Burhoniddin Marg‘inoniy (to‘liq ismi Abulhasan Ali ibn Abubakr ibn Abduljalil al-Farg‘oniy al-Rishtoniy al-Marg‘inoniy)— buyuk faqih, imom.
Dastavval otasi Abubakr ibn Abduljalil, so‘ng Simom Bahouddin Ali ibn Muhammad Asbijobiy qo‘lida tahsil ko‘rdi. Rishton, Marg‘ilon, Buxoro, Samarqand va Movarounnaxrning boshqa shaharlarida islomiy ta’lim olib, hanafiya mazhabining buyuk faqihi sifatida nom qozondi. Shayxulislom bo‘lib yetishdi. 1149-yil haj safariga bordi. Burhoniddin Marg‘inoniy fiqh bo‘yicha asosiy asari „Bidoyat ul-mubtadi’“ („Boshlovchilar uchun qo‘llanma“)ni hanafiya nazariyotchisi, shariat asoschilaridan Abul Hasan al-Quduriy (1029-yil v.e.) va Muhammad ash-Shayboniy (884 yil v.e.) asarlariga tayanib yozgan. Burhoniddin marg‘inoniyning ushbu kitobi nazariy asar edi, undan amaliy jihatdan foydalanish qiyin bo‘lgan. Shu sababli Burhoniddin marg‘inoniyning o‘zi 8 jildli sharh — „Kifoyat ul-Muntahiy“ („Yakunlovchilar uchun tugal ta’limot“)ni yozishga karor qilgan. Keyinchalik bu kitobi asosida “Kitob al-Hidoya” (qisqacha nomi „Hidoya“ — „To‘g‘ri yo‘l“)ni yaratadi (1178). Burhoniddin marg‘inoniy bu kitobda o‘sha zamonlarda mo‘min-musulmonlar duch keladigan dolzarb hayotiy masalalar, jumladan oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va mas’uliyatlariga taalluqli juda ko‘p murakkab muammolarni islomiy huquq nuqtai nazaridan hal etib berdi. Mazkur kitob nafaqat Movarounnahrda, balki butun islom sharqida bir necha tillarga tarjima etilib ma’lum va mashhur bo‘lib ketdi. Bu kitob fiqh ilmi bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar bo‘lgan. Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi bo‘yicha nufuzli huquqiy manba — asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilgan (qarang Hidoya). Shu sababli alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham „hidoyat yo‘lining sarboni“ deya katta hurmat-e’tibor topdi. Burhoniddin valmilla (islom dinining dalili, isboti) degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Burhoniddin Marg‘inoniy yana bir qancha asarlar yozgan: „Nashr al-mazhab“ („Mazhabning tarqalishi“), „Kitob at-tajnis val-maziyd“ („Fuqarolik huquqini taqdim etish“), „Kitob ul-faroiz“ („Majburiyatlar haqida kitob“), „Maziyd fi furu ulhanafiy („Hanafiya mazhabiga qo‘shimchalar“) va boshqa U o‘z asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mulkchilikning turli shakllari (davlat va xususiy mulkchilik), moliyaviy faoliyat, jinoyat va jazoning huquqiy asoslarini, fuqarolik huquqi nazariyasi va amaliyoti, qozilik muassasalari tarkibi, tartibi va jinoiy ishni ko‘rish masalalarini batafsil yoritib berdi. Bu asarlarda adolat tuygusi, o‘z davrining huquqiy mszonlari asosida yashash, o‘zganing mol-mulkiga ko‘z olaytirmaslik, haromdan hazar qilish, insof va diyonat, mehroqibat kabi ezgu tushunchalarning mohiyati ochib berilgan. Burhoniddin marg‘inoniyning o‘zi hayoti davomida ana shunday insoniy fazilatlarga amal qilib yashadi. Ilmu urfon yo‘lidagi fidoyiligi, kamtarligi o‘z asarlarida bir“on marta ham „men“ degan so‘zni ishlatmay, „bu zaif banda aytadi“, deya hokisorlik bilan izoh berishida ham ko‘rinib turadi.
Burhoniddin Marg‘inoniyning ilmiy merosi o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Jahondagi ko‘p oliy o‘quv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burhoniddin Marg‘inoniyning fiqh ta’limoti asosida o‘rganiladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng uning ilmiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, asarlarini chop etish ishlariga katta e’tibor berila boshlandi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.06.2017 yildagi PQ-3080-sonli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida qarori
O‘z milliy tarixi va madaniyatiga, dunyoda eng katta boylik bo‘lgan intellektual va ma’naviy salohiyatga chuqur hurmat bilan yondashish, uni asrab-avaylash va boyitish, shu asosda yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash jahondagi har bir davlat va jamiyatning moddiy va ma’naviy taraqqiyotida, hech shubhasiz, hal qiluvchi o‘rin egallaydi.
Shu borada dunyo tarixida ilk Sharq Uyg‘onish davri — Musulmon Renessansi deb nom olgan o‘rta asrlar va undan keyingi zamonlarda bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani va madaniyati, muqaddas islom dini rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan. Xususan, IX — XI asrlarda Xorazmda tashkil etilgan Ma’mun akademiyasi va «Bayt ul-hikma», ya’ni, «Donishmandlik uyi» degan nom bilan shuhrat qozongan Bag‘dod akademiyasida, XV asrda Samarqandda shakllangan Mirzo Ulug‘bekning ilmiy maktabida samarali mehnat qilgan olimlar, o‘tmishda yurtimizda islom dinining mazmun-mohiyatini chuqur tadqiq qilish va targ‘ib etish bo‘yicha betakror asarlar yaratgan ulamolar butun dunyoga dong taratganlar.
O‘rta asrlarning ilk davrida ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq fanlar bilan birga, tarix, geografiya, falsafa, madaniyat va san’at, arxitektura sohalarida yaratilgan buyuk ilmiy g‘oya va kashfiyotlar jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojida keskin burilish yasadi.
O‘z davridagi barcha qiyinchilik va og‘ir sinovlarga qaramasdan, bu alloma va mutafakkirlar ilmu fan ravnaqi yo‘lidagi o‘z burchiga, gumanizm va ma’rifat g‘oyalariga hamisha sodiq qolib, haqiqiy ma’naviy jasorat namunasini ko‘rsatdilar va ularning xalqimiz va bashariyat oldidagi buyuk xizmatlari ayniqsa mustaqillik yillarida munosib hurmat va e’tibor topib kelmoqda.
Ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungi kunda butun ma’rifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy meros faqat bir millat yoki xalqning emas, balki butun insoniyatning ma’naviy mulki bo‘lib, bu bebaho boylik yangi va yangi avlodlar uchun donishmandlik va bilim manbai, eng muhimi, yangi kashfiyotlar uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir.
Ayni vaqtda ta’kidlash lozimki, ana shu betakror ilmiy merosning barcha qatlamlari hali to‘liq o‘rganilmagan va o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda. Birgina mamlakatimiz kitob fondlarida saqlanayotgan, asosiy qismi YuNESKOning madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan 100 mingdan ziyod qo‘lyozma asarlar ham shundan dalolat beradi.
Xalqimizning yaratuvchilik dahosi bilan bunyod etilgan ana shunday noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o‘rganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, ular bilan aholimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, inson qalbi va ongini egallash uchun turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Milliy g‘oya va mafkura markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish va amalga oshirish;
Markaz tarkibidagi kutubxona va arxiv, qo‘lyozmalar fondlarini bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, aziz-avliyolar, ular tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori atiqalar, shu yo‘nalishdagi zamonaviy ilmiy tadqiqot ishlari, kitob va to‘plamlar, video va foto hujjatlar hisobidan shakllantirish;
Markaz tarkibidagi muzey ekspozitsiyasining mavzu yo‘nalishlarini chuqur o‘ylangan, ilmiy asoslangan aniq reja bo‘yicha shakllantirish va uni eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida namoyish etish;
islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimiz — Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturudiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur tadqiq etish, ularning ilmiy-ma’naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlarini keng targ‘ib qilish;
jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari mumtoz adabiyot va san’at namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish;
Islom dini odamlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, o‘zaro do‘stlik va insoniylikka da’vat etishini, uning asl, gumanistik mazmunini teran tahlil etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar jahon ahlini bir maqsad yo‘lida — jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida birlashishga chorlaydigan turli anjumanlar, ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish;
O‘zbekistonning qadimiy tarixi va madaniyati, davlatchilik an’analari, xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarashi islom sivilizatsiyasi bilan chambarchas bog‘liq holda shakllanib, rivojlanganini Samarqand, Buxoro, Xeva, Toshkent, Kesh, Nasaf, Termiz, Andijon, Marg‘ilon, Karmana, Qo‘qon singari qadimiy shaharlarimiz, ulug‘ allomalar va aziz-avliyolar xotirasiga bag‘ishlab yurtimizda bunyod etilgan yodgorlik majmualari, muqaddas qadamjolar maketlari, ulug‘ siymolar, noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar, moddiy va nomoddiy meros, xususan, «Shashmaqom» namunalari kabi noyob eksponatlar orqali aks ettirish, shu yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalari asosida qomuslar, katalog va albomlar, ilmiy-ommabop to‘plamlar, teleko‘rsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlash;
Markazda, mahalliy va chet ellik mutaxassislarni keng jalb etgan holda, ilmiy tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish va ularning natijalaridan yurtimiz hamda jahon jamoatchiligini xabardor qilib borish;
YEvropa Renessansining shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan Musulmon Renessansi davrida ilm-fan, madaniyat va san’at, me’morlik rivoji to‘g‘risidagi keng qamrovli ma’lumotlar pavilonlarini tashkil etish orqali Markazda namoyish etiladigan ekspozitsiyalarni mazkur davrlarga oid eksponat va ko‘rgazmali manbalar bilan boyitish;
Jahon tarixida «Amir Temur va temuriylar renessansi» degan nom bilan alohida o‘rin egallaydigan davrda yaratilgan ilm-fan, madaniyat va me’morlik durdonalarini islom madaniyatining nafaqat yurtimizdagi, balki butun musulmon olamidagi taraqqiyot va yuksalish davri sifatida ko‘rsatish;
Bugungi kunda tobora katta ahamiyat kasb etayotgan dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining jahondagi nufuzi xalqaro ilmiy muassasa va tuzilmalar, jumladan, YuNESKO, AYSESKO kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish.
4. Markaz faoliyatining asosiy maqsadi e’tiqodi islom dini bilan bog‘liq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o‘rganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashdan iborat.
O‘zbekistonning qadimiy tarixi va madaniyati, davlatchilik an’analari, xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarashi islom sivilizatsiyasi bilan chambarchas bog‘liq holda shakllanib, rivojlanganini Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Kesh, Nasaf, Termiz, Andijon, Marg‘ilon, Karmana, Qo‘qon singari qadimiy shaharlarimiz, ulug‘ allomalar va aziz-avliyolar xotirasiga bag‘ishlab yurtimizda bunyod etilgan yodgorlik majmualari, muqaddas qadamjolar maketlari, ulug‘ siymolar, noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar, moddiy va nomoddiy meros, xususan, «Shashmaqom» namunalari kabi noyob eksponatlar orqali aks ettirish, shu yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalari asosida qomuslar, katalog va albomlar, ilmiy-ommabop to‘plamlar, teleko‘rsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlash;