4-mavzu: “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi Qarorda diniy meros masalalari
REJA:
1. Sharq Uyg‘onish davrida bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani va madaniyati, muqaddas islom dini rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi.
2. Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganishning tarbiyaviy ahamiyati.
3. “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori.
4. Mamlakatimiz islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganligini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish va amalga oshirish zaruriyati.
1. Ma’lumki, Sharqda, aynan O‘rta Osiyo zaminida yuz bergan Uyg‘onish jarayoni xususan dunyoviy fanlar rivojida alohida yuksalish bosqichi bo‘ldi. Bu borada ilm-fan va madaniyat taraqqiyotida turli tarixiy davrlarda faoliyat ko‘rsatgan «Ilm uylari» - Bag‘doddagi (819-833) «Bayt ul-hikma» (Bag‘dod akademiyasi), Xorazm poytaxti Urganchdagi «Ma’mun akademiyasi», shuningdek «Ulug‘bek akademiyasi» va boshqa ko‘plab yuksak ilm dargohlarining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Uyg‘onish davri o‘z yuksak aql-zakovati, salohiyati, izlanishlari bilan fanning ko‘plab sohalarida muhim kashfiyotlar qilgan qanchalab buyuk daholarni yetishtirib berdi. Ular jahon fanining tibbiyot, falakiyot, matematika, jug‘rofiya, tarix, geologiya, geodeziya, minerologiya, farmakologiya va boshqa yo‘nalishlarining tamal toshini yaratdilar.
Bu muqaddas zamindan yetishib chiqqan Muhammad Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Abu Bakr Muhammad Narshaxiy, Abu Abdullo Xorazmiy, Mahmud az-Zamahshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Nizomul-Mulk, Kaffol ash-Shoshiy, Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi va boshqa buyuk siymolar nomini haqli ravishda ehtirom bilan tilga olamiz.
Milliy mustaqilligimiz sharofati tufayli ularning boy ilmiy merosi sarchashmalaridan tag‘inda mo‘l-ko‘l bahramand bo‘la boshladik. «Istiqlol sharofati bilan ma’naviyat buloqlarining ko‘zi ochildi, biz bu buloqning zilol suvlaridan bahramand bo‘la boshladik. Sho‘ro davrida unutilgan qadriyatlarimiz, nomi qoralangan bobokalonlarimizning durdona so‘zlarini biz obi kavsardek ko‘zimizga surtmoqdamiz.
Biz nimaga erishgan bo‘lsak, ana shu savobli ishlarimiz uchun Allohning bizga in’om etgan marhamatidandir. Allomalarimizning qomusiy bilimdonliklari shundaki, ularning har biri bir emas, balki ko‘plab ilm-fan yo‘nalishlarida ulkan kashfiyotlar qildilar. Bu jihatdan Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850), Ahmad al-Farg‘oniy (797-865), Abu Nasr Forobiy (873-950)larning fandagi jasoratlari ibratlidir. Agar al-Xorazmiy matematikaga oid «Al-jabr va val-Muqobala», «Hind hisobi haqida kitob», «Astronomik jadvallar», «quyosh soatlari haqida risola» asarlari bilan matematika (algoritm) va astronomiya fanlarining tamal toshini qo‘ygan bo‘lsa, uning «Kitob surat al-arz» asari arab geografiyasi fanining tom ma’noda yaratilishiga negiz bo‘lib xizmat qildi. Olimning «Kitob at-tarix»i esa Movarounnahr, Xuroson va Kichik Osiyo xalqlari tarixining VIII-IX asrlari davrini o‘rganish uchun muhim manba hisoblanadi.
Ma’lumki arablar Iroq, Misr va Suriyani istilo qilgunga qadar yunon alifbosiga asoslangan raqamlardan foydalanganlar. VII asrdan boshlab esa arab alifbosi harflari bilan ifodalanuvchi raqamlar qo‘llanilgan edi. Al-Xorazmiy Hindistonda kashf qilingan o‘n raqamidan iborat sanoq tizimini o‘rgandi, soddalashtirdi va birinchi marta arab tilida bayon qildi. Al-Xorazmiy «Arifmetika» si bilan birga hind raqamlari ham arab dunyosiga kirib keladi. XII asrda YEvropaning boshqa mamlakatlariga tarqaladi. Arab raqami hanuz jahonda shunday deb yuritiladi. Uni jahonga tanitgan Al-Xorazmiy ekani Abu Rayxon Beruniyning «Hindiston» asarida ham aytib o‘tilgan. U o‘z davridagi Bag‘dod ilmiy Akademiyasi faoliyatiga rahbarlik qilgan, bu esa uning nufuzining ko‘tarilishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Astronomiya, geografiya va boshqa fan sohalarida muhim kashfiyotlar qilgan Ahmad al-Farg‘oniy nomi ham mangulikka daxldordir. Chunonchi, olimning «Astronomiya asoslari haqida kitob», «Al-Farg‘oniy jadvallari», «YEtti iqlimni hisoblash haqida» singari asarlari allomaga astronomiya ilmida jahoniy shuhrat keltirdi. U YEr sharining ilk bor xaritasini tuzgan birinchi buyuk geograf olim hamdir. U nafaqat Sharq dunyosida shuhrat qozonib qolmay, balki G‘arb olimlari e’tirofiga ham sazovor bo‘lgan. Shu bois u YEvropada «Alfraganus» nomi bilan mashhurdir. Bejiz Al-Farg‘oniyni «...kishilik tarixidagi ilk Uyg‘onish davrining eng zabardast va yorqin namoyandalaridan biri, o‘z zamonasi fundamental fan asoschilaridan edi. Uning merosi insoniyatning yangi ilm cho‘qqilariga ko‘tarilishiga sababchi bo‘ldi, butun ma’rifiy dunyo olimlari uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qildi» deb ta’rif berilmagan.
Tabiiy va ijtimoiy fanlar rivojiga birdek katta hissa qo‘shgan, geologiya, minerologiya, geodeziya, geografiya, farmakologiya fanlarining tamal toshini qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy (973-1048) ham ilm-urfon osmonining porloq yulduzlari sirasiga kiradi. Uning qalamiga mansub «Ma’sud qonuni», «Saydana», «Minerologiya», «Astronomiya kaliti», «Quyosh kitobi» singari asarlari necha asrlar davomida turli yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi dunyo olimlari uchun bitmas-tuganmas ilmiy xazina rolini o‘tab keladi. Olimning chuqur ilmiy yirik fundamental asari - «Hindiston» to‘g‘risida so‘z yuritgan asar. V.R.Rozen «Sharq va G‘arbning qadimgi va o‘rta asrdagi butun ilmiy adabiyoti orasida bunga teng keladigan asar yo‘q», deb baho beradi.
Beruniy zamondoshi, ko‘hna Buxoro zaminidan yetishib chiqqan Abu Ali ibn Sino (980-1037) nomi tibbiyot ilmi bilan hamohang, tibbiyotni haqiqiy fan sifatida shakllanib o‘z maqomiga ega bo‘lishiga asos solgan buyuk olimdir. Zotan, uning 5 jildli «Kitob al-qonun fit- tib» («Tib qonunlari») asari aynan tibbiyotga oid benazir dasturulamal kashfiyotdir. Bu asarlar majmuini ko‘zdan kechirar ekanmiz, allomaning yuksak tabiblik salohiyatiga, kasalliklarni aniqlash, ularni davolash borasidagi yuksak mahoratiga tan beramiz. Jumladan, «Al-qonun» ning ikkinchi kitobida 800ga yaqin dori-darmonlarning xususiyatlari, ularni tayyorlash va iste’mol qilish usullari buning isboti bo‘la oladi. Olimning falsafa va tabiiy fanlarga doir 4 qismdan «Kitob ash-shifo», “Donishnoma” asarlari ham mavjuddir. Ibn Sinoning tibbiyotdan tashqari ko‘plab tabiiy va ijtimoiy fanlar bilan faol shug‘ullanganligi, muhim yutuqlarga erishganligi ham ibrat bo‘larlidir.
O‘rta Osiyo zamini juda qadim zamonlardan ijtimoiy-gumanitar fanlar rivoj topgan makon hisoblanadi. Ayniqsa tarix, falsafa, mantiq, fiqh (huquqshunoslik) fanlari bunda muhim o‘rin tutadi. Bu xususda gap borganda falsafa fanida nom qozongan, Sharqda «Muallimi Soniy» («Ikkinchi muallim», Arastudan keyin) nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Nasr Forobiy (873-950), fiqh-huquqshunoslik sohasida benazir allomalar: Nizomulmulk (1017-1092), Mahmud az-Zamahshariy (1075-1144), tarixnavis Muhammad Narshaxiy (899-959) xizmatlarini ta’kidlamoq lozim bo‘ladi. Bunda Forobiyning falsafada o‘z ilmiy maktabini yaratib, yunon falsafasi mohiyatini ochib, tushuntirib, shu bilan birga o‘zining sharqona falsafiy ta’limotini ko‘plab asarlarida, aytaylik, «Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi», «Fozil odamlar shahri» va boshqalarda asoslab bergan bo‘lsa, Nizomulmulk «Siyosatnoma»sida hukmdorlarning davlatni boshqarish, uni idora qilishga oid ko‘plab qimmatbaho yo‘l-yo‘riqlar, dasturulamal ko‘rsatmalar katta mahorat bilan qayd etilgan. Hatto Amir Temurdek buyuk davlat arbobi ham bu kitobga necha bor murojaat etganligi ma’lumdir.
Umuman IX-XII asrlarda yuz bergan Uyg‘onish davrida Sharqda, xususan O‘rta Osiyodan o‘z yurtlari shonu sharafini yuksaklarga ko‘tarib, betakror ilmiy kashfiyotlar, chinakam mo‘’jizalar yaratgan mashhur iste’dod sohiblari yetishib chiqdiki, ular jahon madaniyati xazinasiga munosib hissa qo‘shdilar hamda keyingi avlodlarga bitmas-tuganmas noyob boy meros qoldirdilar.
2. Buxoriy, Imom al-Buxoriy (asl ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim al Buxoriy) (810.21.7, Buxoro— 870.31.8, Samarqand yaqinidagi Hartang qishlog‘i) — islom olamining yirik mutafakkiri. Muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni deb ham yuritiladi.
Buxoriy 16 yoshga yetguncha, o‘z yurtidagi mashoyixlardan hadis eshitib, yozib olib, xalifalikning turli viloyatlari tomon yo‘l oladi. 825-yil Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Makkaga kelib, haj ibodatini ado etadi. Onasi va akasini Buxoroga qaytarib, o‘zi Makkada qoladi. Bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan olimlarning ilmiy yig‘inida qatnashadi. 827-yil Madinaga boradi. Madinadagi mashhur ulamolardan Ibrohim ibn Munzir, Mutrif ibn Abdulloh, Ibrohim ibn Hamza va boshqalar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan hadislar bo‘yicha saboq oladi. Bu vaqtda Rasulullohning sahobalari izdoshlari turli mamlakatga tarqab ketgan edilar. Shunday sharoitda Muhammadning hadislarini to‘plash turli shahar va mamlakatlarga borishni taqozo qilar edi.
Bir necha tarixchilarning ta’kidlashicha, Imom Buxoriy Hijoz, Makka, Madina, Toif, Jiddaga qilgan safarlari 6 yil davom etgan. So‘ng Basra, Kufa va Bag‘dodga safar qiladi. Shom va Misrga o‘tadi. Bundan tashqari Xuroson, Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray, Jibol kabi shaharlarda bo‘lib, bu shaharlardagi olimlardan saboq oldi va hadislar to‘pladi.
Imom Buxoriyning asarlari orasida eng mashhur bo‘lgani "Al-jome’ as-Sahih"dir. Undan tashqari tarixiy voqealar va shaxslarni chuqur tahlil qiladigan, hadis ilmining asoslaridan bo‘lgan ilmlarga oid bir qator o‘ta ahamiyatli kitoblar yozdi. Imom Buxoriyning ilmiy ahamiyati yuksak bo‘lgan bir nechta asarlar tasnif qildi: „Al-jome’ as-sahih“, “Al-adab al-mufrad”, „At-tarix al-kabir“, „At-tarix as-sag‘ir“, „At-tarix al-avsat“, „At-tafsir al-kabir“ „Birrul volidayn“, „Asmo as-sahoba“, „Kunyalar“ va boshqalar. Ular orasidagi „Al-jome’ as-sahih“ asari islom olamida Qur’ondan keyingi eng muhim manba sifatida e’zozlanuvchi manba hisoblanadi.
Imom Buxoriyning hadislar to‘plash borasidagi qo‘ygan shartlari boshqa muhaddislarning shartlaridan ko‘ra aniqroq bo‘lgani sababli „Al-jome’ as-sahih“ asari „Eng ishonchli hadislar to‘plagan“ nomiga sazovor bo‘lgan. Muhaddislar hadislarning roviylarini o‘zaro uchrashganlari ehtimoli mavjud bo‘lsa shunga kifoyalanishgan, ammo Imom Buxoriy eshitgan hadislarining roviylari o‘zaro uchrashganini alohida ko‘rgan guvohning e’tirofini ham shart qilib qo‘ygan. Bunday shart boshqa muhaddislarda uchramaydi. Hofiz ibn Xajar al-Asqaloniyning hisobiga ko‘ra „Al-jome’ as-sahih“dagi hadislarning soni 7397 tani tashkil etadi. Bular orasida takrorsizlari 2602 tani tashkil qiladi. Izohlar, roviylarning ixtilofi va ilovalarni qo‘shilsa, kitobda keltirilgan hadislar soni 9082 taga yetadi.
Aynan Imom Buxoriy tufayli Movarounnahr hududida IX—XII asrlarda ko‘plab hadisshunoslik maktablari shakllandi va muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi. Hozirgi kunda olimning asarlari dunyoning o‘nlab tillariga tarjima qilingan va islom dunyosida uning ijodidan ko‘plab ilmiy tadqiqotlarda foydalanib kelinadi. Xorijiy yurtlardagi safardan keyin Buxoroga qaytgach, hadis ilmini targ‘ib etishga kirishadi. Ul zotning bu sa’yu ko‘chishlari bu vaqtda Buxoroda hisoblanadi. Bu asar Hindiston va Qohirada chop etilgan. Buxoriy yaratgan „Kitob al-favoid“ („Foydali ashyolar haqida kitob“), „Al-Jome’ al-kabiyr“ („Katta tayanch“), „Xalq af’ol alibod“, („Alloh bandalari ishlarining tabiati“), „Al-Musnad al-kabiyr“ („Katta tayanch“), „At-tafsir al-kabiyr“ („Katta tafsir“), „Kitob al-xiba“ („Xayr-ehson haqida kitob“) va boshqa asarlarning ba’zilari bizgacha yetib kelmagan, ba’zilari jahonning turli mamlakatlari kutubxonalarida saqlanayotganligi haqida ma’lumotlar bor.
Buxoriyning boshqa asarlari orasida „Tafsir al-Qur’on“ („Qur’on tafsiri“) kitobini ham alohida ta’kidlash kerak. Buxoriy asarlari musulmon dunyosining barcha madrasa va dorilfununlarida payg‘ambar (as) sunnatlari bo‘yicha asosiy darslik, qo‘llanma hisoblanadi. Jamoat arboblari, olimu ulamolar va din peshvolari Buxoriy asarlariga tayanib ish tutadilar. Istiqlol sharofati bilan Buxoriyning o‘lmas merosi el-yurti bag‘riga qaytdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Imom al-Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha 1225-yilligini nishonlash to‘g‘risida“gi qarori (1997-yil 29-aprel) asosida Buxoriyning ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, xotirasini abadiylashtirish borasida katta ishlar qilindi. 1998-yil 23-oktyabrda Samarqandda yubiley to‘y-tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Alloma abadiy qo‘nim topgan Chyelak tumanidagi Hartang qishlog‘ida ulkan yodgorlik majmui ochildi . Jamg‘armaning asosiy vazifasi Qur’oni karim va Buxoriyning „al-Jome as-sahih“i tarjimalarining akademik nashrlarini tayyorlash, buyuk islomshunoslar ilmiy merosini tadqiq etish, diniy-falsafiy mavzularda ilmiy anjumanlar o‘tkazish va shular yordamida yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat. 2000-yildan boshlab mazkur jamg‘arma o‘zining ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy “Imom al Buxoriy saboqlari” jurnalini nashr eta boshladi. Jurnal xalqimizni milliy-ma’naviy merosimizdan bahramand etish, milliy, diniy qadriyatlarning sog‘lom idrok etilishiga yordam berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
O‘zbekistonda Buxoriyning xotirasi munosib tarzda abadiylashtirilgan. Toshkent Islom institutiga Buxoriy nomi berilgan. Buxoriyning hayoti va ijodiga bag‘ishlab bir necha tillarda kitob-albom, 2 qismli film (1995), „Hadis ilmining sultoni“ 4 qismli kinoqissa (1998) yaratilgan.
Dostları ilə paylaş: |