Ustav kapitali (jamg‘armasi)ni hisobga oluvchi schotlarning (8300) bog‘lanishi
Ustav kapitali (jamg‘armasi)ni hisobga oluvchi schotlar korxona ustav kapitalining holati va harakati to‘g‘risidagi axborotni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan.
Hisob quyidagi schotlarda amalga oshiriladi:
8310 "Oddiy aksiyalar";
8320 "Imtiyozli aksiyalar";
8330 "Pay va ulushlar".
Ustav kapitali - bu ta’sis hujjatida belgilangan doiradagi faoliyatni ta’minlash uchun ta’sischilarning (ishtirokchilarning) korxonani barpo etishda uning mulkiga qo‘ygan hissalari (ulushlari, aksiyalar nominal qiymatida va hokazolar)ning pul ifodasidagi yig‘indisidir. Ustav kapitalini shakllantirish jarayoni korxona tashkiliy-huquqiy shakliga muvofiq ravishda ta’sis hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi tomonidan tartibga solinadi.
Ustav kapitali schoti bo‘yicha saldo uning ta’sis hujjatlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hajmiga muvofiq bo‘lishi lozim. Korxona ustav kapitalining har qanday ko‘payishi yoki kamayishi faqat ta’sischilarning qarori asosida ta’sis hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandan keyingina amalga oshirilishi mumkin.
Aksiyadorlik jamiyatlarida aksiyadorlik kapitali holati va harakati to‘g‘risidagi axborot oddiy aksiyalar bo‘yicha 8310 "Oddiy aksiyalar" schotida, imtiyozli aksiyalar esa - 8320 "Imtiyozli aksiyalar" schotida shakllantiriladi. Agar korxona aksiyadorlik jamiyatidan farqlanadigan boshqa tashkiliy-huquqiy shaklda (mas’uliyati cheklangan jamiyat, qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat, xususiy korxona, davlat korxonasi va hokazolar) tashkil etilgan taqdirda, ustav kapitalining miqdori 8330 "Pay va ulushlar" schotida ro‘yxatga olinadi.
O‘zbekiston Respublikasining "Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida"gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, jamiyat ishtirokchilari jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan paytga qadar har bir ishtirokchi o‘zining jamiyat ustav jamg‘armasi (kapitali)da ta’sis hujjatlari bilan qayd etilgan ulushining kamida 30 %ini kiritishga majbur, jamiyat ishtirokchilari o‘z badallarining qolgan qismini ta’sis hujjatlari bilan belgilangan muddatlarda kiritishlari mumkin va ushbu muddat jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmasligi lozim. Jamiyat ishtirokchisi tomonidan to‘liq badal kiritilganligi jamiyat ishtirokchisiga beriladigan guvohnoma bilan tasdiqlanadi.