4-modul yong’in xavfsizligi asoslari



Yüklə 0,65 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə5/5
tarix24.03.2023
ölçüsü0,65 Mb.
#89557
1   2   3   4   5
4-MARUZA

12.19-rasm. Bog‘lam qo’yish. 


• Bog‘lamni bir bor bog‘lab, bironta narsa (ruchka, qaychi, taxtacha)ni ustiga qo‘yib, 
uning ustidan yana bir bor bog‘lab qo‘yiladi, so‘ng qon oqishi to‘xtamagunicha aylantiriladi. 
Narsani ikki marta tugib mahkamlab qo‘yiladi;(12.19-rasm). 
• Bog‘lamni har 15-20 daqiqada bo‘shatib turiladi. Jgut qo‘yilgan vaqt va sana yozib 
qo‘yiladi. 
Kapillyar qon ketishi belgi va alomatlari. 
• Kapillyar qon oqishda qon kichkina jarohatdan oqayotgandek bo‘ladi; 
• Qon past bosim ostida oqib chiqadi; 
• Kapillyar tomirdan oqadigan qon arterial qon singari och qizil rangda bo‘lmaydi; 
• Qon tez quyuladi. 
Birinchi yordam ko‘rsatish: 
• Jarohatni antiseptik eritma yoki suv bilan sovunlab yuviladi; 
• Ifloslangan jarohatni tozalash uchun toza salfetka yoki sterillangan tampondan 
foydalaniladi. Doim jarohatning o‘rtasidan boshlab, chetiga qarab tozalab boriladi. Keyingi har 
ishda salfetka almashtiriladi; 
• Kichikroq bog‘lam qo‘yiladi; 
• Yaraga infeksiya tushishi xavfi bo‘lgan taqdirdagina vrach yordami lozim bo‘ladi; 
• Jarohatni yuvish uchun spirtdan foydalanish mumkin emas. 
Ichki qon ketishi. Ichki qon ketishini aniqlash tashqi qon ketishini aniqlashga qaraganda 
qiyinroq. Chunki uning belgi va alomatlari aniq ko‘rinmaydi va ma’lum vaqt o‘tgandan 
keyingina bilinishi mumkin. Shikastlangan joyda terining qontalashib qoladi. Yumshoq 
to‘qimalarda og‘riq bo‘lib, shishadi yoki qo‘l tekkizganda qattiq tuyuladi. Masalan, qorin 
bo‘shlig‘idagi ichki qon ketishida qorin "qattiq" bo‘lib qoladi. Jabrlanuvchi hayajonlanadi yoki 
bezovtalanadi. Tomir tez, lekin sust uradi. Nafas olish tezlashadi. Terining rangi o‘chadi, qo‘l 
bilan aypaslaganda sovuq yoki terchil bo‘lib turadi. Ko‘ngil aynib, qayt qiladi. Qondirib 
bo‘lmaydigan tashnalik his etiladi, hushida turish darajasi pasayadi.
Ichki qon ketishida birinchi yordam: Har qanday sharoitda ham birinchi yordam 
ko‘rsatish bo‘yicha asosiy qoidalarga amal qilish lozim. Shok paytidagi yoki uning 
kuchayishining oldini olishdagi kabi yordam ko‘rsatiladi. Sovuq kompress og‘riqni kamaytirib, 
shishni qaytaradi. Shikastlangan joyga muzni dokaga, sochiqqa yoki matoga o‘rab qo‘yiladi. Har 
soatda 15 minutdan sovuq kompress qilinadi. Zudlik bilan "103" ga qo‘nqiroq qilish kerak. Ichki 
shikastlanishni yengiltaklik bilan "shunchaki ko‘kargan"ga yo‘ymaslik kerak. Jabrlanuvchini 
ko‘zdan kechirib, ichki organlari jiddiy shikastlanganmi-yo‘qmi, aniqlashga harakat qilish, agar 
jabrlanuvchi qattiq og‘riq borligidan shikoyat qilsa yoki qo‘li yoxud oyog‘ini qimirlata olmasa 
zudlik bilan tez yordam chaqirish kerak. 


Qorin bo‘shlig‘ida hayotiy muhim organlar joylashganligi bois bu sohadagi 
shikastlanish o‘limga olib kelishi mumkin. Bu yerda joylashgan ichki organlar, organizmning 
boshqa zonalaridagidan farqli ravishda, himoyalanmagan. Osonlik bilan shikastlanadigan hamda 
jarohatlanganda kuchli qon ketishiga moyil bo‘lgan organlar, masalan, jigar va qorataloq eng 
muhim organlardir. Bu a’zolardan qon ketganda quyidagi belgilar kuzatiladi: 
• kuchli og‘riq: qorinning og‘rishi yoki unda ezilishni his etish; 
• qontalashning yuzaga chiqishi; 
• ko‘ngil aynishi; 
• qayt qilish (ba’zan qon yoki qora qusish); 
• behollik; 
• axlat (najas)da qon asorati ko‘rinishi (axlatning qora rangda bo‘lishi). 
Qorin bo‘shlig‘i organlaridan qon ketishi tashqi yoki ichki bo‘lishi mumkin. Hatto qon 
ko‘rinmasa ham, ichki organ yorilganda shokka olib keladigan darajada qattiq ichki qon ketishi 
mumkin. Qorin shikastlanishi juda og‘riqli bo‘ladi. Bundan tashqari qorin bo‘shlig‘iga qon yoki 
boshqa narsalar tushishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. 
Qorin bo‘shlig‘i organlaridan qon ketganda birinchi yordam ko‘rsatish. Qorin qanday 
shikastlanmasin birinchi yordam ko‘rsatish qoidalariga amal qilish kerak. Zudlik bilan tez 
yordam chaqirib, shokka qarshi choralar ko‘rishga harakat qilish kerak. Tana haroratini normal 
tutib, tashqi qon ketishida qo‘shimcha yordam ko‘rsatish zarur: 
1. Jabrlanuvchini ehtiyotkorlik bilan orqasiga yotqizish. 
2. Jarohat atrofidagi kiyimni yechish. 
3. Ochiq jarohatga namlangan toza tampon-bog‘lam qo‘yish. (Krandagi iliq suvdan ham 
foydalanish mumkin). 
4. Qon oqishini to‘xtatish uchun jarohatni bosmaslik kerak. 
5. Ichki organlar jarohat orqali tashqariga chiqib qolgan hollarda ularni qorin 
bo‘shlig‘iga qaytarib solmaslik zarur. 
Burun qonashi. Burunda shikastlanganda qon ko‘p ketadigan ko‘plab qon tomirlar 
mavjud. Odatda qon burun kataklaridan oqadi, lekin nafas olganda nafas yo‘liga tushib, 
bo‘g‘ilishga yoki qayt qilishga olib kelishi mumkin. 
Burun, odatda, zarbadan shikastlanadi. Natijada qon oqadi. Yuqori qon bosimi yoki 
dengiz sathidan balandlikning keskin o‘zgarishi ham burun qonashiga olib kelishi mumkin. 
Burun qonaganda birinchi yordam ko‘rsatish: 
1. Jabrlanuvchidan o‘tirib, boshini bir oz oldinga egishni va ayni mahalda burun 
kataklarini 10-15 minut siqib turishni iltimos qilinadi. 


2. Qon oqishi to‘xtashi bilan, jabrlanuvchiga qayta qonamasligi uchun burnini 
ishqalamaslikni, kavlamaslikni va qoqmaslikni tayinlanadi. 
3. Sanab o‘tilgan choralar yordam bermasa, qon oqishi qaytalasa yoki u yuqori qon 
bosimining oqibati bo‘lsa, vrachga murojaat qilish zarur. 
4. Jabrlanuvchi hushdan keta boshlasa, qon erkin oqib chiqishi uchun uni yonboshlatib 
yotqizb, zudlik bilan tez yordam chaqiriladi. 
Qon ketishining klinik ko‘rinishlari. Qon ketishida mahalliy va umumiy simptomatik 
o‘zgarishlar yuz beradi. Qon ketishining umumiy belgilari qon ketishi turlaridan qat’i nazar, bir 
xil kechadi. Qon ketishining xususiy (subyektiv) alomatlari sovuq ter, kamquvvatlik, bosh 
aylanishi, nafas yetishmovchiligi, og‘iz qurishi ko‘rinishida kechadi. Yana quloqlarda 
shang‘illash, ko‘z oldi tinishi va badanda «chumolilar o‘rmalashi» kabi alomatlar kuzatilishi 
mumkin. Yuqoridagi alomatlar va bemor shikoyatlarining ko‘payib borishi qon ketishining 
qanday tezlik va hajmda o‘sib borishiga bevosita bog‘liqdir. Katta miqdorda qon ketishi, o‘tkir 
kamqonlik, ya’ni gemmoragik shok klinikasining har xil og‘irliklarida kechishi mumkin.
Masalan, butun qon aylanish doirasida aylanayotgan qon hajmining 20–25 % (1000– 
200 ml) miqdorida qon yo‘qotilganda, bemorlarda sovuq ter, keskin kamquvvatlik, og‘iz qurishi 
va tomir urishining bir minutda 100 tadan oshib ketishi kuzatiladi. Bunday hollarda arterial qon 
bosimi me’yorida yoki bir oz pastroq bo‘lishi ham mumkin. Umumiy qon aylanish doirasidagi 
qonning 30–35 % (1500– 1750 ml)ga yaqini yo‘qotilganda, bemorlarda o‘ziga bo‘ysunmagan 
holdagi harakatlar, notinchlik, teri va shilliq pardalarining oqarib ketishi, lablarning ko‘karishi, 
tananing uvishishi va tomir urishining 120 tadan oshib, arterial bosimning 70–90 mm simob 
ustunigacha tushib ketishi hamda siydik ajratishning kamayishi (oliguriya) kuzatiladi. Umumiy 
qon aylanish doirasidagi qon hajmining 35–40 % (1750– 2000 ml)ni yo‘qotgan bemor ahvoli 
ancha og‘ir, yuz ifodalari mungli, tanasi sovuq ter bilan qorejagan, terisi oqimtir-ko‘kish rangda, 
tanasining ochiq joylarida haroratning tushib ketganligi va tomirning ipsimon va teztez urishi 
aniqlanadi.
Umumiy qon aylanish doirasidagi qon hajmining 50 % (2500 ml) ni yo‘qotgan 
bemorning ahvoli keskin og‘irlashadi, arterial bosim aniqlanmaydi, tomir urishi minutiga 160 
tadan ortib ketadi, yurak asistoliyasi (yurakning to‘xtab qolishi) sababli qisqa vaqt ichida o‘lim 
holatiga olib kelishi mumkin. 
Qon ketishining asoratlari va oqibatlari. Qon ketishi to‘xtatilmasa, bemorni gipoksiya 
(to‘qimalarda kislorod taqchilligi), qon aylanish doirasida qon hajmining yetishmasligi va 
gemmoragik shok yuz berishi sababli o‘limga olib kelishi mumkin. O‘ta nozik a’zolarga, 
masalan, bosh miyaga kam miqdorda qon quyilganda, ular faoliyatining to‘xtashi va o‘lim yuz 
berishi mumkin. 
Qon ketishini to‘xtatish choralari. Qadim zamonlarda ham insonlar tan jarohatlari 
olganlarida qon ketishining oldini olish maqsadida jarohat yuzasini bosib yoki qattiq bog‘lab 
qo‘yganliklari haqida ma’lumotlar bor. 17-asrlardan boshlab bog‘lam (jgut)larni keng miqyosda 
qo‘llay boshlashgan. asosan bu bog‘lamlar 1673 yilda F. Esmarx yumshoq rezina bog‘lam 
(jgut)ni taklif etganidan keyin keng tarqalgan. So‘nggi o‘n yilliklarda tomirdan ketayotgan qonni 
to‘xtatishning yangi usullari sifatida quruq sovuq va lazer nurlari qo‘llanilayapti. Qon ketishini 


to‘xtatish usullarini vaqtincha va butkul to‘xtatishga ajratish mumkin. Qon ketishini 
vaqtinchalik to‘xtatish usullarini ko‘p hollarda tibbiyotga daxldor bo‘lmagan insonlar bajaradi. 
Shu tufayli bunday usullarni barcha bilishi shart.
Qon ketishini to‘xtatish usullari bir nechta, ammo bu usullarni qo‘llash jarohatlangan 
tomirning qay ahvoldaligi va jarohat o‘rniga ham bog‘liqdir. Ayrim hollarda qon ketishini 
to‘xtatish usullarining bir nechtasini qo‘llash mumkin (12.20-rasm). 
a) b) 
a). Qon ketishi vaqtida, arteriya VI bo‘yin umurtqasining ko‘ndalang o‘simtalariga 
bosiladi. b). Bilak va tirsak arteriyalarini esa suyaklarga bosish yo‘li bilan qon ketishining oldi 
olinadi. 
d).
12.20-rasm.d). Qonni to’xtatish usullari. 
Yuza vena va kichik arteriyalardan qon ketishini bosib turuvchi bog‘lamlar yordamida 
to‘xtatish mumkin. Jarohat yuzasiga sterillangan yumaloq shar ko‘rinishidagi paxta qo‘yilib, bir 
necha qavat doka bilan yaxshilab bog‘lanadi. Bunday hollarda bosib bog‘langan tomirlarning 
o‘tkazuvchanligi yo‘qolib, tromb hosil qiladi. Bundan tashqari, bu usul boshqa, ya’ni oyoq va 
qo‘llarni ko‘tarib qo‘yish usullari bilan birgalikda ham bajarilishi mumkin. Agar qon ketayotgan 


jarohat oyoqlar uchida joylashgan bo‘lsa, bunday hollarda oyoqni bo‘g‘imidan maksimal bukib 
qo‘yish usulidan foydalanish mumkin. Bukilayotgan bo‘g‘im oralig‘iga yostiqcha qo‘yilib, 
bo‘g‘im bukib bog‘lanadi. Agar qon ketishi barmoqlar, panja sohalarida, bilak bo‘g‘imida, 
oyoqdagi barmoqlar va panjalarda bo‘lsa, tizza bo‘g‘imidan, son sohasida bo‘lsa, tizza va tos-son 
bo‘g‘imlari birgalikda bukib bog‘lanadi.
Agar qon ketishi arterial qon tomiridan kuzatilganda, jarohatdan yuqori sohadan bosib 
to‘xtatiladi va keyingi muolajalar sharoitga qarab bajariladi. Chakka yumshoq to‘qimalari 
jarohati tufayli qon ketishida, qon ketishini to‘xtatish arteriyani suyakka bosish harakatlari bilan 
amalga oshiriladi. Bunday hollarda arteriyani topish uncha qiyin ish emas.
Quloqning tashqi kirish sohasi yuqorisidan bitta barmoq bilan bosish orqali ham 
maqsadga erishish mumkin. Yuz sohasida esa arteriyaning pastki jag‘ning gorizontal chiziq bilan 
kesib o‘tgan joyidan bosib, qon oqishini to‘xtatish mumkin.
Umumiy uyqu arteriyasidan qon ketishi vaqtida, arteriya VI bo‘yin umurtqasining 
ko‘ndalang o‘simtalariga bosiladi. Bunday muolajalar asosan bosh barmoqni bo‘yinning orqa 
qismiga, qolgan barmoqlarni esa oldingi qismiga qo‘yib amalga oshiriladi yoki buning aksi ham 
bo‘lishi mumkin. O‘mrovosti arteriyasini birinchi qovurg‘ aga bosish bilan ham qon ketishi 
to‘xtatiladi.
Bunday muolajalar III–IV barmoqlar bilan to‘sh-o‘mrov so‘rg‘ichsimon muskulning 
orqa- ashqi qirg‘og‘ini I qovurg‘aga bosish yo‘li bilan bajariladi. Qo‘ltiqosti arteriyasini yelka 
suyagi boshcha qismiga bosish bilan qon ketishining oldi olinadi. Bemor qo‘li tashqariga 
ochilgan holda yotqizilib, bosh barmoq qo‘ltiqosti yuqori qismiga bosilib, qolgan barmoqlar esa 
yelkaning tashqi tomonidan o‘rab turadi.
Yelka arteriyasini yelka suyagiga, ya’ni ikki boshli mushakning bosh qismi birikkan 
joyga, bilak va tirsak arteriyalarini esa suyaklarga bosish yo‘li bilan qon ketishining oldi 
olinadi.Son arteriyasidan qon ketganda qonni to‘xtatish uchun chov boylami uchidan ichkarigi 
qismi bosh barmoqlar bilan bosiladi. Bunday hollarda, boshqa nuqtalardan bunday urinishlar, 
son arteriyasining chuqur va qalin mushaklar ostida yotganligi sababli, samara bermaydi.
Zarur bo‘lganda, tashqi yonbosh arteriya va qorin aortasini ham bosish mumkin. 
Bunday hollarda bemorni orqasiga yotqizib, son-chanoq bo‘g‘imidan bir oz bukib, qorin 
mushaklarini erkin holga keltirish zarur. Shundan keyingina kaft musht holiga keltirilib, qorin 
aortasi umurtqaga, tashqi yonbosh arteriyasi esa suyaklarga bosiladi.
Venalardan qon ketgan vaqtda, arteriyalardan qon ketishidan farqli, qon to‘xtatish 
jarohatning pastki (distal) qismining yumshoq to‘qimalariga bosish orqali ham amalga oshiriladi. 
Qon ketishida har xil bog‘lovchi (jgut) matolar yordamida qon to‘xtatish eng qulay usullardan 
biri bo‘lib, o‘ziga xos kamchiliklarga ham ega. Bog‘lovchi matolar yordamida qon to‘xtatish 
usullari asosan arteriya qon ketishlarida, jarohatdan yuqori sohalarga qo‘yish orqali amalga 
oshiriladi. Ularni asosan qon to‘xtatishning boshqa choralari bo‘lmagan hollarda, 1–1,5 
soatgacha qo‘yish mumkin. Aks holda, to‘qimalarda qon aylanishining keskin buzilishi sababli, 
to‘qimalar nekrozi (o‘limi) va gangrenasiga, bu esa a’zolarning ma’lum qismini amputatsiya 
qilishga olib keladi.


Ba’zida qattiq siqib bog‘langan sohalarning yumshoq to‘qimalari oralig‘ida gematoma, 
nekroz va nerv tolalarining jarohatlanish hollari kuzatiladi. Nerv to‘qimalarining jarohatlanishi 
parezlar, gohida esa a’zolar falajiga sabab bo‘ladi. Keng tarqalgan bog‘lovchi matolar 
rezinalardan tayyorlanadi. Rezina naydan iborat Esmarx bog‘lamining bir qismida ilgak, ikkinchi 
qismida esa xalqa bo‘lib, bu maxsus moslama bog‘lovchi matoni biriktirishni qulay va oson 
qiladi. Boshqa bog‘lovchi vosita sifatida kengligi 2 sm kamarsimon rezina ishlatish mumkin.
Uning bir qismida tugma, ikkinchi qismida esa teshiklar shaklidagi moslama bo‘lib, 
mahkamlash uchun juda qulaydir. Jarohatlangan a’zoning pastki qismini qon to‘xtatuvchi 
bog‘lam qo‘yishdan oldin yuqoriga ko‘tarib, vena qoni chiqarib yuboriladi. Bog‘lovchi matolar 
vaziyat talabiga qarab har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, bog‘lovchi qayishqoq bo‘lmagan mato 
(belbog‘, kamar) oddiy ip yoki ro‘molchalardan iborat bo‘lsa, qon to‘xtatuvchi bog‘lam 
qo‘yilayotganda uncha qattiq tortmasdan, uning tagiga biror bir mato o‘rab, so‘ngra 10–15 sm 
uzunlikdagi sterjen (cho‘p, ruchka, qalam va h. k.) yordamida burash kerak. Bunday hollarda 
sterjenni burash bilan bog‘lamni keragicha tortish mumkin. 
Bog‘lam qo‘yilgandan so‘ng qo‘yilgan vaqti yorliqqa yozib ko‘rsatiladi. Bog‘lam 
qo‘yish muddati yozda 1,5 soat, qishda esa 1 soatdan oshmasligi kerak. Agar jarohatlangan 
odamni shu muddat ichida shifoxonaga yetkazib borishning iloji bo‘lmasa, bog‘lam yechilib, 10–
15 minut davomida qon ketayotgan tomir barmoq bilan bosib turiladi, keyin bog‘lam yuqorida 
ko‘rsatilgan talab bo‘yicha qaytadan boshqa joyga qo‘yiladi. Faqat davomiyligi birinchi marta 
qo‘yilgandagi vaqtning teng yarmiga qisqaradi. 
Jgutning to‘g‘ri qo‘yilganligini tekshirish. Ko‘pincha jgut yelka va son sohasiga 
qo‘yiladi. Agar haqiqiy tibbiy jgut bo‘lmasa, u holda qo‘lga ilingan istalgan matoni «burama – 
jgut» shaklida qo‘llash mumkin. Ammo arqon va sim ishlatish man qilinadi, chunki ular 
to‘qimalarni shikastlaydi. Tibbiy jgut – egiluvchan rezina tasma bo‘lib, oxirgi uchida qo‘l va 
oyoqqa mahkamlanadigan moslamasi bor. 
Jgut qo‘yish texnikasi. Jgutni ikki qo‘llab ushlab, yengil tarang qilib, har bir aylanmani 
oldingisi bilan yonma-yon qo‘yib, so‘ng jgut mahkamlanadi. Burama jgut qo‘yish uchun mato 
(ro‘molcha, bint)ni arqonsimon holatda o‘rab, qo‘l yoki oyoqqa tugun shaklida bog‘lanadi, so‘ng 
kichik tayoqcha yordamida qon oqishi to‘xtaguncha buraladi. Tayoqcha buralib bo‘shab 
ketmasligi uchun uni alohida bog‘lab qo‘yiladi.
Qon ketishi to‘xtagach, jarohatga bog‘lam qo‘yiladi. Jgut qo‘yishda quyidagi qoidalarni 
esda tutish kerak: jgut asosan songa yoki yelkaga qo‘yilishi lozim, chunki u yerda bitta suyak 
bor; jgut tanaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘yilmaydi, albatta, uning ostiga biror nima qo‘yish kerak; 
jgutni yozda 1,5 soatdan, qishda bir soatdan oshmagan muddatga qo‘yish mumkin; jgut 
qo‘yilgan vaqtni aniq qilib yozib, yopishtirib qo‘yish kerak. 
Jgut qo‘yilgandan so‘ng uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qo‘yilganligini aniqlash katta 
ahamiyatga ega. Buning uchun qo‘l va oyoqlardagi puls aniqlanadi. Agar puls yo‘q bo‘lsa, jgut 
to‘g‘ri qo‘yilgan bo‘ladi. Biron sababga ko‘ra, 1–1,5 soat davomida bemorni kasalxonaga olib 
borishning iloji bo‘lmasa, u holda 10–15 minutga jgut bo‘shatiladi va bir vaqtning o‘zida barmoq 
bilan jarohatdan yuqorisi bosib turiladi. Qish vaqtida oyoq va qo‘lni o‘rab, issiq saqlash tavsiya 
qilinadi. Kichik o‘lchamli arteriya yoki vena shikastlanganda siqib turuvchi bog‘lam qo‘yish 
kifoya. 


 Qon ketishini vaqtinchalik to‘xtatishda jarohatga steril doka yoki bint hamda paxta 
qo‘yib bog‘lanadi. Uncha katta va chuqur bo‘lmagan jarohatlarga yuqoridagi usulni qo‘llash qon 
ketishining batamom to‘xtatish chorasi hisoblanadi. Qolgan hollarda batamom qon to‘xtatish 
uchun jarrohlik klinikalarida tikish, bog‘lash yoki shikastlangan tomirlarni kuydirish kabi usullar 
ishlatiladi. 
Nazorat savollari 
1. Halokatlar tibbiy xizmatining tashkil etilishiga sabab nima? 
2. Jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning tartiblari qanday? 
3. Tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalarini ayting? 
4. Tibbiy vositalarga nimalar kiradi? 
5. jarohat turlarini ayting? 
6. Yurak-o‘pka reanimatsiyasini (qayta jonlantirishni) o‘tkazish qoidasi qanday? 
7. Yurak massaji berish usullari qanday? 
8. Sun’iy nafas berish tartibi qanday? 
9. Yosh bolalarda yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘tkazishni ayting? 
10. Katta odamlarda yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘tkazishni ayting? 
11. Qon oqish jarohatlari qanday bo’ladi? 
12. Arterial qon oqishda jgut jarohat joyining qayeridan bog’lanadi? 
13. Jarohatlanganlarga birinchi yordamni kim ko’rsatishi lozim? 
14. Yurak urishi to’xtaganda belgilangan tartibda ko’krak qafasi minutinga necha marta 
bosiladi? 

Yüklə 0,65 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin