoriy hujjatlar talablariga mosligi, muallif erishgan yutuqlar, qo‘llangan yangi metodlar va texnologiyalar, ishning rasmiylashtirilishi va savodxonlik darajasi tahlil qilinadi, Bunda, albatta, taqrizchi shu soha mutaxassisi bo‘lishi va subyektivlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Referat – mavjud matn yoki bir qancha matnlarni izohlovchi shakllaridan biri sanaladi. Shu boisdan, konspektdan farqli o‘laroq, referat yangi, muallif matn sanaladi. Ushbu holatda yangilik yangicha taqdim etish, materiallarni tartiblashtirish, har xil nuqtai nazarlarni o‘zaro solishtirishda alohida mualliflik yondashuvi tushuniladi. Shunday qilib, referatlashtirish o‘zida bir yoki bir qancha manbalarni turlashtirish, umumlashtirish, tahlil va sintez qilishga asoslanib ma’lum bir savolni ifoda etishni mujassam etadi. Demak, referat– har xil nuqtai nazarlarni o‘zaro solishtirish va tahlil qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lishni talab etadigan bir yoki bir qancha manbalarni o‘zida mujassam etadigan g‘oyalarning qisqacha yozma ko‘rinishdagi taqdimotidir.
Ilmiy ma’ruza konferensiya, simpozium, seminarlarga taqdim etiladigan ilmiy asardir. Ilmiy ma’ruzada tadqiqotchi tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida asoslangan ilmiy-nazariy xulosalar, kashf etilgan ilmiy yangiliklar, tajriba-sinov natijalari bayon etiladi. Odatda, u o‘qiladigan og‘zaki variant va olimlarning mazkur uchrashuvi materiallarini o‘z ichiga olgan maxsus to‘plamda nashr etiladigan yozma variantga ega. Ko‘p hollarda to‘plamlarga ilmiy ma’ruzaning tezisi beriladi, ma’ruzaning o‘zi esa slaydlar to‘plamidan iborat bo‘ladi. Risola hajmi bo‘yicha u kichik kitob va yirik maqola o‘rtasidagi asar bo‘lib, u alohida nashr ko‘rinishida chop etiladi.
Risola keng ommaga mo‘ljallangani uchun ilmiy ommabop asarlar sirasiga kiradi, shuning uchun unda murakkab ilmiy tushunchalar, terminlar kamroq qo‘llanadi. Monografiya hajmi bo‘yicha eng yirik hisoblanadigan ilmiy-tadqiqiy asar bo‘lib, bir muallif yoki tadqiqotchilar guruhi tomonidan biron-bir muammoni fundamental tarzda tadqiq etilishi jarayonining natijasidir. U alohida kitob tarzida nashr etiladi. Monografik turdagi tadqiqotlar qatoriga o‘rganilayotgan muammo xarakteri va batafsilligi bo‘yicha fan nomzodi yoki fan doktori ilmiy darajasiga talabgorlikka yozilgan dissertatsiyani ham kiritish mumkin.
Dissertatsiya muayyan fan yo‘nalishida olib borilgan tugallangan tadqiqot ishi hisoblanadi. Dissertatsiyalar tadqiqot ko‘lami va bajarilgan ish natijasi ko‘lamiga ko‘ra muayyan fan sohasi doktori ilmiy darajasini beruvchi DSc, falsafa doktori ilmiy darajasini beruvchi PHD, magistr ilmiy darajasini beruvchi magistrlik dissertatsiyalari turlariga bo‘linadi. Monografiyalardan farqli o‘laroq na nomzodlik, na doktorlik dissertatsiyasi maxsus kitob sifatida nashr etilmaydi, u faqatgina qo‘lyozma, ya’ni kompyuterda terilgan variantdagina taqdim etiladi. Ammo har bir dissertatsiya asosida uning muallifi alohida matnni yaratadi. Uning hajmi kichik broshyuraga teng bo‘ladi. Bu matn dissertatsiyaning avtoreferati deb nomlanib, ma’lum sxema bo‘yicha dissertatsiya mazmunining qisqa bayonidir. Dissertasiyaning to‘liq matni bilan dissertatsiya himoyasi bo‘layotgan muassasaning kutubxonasi, milliy kutubxona va ba’zi bir boshqa kutubxonalarda tanishish mumkin. Avtoreferatlar dissertatsiyaning himoyasidan oldin mazkur muammo bo‘yicha adabiyotlar mavjud bo‘lgan barcha kutubxonalarga hamda o‘xshash yoki yaqin muammolar bilan shug‘ullanadigan muassasalarning kutubxonalariga yuboriladi. Bundan tashqari dissertatsiya tadqiqoti mazmunining eng ahamiyatli aspektlari odatda, mazkur muallifning joriy nashrlari (maqola, ma’ruza)da o‘z aksini topadi.
Ilmiy-uslubiy ishlar ta’lim jarayonining o‘quv-uslubiy ta’minotini tashkil etuvchi o‘quv dasturlari, o‘quv-uslubiy va uslubiy-metodik adabiyotlardan iborat bo‘lib, ular ilmiy- nazariy va ilmiy-uslubiy izlanishlarning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga kelgan janr o‘quv- uslubiy janrdir. Ularga mansub matnlar ilmiy-nazariy tadqiqotlardan olingan natijalar ilmiy- uslubiy tadqiqotlar asosidagi o‘qish jarayoniga kiritilishi uchun mo‘ljallangandir. O‘quv- uslubiy adabiyotlari bosma – nashr qilingan va elektron adabiyotlar turlariga bo‘linadi. O‘quv-uslubiy adabiyotlarning eng keng qo‘llanadigan turlari darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, o‘quv-metodik adabiyotlar, lug‘atlar, mashq to‘plamlari, xrestomatiyalardir. DTS ta’lim mazmuni shakllari, vositalari, usullari va ularning sifatini baholash tartibini belgilaydi. Ta’lim mazmunini o‘zagi hisoblangan standart vositasida, mamlakat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan turli ta’lim muassasalarida (davlat va nodavlat) ta’limning barqaror darajasini ta’minlash sharti amalga oshiriladi. DTS o‘z mohiyatiga ko‘ra o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, nizomlar, o‘quv rejasi va boshqa me’yoriy hujjatlarni yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.