Bilishning mazmuni va mohiyati. Bilimning asosiy turlari va shakllari. Falsafa tarixida bilishga oid qarashlar evolyusiyasi.
Bilishda sub'ekt va ob'ektning o‘zaro aloqasi. Hissiy, empirik, nazariy, mantiqiy va intuitiv bilish darajalarining o‘zaro aloqasi va farqi. Haqiqat bilish mezoni.
Haqiqatning asosiy shakllari va konsepsiyalari. Haqiqat, amaliyot va faoliyatning mutanosibligi. Haqiqatga erishishda tushunish va tushuntirish dialektikasi.
Bilish metodologiyasi. Metodlarning tasnifi. Hozirgi zamon metodologiyasi. Tizim, tizimli yondashuv, tizimli tahlil tushunchalarining o‘zaro aloqasi va farqi. Tizim dinamikasi.
Bilishning mazmuni va mohiyati. Bilimning asosiy turlari va shakllari. Falsafa tarixida bilishga oid qarashlar evolyusiyasi.
Gnoseologiya predmeti. Inson o`zining bevosita borligini, mavjudligini uni qurshab turgan dunyo bilan doimiy aloqada amalga oshiradi. Dunyoda yashash va optimal moslashish uchun inson, uning aql-idroki va hislari tashqariga, ya’ni dunyoni bilishga qaratilgan. M.Xaydeggerning so`zlari bilan aytganda «bilish tadqiqot sifatida mavjud narsani hisobotga jalb etadi». Bilish faoliyatiga inson hayoti va faoliyatining zarur elementi deb qaramoq zarur. Bilishning maqsadi va vazifasi turli hodisalarni o`rganish yo`li bilan ularning chuqur, turg`un, belgilovchi tomonlari va qirralarini, ularning mohiyatini ochib, xaqiqatni anglab olishdan iborat. Antik falsafadayoq sofistlar va Sokrat dunyoqarashining asosiy masalasini insonning tabiatga, sub’ektning ob’ektga, tafakkurning borliqqa munosabati masalasi sifatida ilk bor ta’riflab bergan edilar.
YAngi zamonda F.Bekon va R.Dekart bilish to`g`risidagi ta’limotni boyitib, uni sub’ektning ob’ektga munosabati deb ta’rifladilar. Dekartning so`zlariga ko`ra, sub’ekt – bu bilish harakatining sohibi bo`lgan shaxsdir, fikrlovchi «Men» dir. Ob’ekt – bu sub’ektning bilish faoliyati yo`naltirilgan narsadir, ya’ni bizni qurshab turgan butun olamdir. Bilish ob’ekti bilish vaziyatida bevosita berilgan emas, u ijtimoiy amaliyotning rivojlanish darajasi bilan belgilanadi, determinatsiyalanadi. Bilish sub’ekti ham o`zining bilish faoliyati keng amalga oshiriladigan konkret ijtimoiy-tarixiy vaziyat orqali belgilanadi.
Binobarin, bilishning o`zi ham ijtimoiy tabiatga ega, uni ijtimoiy amaliyot belgilab beradi. Dunyoni bilib bo`ladimi yoki yo`qmi, agar bilib bo`lsa bu bizning ongimizda qanday aks etadi, degan masala hamisha falsafiy fikrni qiziqtirib kelgan. Bilish nazariyasi, yokignoseologiya (yunoncha – bilish haqidagi ta’limot) – falsafiy ta’limotlarning ajralmas qismidir.
Gnoseologiya sub’ektning bilish faoliyatining prinsiplari, qonuniyatlari, shakllari, bosqichlari va darajalarini, shuningdek, shu prinsip va qonunlardan kelib chiqadigan, haqiqiy bilimga erishilishini ta’minlaydigan talablar va mezonlarni o`rganadi. Bilish nazariyasi bilish jarayonining oddiy, kundalik darajasini ham, bilishning umumiy ilmiy shakllari va metodlarini ham tadqiq qiladi.
Bilish jarayoni, bu – to`laligicha ratsional, faqat aqlga bo`ysunuvchi, formal, quruq jarayon emas, chunki u tirik kishilar tomonidan amalga oshiriladi, shu sababli bilish emotsional elementlarni – iroda, niyat, istaklarni o`z ichiga oladi. SHu munosabat bilan aytish joizki, narsalar, atrofdagi voqelik hodisalari sub’ektning nazariga tushgan, nimasi bilandir uning diqqatini tortgan, u bilan o`zaro aloqada bo`lgan, uning tomonidan jami boshqa predmetlar va jarayonlardan ajralib olingan taqdirdagina bilish ob’ektiga aylanadi. SHu ma’noda sub’ekt ob’ektni shakllantiradi, shuning uchun ham ob’ektsiz sub’ekt bo`lmaganidek sub’ektsiz ob’ekt ham bo`lmaydi, deydilar.