3-mavzu. Internetdagi tadbirkorlik va biznes imkoniyatlari.
2000 dan ortiq o‘zbekistonlik tadbirkor o‘z bizneslarini internet orqali ro‘yxatdan o‘tkazdi
2017 yilning 1 aprelidan boshlab O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani 30 daqiqada olishga imkon beruvchi, biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan noyob milliy tizimi ishga tushirildi. Yangi tizim ishga tushirilganidan boshlab bir oy mobaynida uning yordamida 21 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yekti ro‘yxatdan o‘tkazilgan, shundan 7,5 foizi onlayn tarzda. Bu haqda Kun.uz'ga BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Halqaro tadqiqotlar biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish shartlarini soddalashtirish iqtisodiy o‘sish va bandlikni oshirishini e'tirof etadi. Bu ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlari pasaytirilgan taqdirda bozorga ko‘proq firmalarning kirib kelishi, ko‘p sonli firmalarning saqlanib qolishi va o‘sishi, yangi firmalar raqobatni shakllantirishi bilan bog‘liqdir, pirovard natijada ishlab chiqarish samaradorligining oshishi va bozorda mavjud bo‘lgan firmalarga investitsiyalarni o‘sishiga olib keladi.
Real vaqt rejimida biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmining joriy etilishi davlat xizmati ko‘rsatilishining erkinligi, oshkoraligi va sifatini ta'minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekiston Biznes forumi (III-bosqich)» loyihasi ko‘magida respublikada birinchi marotaba to‘la-to‘kis tranzaksiyalangan davlat xizmati joriy qilinganligini alohida ta'kidlab o‘tish lozim. Yangi tartib faoliyati o‘laroq tartibotlar soni sezilarli darajada qisqartirildi, vaqt va moliyaviy sarflar kamaytirildi.
Bugungi kunda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishda taqdim etiladigan hujjatlar soni 6 tadan amalda 1 tagacha qisqartirildi, ya'ni faqat ariza talab qilinadi va unda ko‘rsatilgan ma'lumotlardan ta'sis hujjatlari generatsiya qilinadi (topshirish-qabul qilish dalolatnomasi va taqsimlash balansi taqdim etilishi lozim bo‘lgan qo‘shib yuborish, birlashtirish, ajratib chiqarish hamda bo‘lish holatlari bundan mustasno). Yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) uchun zarur bo‘lgan hujjatlar soni 7 tadan 1 tagacha qisqartirildi, ya'ni faqatgin ariza taqdim etish lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, biznesni Internet orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish shaxsan kelgan holda ro‘yxatdan o‘tkazishga nisbatan bir qator ustunliklarga ega.
• Birinchidan, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qoladi, natijada arizachilarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazishga davlat bojini to‘lash uchun bank kassasiga shaxsan tashrif buyurish zaruriyatidan xalos etadi, bu esa arizachilarning bilvosita sarf-xarajatlarini kamaytiradi.
• Ikkinchidan, hujjatlar Internet orqali onlayn topshirilganda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, shu jumladan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojlari stavkalari shaxsan tashrif buyurgan holatga nisbatan ikki barobar kam qilib belgilangan.
• Uchinchidan, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va topshirishni arizachi uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtda boshlash, to‘xtatib turish yoki qaytadan boshlash mumkin bo‘ladi.
Onlayn xizmat ishlashni boshlagan bir oylik muddatda 1000 dan ortiq yuridik shaxslar va 1200 dan ortiq YaTTlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Yuridik shaxs tashkil etgan holda biznesni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish xizmati Toshkent shahri, Toshkent va Jizzax viloyati arizachilari orasida ko‘proq talabga ega bo‘lgan. Yuridik shaxs tashkil etmagan holda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatiga onlayn arizalar ko‘proq Toshkent viloyati, Toshkent shahri va Namangan viloyati tadbirkorlaridan kelib tushgan. Shu bilan birga, 92,5 foiz arizachilar biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishga arizalar topshirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishga nisbatan «yagona darcha» markazlariga shaxsan tashrif buyurishni afzal ko‘rdilar.
«O‘zbekiston Biznes forumi (III-bosqich)» loyihasi ekspertlari ushbu davlat xizmatini kelgusida yanada yaxshilashning sezilarli salohiyati mavjud deb hisoblaydilar. Xususan, bir qator horijiy davlatlar (Sloveniya, Makedoniya, Qozog‘iston) tajribasidan kelib chiqib, mas'uliyati cheklangan jamiyatlar (MChJ) faqatgina Internet orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda mulkchilik shakli va faoliyat turidan qat'iy nazar MChJlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat bojlari to‘lovini butunlay bekor qilish imkonini o‘rganib chiqish taklif etiladi. Ushbu tashkiliy-huquqiy shakl qonun hujjatlaridagi majburiy talablar soni ozligi sababli tadbirkorlik sub'yektlari orasida nisbatan ommabop bo‘lib hisoblanadi. Demak, joriy yilning 1 yanvaridan 1 mayiga qadar respublikada 11 mingdan ortiq MChJ ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Ikkinchidan, bugunning o‘zida respublika fuqarolariga bank hisobvaraqlarini masofadan ochib berish uchun imkoniyatlarni shakllantirish borasida o‘rganish va munozaralarni boshlash mumkin.
Biznesni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish tizimidan nisbatan kam foydalanilayotganligining sabablaridan biri elektron raqamli imzo (ERI) voitasi yordamida Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida bir martalik identifikatsiyalash va autentifikatsiyalash zarurligi bo‘lib hisoblanadi. Autentifikatsiyalash kelgusida boshqa xizmatlardan foydalanishga imkon beradi, lekin buning uchun ERI olish uchun soliq inspeksiyasiga murojaat qilish zarur bo‘ladi. Shu sababli, loyiha ekspertlari fikriga ko‘ra O‘zbekiston fuqarolik pasporti bilan bir vaqtda berilishi taklif etilayotgan shaxsni identifikatsiyalash kartasini (ID-karta) muomalaga kiritish zarur. ID-kartalar Internet orqali istalgan davlat xizmatini olish va masofadan foydalanish, arizalar hamda hujjatlarni real vaqt rejimida imzolashga imkon beradi.
Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir onlayn xizmatni aholi orasida nisbatan global miqyosda ommalashtirish uchun arizachilar kompyuter savodxonligi darajasini oshirish muhimdir, chunki kompyuterni bilmaslik ularning imkoniyatlarini cheklab qo‘yishi mumkin. Tadbirkorlar tomonidan amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, o‘z faoliyatida muhrlar va shtamplardan foydalanmaslikka doir huquqlaridan foydalanmasliklarini ham ta'kidlash lozim. Xususan, 2015 yil 20 avgustdagi O‘RQ–391-sonli qonun bilan kichik biznes sub'yektlari uchun muhrlar va shtamplarni majburiy tayyorlatish to‘g‘risidagi talab bekor qilingan.
Bundan tashqari, ishlab chiqilgan mexanizm imkoniyatlari va mazkur sohadagi huquqiy savodxonligini oshirish to‘g‘risida aholini (shu jumladan hududlardagi) yanada faolroq xabardor qilish zarur. Shu sababli, loyiha ekspertlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini huquqiy qo‘llash amaliyotni yanada yaxshilashga ko‘maklashuvchi sharh tayyorlandi.
Dostları ilə paylaş: |