Jargon va argolar – biror ijtimoiy guruh oʻrtasida qoʻllaniladigan va ularning talablarini ifodalovchi maxsus soʻz va iboralar. Jargonlar fikrni boshqalardan sir tutish uchun qoʻllaniladi. Jargonlar oʻziga xos sun’iy, shartli soʻzlardir. Biror ijtimoiy guruh oʻrtasida qoʻllaniladigan va ularning talablarini ifodalovchi maxsus soʽz va iboralardir. Jargonlar fikrni boshqalardan sir tutish uchun qoʻllaniladi. Jargonlar oʻziga xos sun’iy, shartli soʽzlardir. Savdogar, o‘gʻri, qimorboz, otarchilar, ba’zi dangasa talabalar o‘ylab topgan xufyona soʽzlar jargon deb yuritiladi. Masalan, ment (militsiya), ko‘ki (AQSh pul birligi), sallasini olmoq (kallasini olmoq), mejdunarodniy (talabalar nutqida «3» baho) va boshqalar. Jamiyatda tekinxo‘rlik, boshqalar hisobiga yashash, maishiy buzuqlik yoʻliga oʻtib olgan ma’naviy buzuq guruhlar tomonidan qoʻllaniladigan maxsus soʽzlar esa argo deyiladi. Masalan, loy, yakan (pul), bedana (to‘pponcha), pero (pichoq), dar (goʽzal) va h.q. Bunday gʻayritabiiy soʽzlar nutq sofligi va tozaligini pasaytiradi.
Xullas, tilning sofligi va tozaligi uchun kurash bu nutqiy madaniyat uchun kurash demakdir. Oʻqituvchi oʻz ustida tinimsiz ishlashi bilan birga nutq jarayonida doimo uni nazorat qilib borsa, tilga mas’uliyat bilan yondashsa, nutqning tozaligi va sofligiga erisha oladi.
Nutqning boyligi unda tilning bir-biridan farq qiladigan unsurlar: soʻz, ibora, sintaktik tuzilma, intonatsiya kabilardan qay darajada foydalanish bilan belgilanadi. Boy nutq tuzish uchun ifodalarning bir xilligidan qochish, ayni bir tushuncha yoki fikrga farqli liboslar tanlash kerak. Badiiy adabiyot yoki nutqda biror tushunchani, mazmunni alohida ta’kidlash, diqqatni tortish, hissiyotni bo‘rttirish, ohangdorlikka erishish uchun soʽz, soʽz birikmalari va gaplar takroridan foydalaniladi. Umumiy ma’nolari bir xil boʻlib, qoʻshimcha ma’no nozikliklari, hissiy bo‘yoqdorligi, uslub xususiyatlari bilan farqlanuvchi soʽzlar sinonimlar deyiladi. Sinonimlarning mavjudligi tilning bebaho boyligi hisoblanadi. Sinonimlar soʽz ma’nosidagi belgi daraja ko‘lami, hissiyligi, nutqning ma’lum biror turi uchun xoslanganligi bilan ajralib turadi. Sinonimlardagi bu xususiyat fikrni butun nozikligi bilan ifodalay olish imkoniyatini yaratadi. Fikrni aniq ifodalash imkoniyati esa tildagi boshqa soʽzlarga nisbatan sinonimlarda kuchli. Sinonimlarning uslubiy xususiyatlarini oʽzaro farqlagan holda nutqda ulardan oʻrinli foydalanish ham nutqning estetik ta’sirchanligini ta’minlovchi omillardan biri hisoblanadi.