Hissiy bilishning shakllari. Sezgilar, bu – shunday kanallarki, ularning vositasida odam qurshab turgan olam bilan bog`langan, olam haqida bevosita axborot olib turadi. Sezgilar abstrakt tafakkur amalga oshishining asosi bo`lgan ozuqadir.
Sezgi hissiy bilishning eng oddiy shakli, ob’ektivlik bilan sub’ektivlikning qorishmasidir, u manbai jihatidan ob’ektiv va u yoki bu sezgi a’zolarining tuzilishiga bog`lik holda shakli jihatidan sub’ektivdir. Garchi sezgi bilish uchun yagona kanal bo`lsada, birgina sezishning o`zi tashqi dunyoni butun yaxlitligi, chuqurligi va konkretligi bilan anglab olish uchun etarli emas. Sezgi sub’ektga o`rganilayotgan ob’ektning ayrim tomonlari yoki xossalarini bilishga yordam beradi, ammo o`zining tabiiy cheklanganligi sababli ob’ektni yaxlit holida bilishga imkon bermaydi. SHuning uchun bilish sezishdan idrok qilish tomon boradi.
Idrok–bu bir sezgi emas, u turli xil sezishlarning jamul-jami, kombinatsiyasidir. Biz idrok qilish orqali predmetning ayrim tomonlarini emas, balki uni yaxlit holda aks ettiramiz. Masalan, sharsimon, yashil-qizil, yaltiroq, xushbuy, chuchuk-nordon narsalarni xis qilishlar birgalikda ongimizda olma obrazida assotsiatsiyalashadi.
Hissiy bilishning idrokdan keyingi bosqichi tasavvurdir. U sezishdan ham, idrok qilishdan ham sifat jihatdan farq qiladi. Tasavvur – bu hissiy idrok bilan tushuncha o`rtasidagi oraliq bosqichdir. Sezish va idrok qilishdan farqli o`laroq, tasavvur endi sub’ekt bilan ob’ektning bevosita o`zaro ta’siri bo`lib chiqmaydi. Ilgari biron-bir hodisa yoki predmetni idrok etgan, ko`rgan odam ularning obrazlarini hatto ular bizning sezgilarimizga ta’sir etmagan taqdirda ham xotirlab, ko`z oldiga keltirishi mumkin. Bundan tashqari, biz tasvirlashlariga asoslanib, masalan, ilgari o`zimiz hech qachon ko`rmagan tropik changalzorlarni tasavvur qila olamiz. Birok sezgi va idrokdan farqli o`laroq, tasavvur ilgari idrok etilgan predmetni gavdalantirar ekan, uning konkret-hissiy detallarining hammasini emas, balki faqat eng muhim, harakterli qismlari, tomonlari va belgilarini ifodalaydi.
Tasavvurlar sezgi va idroklar kabi yorqin va aniq emas, ammo ular ancha uzoq vaqt davom etadi va barqarordir. Tasavvurlar yordamida biz allaqachon bo`lib o`tgan voqealar manzarasini ongimizda tiklay olamiz. Bundan tashqari, tasavvur bizga ilgari idrok etilganlar asosida kelajak manzarasini ifodalab berishga imkon beradi. Insonning kelajak obrazini tasvirlab va tuzib berish layoqati farazdan boshqa narsa emas. Hissiy bilish qanchalik muhim bo`lmasin shuni aytish kerakki, u cheklangan va tashqi dunyoning faqat tashqi, bevosita, hissiy idrok etiladigan tomonini aks ettiradi. Buning ustiga sezgi bizni yanglish yo`lga boshlashi mumkin.
Hissiy bilishdan keyingi bosqich ratsional bilishdir, abstrakt-mantiqiy tafakkurdir.