8-sinf “Odam va uning salomatligi” darsligi asosida. 2014
Ma’lumki, odamning hayoti doim tashqi muhit bilan chambarchas bog‘langan. Tashqi muhitning har xil omillari odamga doimo ta’sir ko‘rsatib turadi. Ayniqsa, atrof-muhitning noqulay ta’siriga (issiq, sovuq, namlik, bosim kabilarga) organizmni chiniqtirish odamning sog‘lom bo‘lishiga, ish qobiliyatining ortishiga olib keladi.
Kundalik hayotda odam organizmini issiq-sovuq ta’siriga chiniqtirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, sovuq havoga, suvga chiniqtirish har xil shamollash kasalliklarining oldini olishga imkon beradi. Organizmni chiniqtirishda quyidagi gigiyena qoidalariga amal qilish lozim:
Chiniqtirishni asta-sekinlik bilan boshlash kerak. Sovuqhavoda yoki sovuq suv ta’sirida chiniqtirilganda ularning harorati avval 25°C bo‘lib, har ikki-uch kunda +1°C ga pasaytirib boriladi va +10 —8°C gacha yetkaziladi.
Chiniqtirishning izchillik prinsipi shundan iboratki, organizmga ta’sir etayotgan chiniqtiruvchi omil (havo va suv) uzluksiz har kuni yoki kunora takrorlanishi zarur.
Chiniqtirishda har qaysi odam organizmining individual xususiyatlari, ya’ni yoshi, jismoniy rivojlanganligi, sog‘lomligi e’tiborga olinishi kerak.
Chiniqtirishda o‘z-o‘zini nazorat qilish zarur, ya’ni chiniqayotgan odam muntazam ravishda o‘z kayfiyati, ishtahasi, uyqusi va ish qobiliyati qanday o‘zgarayotganini kuzatib borishi lozim.
Chiniqtirish turlari. Kundalik hayotda havoda, quyoshda, ko‘proq suvda chiniqtirish qo‘llaniladi.
Suvda chiniqtirish. Suv odam organizmiga harorati, tarkibida erigan kimyoviy moddalar bilan hamda mexanik ta’sir ko‘rsatadi. Suvda chiniqtirish oldiniga mahalliy, so‘ngra umumiy bo‘ladi. Mahalliy chiniqtirishda tananing ayrim sohalari har xil haroratdagi suvda chiniqtiriladi. Umumiy chiniqtirish tananing ustidan har xil haroratdagi suv quyish, dush qabul qilish yoki suv manbalarida (hovuz, ariq, kanal, suv havzasida) cho‘milishdan iborat.
Donishmand xalqimiz teri sog‘liq oynasi deydi. Uning funksiyalari normal o‘tishi uchun teri doim toza bo‘lishi zarur. Terini toza saqlash odam madaniyatining asosiy ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi:
— bolani yoshligidan qo‘l yuvishga o‘rgatish lozim. Qo‘lni ovqatlanishdan oldin albatta yuvish kerak;
— yuz, bo‘yin sohalarini har kuni ikki marta — ertalab va kechqurun uxlash oldidan yuvish lozim;
— haftada 1—2 marta hammomga tushish yoki issiq dush qabul qilish lozim. Cho‘milganda o‘quvchilar maxsus, „Bolalar“ sovunidan foydalanganlari ma’qul, chunki uning tarkibidagi lanolin moddasi terini yumshatadi, undagi bor kislota teridagi mikroblarni yo‘qotadi.
Kiyim va poyabzalga bo‘lgan gigiyena talablari. Odamning kiyimi va poyabzali yil fasliga mos bo‘lib, havoni yaxshi o‘tkazadigan bo‘lishi kerak. Sintetik materiallardan tikilgan kiyim, rezinadan tayyorlangan poyabzallar havo o‘tkazmaydi. Shuning uchun ter bezlaridan ajralgan suyuqlik yaxshi bug‘lanmaydi. Buning oqibatida ichki kiyim, paypoq ho‘l bo‘lib, odam shamollab qolishiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ayniqsa, respublikamizning issiq iqlim sharoitida sintetik materiallardan tikilgan kiyim, paypoq va rezina poyabzal kiyish gigiyena nuqtayi nazaridan tavsiya etilmaydi. Bunday materiallardan tayyorlangan sport kiyimlari va poyabzallarni faqat mashg‘ulot vaqtida kiyish mumkin.
Bizning issiq iqlim sharoitimizda yoz oylarida ip-gazlamadan tikilgan kiyim, qish faslida esa jun va boshqa tabiiy gazlamalardan tayyorlangan kiyim, charm poyabzal kiyish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Savol va topshiriqlar
Organizmni chiniqtirishning ahamiyati nimadan iborat?
Chiniqtirish qanday gigiyena qoidalariga asoslanadi?