3-Mavzu: Shaxsning rivojlanishi, tarbiyasi va ijtimoiylashuvi Reja Individ va shaxs tushunchasi
Shaxs rivojlanishining ijtimoiylashuvi bilan aloqadorligi.
Shaxs rivojlanishida irsiyat, muhit vatarbiyaning tutgan o‟rni.
Shaxs rivojlanishining yosh va psixologik xususiyatlari.
“Individ” va “Shaxs” tushunchasi
Shaxs tushunchasi insonga taalluqli bo’lib, psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi, muayyan xulq-atvor va dunyoqarashga ega bo’lgan jamiyatning a‟zosini ifodalashga xizmat qiladi. Odam shaxs bo’lishi uchun psixik jihatdan rivojlanishi, o’zini yaxlit inson sifatida his etishi, o’z xususiyatlari va sifatlari bilan boshqalardan farq qilmog’i kerak.
O’z mehnati tufayli inson psixikasi takomillashib xayvonlar psixikasidan tobora uzoqlashmoqda, va bunga sabab bo’layotgan omillar bu uning jamiyatda bo’lishligi, odamldar bilan birgalikdagi faoliyati, ular bilan turli munosabatlarga kirishishi, uning dunyoqarashini shakllanishidir va shu bilan birga u jamiyatning faol a‟zosi shaxs bo’lib shakllanishidir.
Shaxs tushunchasiga ta‟rif berishimizdan avval biz, insonning shaxs bo‟lib yetishmaganlidan avvalgi jarayonni kuzatib undagi hali to’liq yoki bo’lmasa mutlaqo hali Shakllanmagan tomonlarini, ya‟ni sifat va xususiyatlarini nazarda tutishimiz mumkin. Ya‟ni hali shakllanmagan shaxs psixologiyada individ nomi bilan yuritiladi. “Individ” tushunchasida kishining nasl-nasabi ham mujassamlashgandir. Yangi tug’ilggan chaqaloqni ham, katta yoshdagi odamni ham, mutafakkirni ham, aqli zaif ovsarni ham, yovvoyilik bosqichidagi qabilaning vakilini ham, madaniyatli mamlakatda yashayotgan yuksak bilimli kishini ham individ deb hisoblash mumkin. Biron-bir kishini biz individ deb ataganda biz juda ko’p narsalarni aytgan bo’lamiz. Aslini olganda, bu bilan uning potensial ravishda inson ekanligi aytilgandir. Uning bundan keyingi va hatto juda ham umumiy tarzdagi ta‟rifi fazilatlarining bayon etilishi va izohlanishi taqozo qiladi. Bunday fazilatlarsiz u faqat boshqalarga o’xshamaydigan emas, balki ular kabi harakat qilmaydigan, fikrlamaydigan, iztirob ham chekmaydigan, jamiyat a‟zosi sifatida, tarixiy jarayonning ishtirokchisi sifatida ijtimoiy aloqalarga jalb ham etilmagan real kishi emas, balki demografik ma‟lumotnomalardagi jonsiz birlik holida qoladi xolos. Individ sifatida dunyoga kelgan kishi alohida ijtimoiy fazitlat kashf etadi, Shaxs bo’lib yetishadi. Individ hali bolaligidayoq tarixan tarkib topgan ijtimoiy munosabatlar tizimiga jalb etiladi. U bu tizimni allaqachon tayyor holda uchratadi. Kishining jamiyatdagi bundan keyingi rivojlanishi munosabatlarining shu qadar chigalliklarini vujudga keltiradiki, bu hol uni shaxs sifatida shakllantiradi.
Individ tomonidan amaliy faoliyat va munosabat jarayonida hosil qilinadigan hamda ijtimoiy munosabatlarning individga ta‟sir o’tkazish darajasi va sifatini belgilaydigan muntazam tarzdagi ijtimoiy fazilat shaxs tushunchasi bilan ifoda etiladi.
“Individ” va “Shaxs” tushunchalarining o’xshashligi emas, balki birligi haqidagi fikr quyidagicha tarzda o’rtaga qo’yilishi mumkin bo’lgan savolga javob berilishini taqozo qiladi: Shaxs bo’lib hisoblanmagan individning mavjud bo’lishi yoki aksincha individning konkret sohibi sifatida undan tashqarida va usiz mavjud bo’lish fakti ko’rsatilishi mumkinmi? Taxminiy tarzda fikr yuritilgan taqdirda unisi ham va bunisi ham bo’lishi mumkin. Agar kishilik jamiyatidan tashqarida voyaga yetgan individni hayolan tasavvur qilinadigan bo’lsa, bu holda u birinchi bor odamlarga duch kelib, biologik jonzotga xos individual xususiyatlardan bo’lak hech qanday, yuqorida aytilganidek, kelib chiqishi jihatidan hamisha ijtimoiytarixiy xarakter kasb etadigan shaxsiy fazilatlarga ega ekanligini namoyon qila olmaydi balki tevarak-atrofdagi odamlar mabodo uni birgalikdagi faoliyat va munosabat jarayoniga “torta olishgan” taqdirda ularning paydo bo’lishi uchun zarur tabiiy shart-sharoitlargagina ega bo’ladi. Hayvonlar orasida tarbiyalangan bolalar tajribasini o’rganish bu vazifani amalga oshirishning g’oyat darajada murakkabligidan dalolat beradi. Qarshimizda hali shaxs sifatida kamolatga erishmagan individ bo’ladi. Real individni gavdalantirmaydigan shaxsning paydo bo’lish imkoniyatlari mavjudligi muayyan istisnolar bilan tan olinishi ham mumkin. Har bir kishining shaxsi uning individualligini vujudga keltiradigan hislatlar va fazilatlarning faqat unga xos birikuvidan tarkib topgandir. Individuallik – kishining o’ziga xosligini, uning boshqa odamlardan farqini aks ettiruvchi psixologik fazilatlar birikmasidir.
Individuallik temperament va xarakter xususiyatlarda, odatlarda, ustun darajadagi qiziqishlarda, bilish jarayonlariga oid fazilatlar (idrok, xotira, tafakkur, tasavvur) da qobiliyatlarda, faoliyatning shaxsga xos uslubda va hokazolarda namoyon bo’ladi. Zikr etilgan psixologik xususiyatlarning bir xildagi birikmasini o’zida mujassamlashtirgan odam yo’q – inson shaxsi o’z individualligi jhatidan betakrordir.
Shaxs – alohida kishi, ijtimoiy-axloqiy mohiyatni o‟zida mujassamlashtirgan individ. Shaxs – biofiziologik, ijtimoiy, ma‟naviy, axloqiy va estetik fazilat va xislatlarning yaxlit bir butunlikka aylanishi hamda munosabatlar tizimi bilan qamrab olinishidir. Shaxsning shakllanishida quyidagi omillar qatnashadi: 1) biologik (nasl); 2) tabiiy muhit; 3) madaniy muhit; 4) ijtimoiy tajriba; 5) odamlar bilan munosabat1.
Shaxsning tuzilishi. Birinchi navbatda, shaxsning individualligini ko’rsatadigan va faqat ehtirosda, ichki qiyofada, qobiliyatlarda va hokazolarda ancha keng ifodalanadigan fazilatlari va umumiy tuzilishinigina emas, balki shaxsning rivojlanish darajasi har xil bo’lgan guruhlarda, ana Shu guruh uchun yetakchi hisoblangan faoliyat orqali ifodalanadigan individlararo munosabatlarda o’zini namoyon etishini ham qo’shish shart.
Inson shaxs sifatida shakllanishining asosi bu uning faoliyatidir. Insonni yashashining, ijtimoiy mavjudod sifatida rivojlanishining belgilovchi sharoiti bo’lib, har xil faoliyat turlarining majmui bo’ladi. Faoliyatni o’zlashtirish va uning murakkablashuvi inson psixikasini rivojlanishining asosiy sharoiti bo’ladi. Shuning uchun tarbiyaviy masalalarni yechish inson faoliyatlarining bir biriga buysunuvchanligi qonuniyatlariga, ularning dinamikasiga tayanishi kerak.
Tarbiyaviy ta‟sirlarni tuzishda bola jalb etilgan har xil faoliyat turlarining xarakterini va xususiyatlarini, ularning mohiyatini, hajmini va mazmunini inobatga olish kerak.