Gallyutsinatsiya
Voqelikdagi narsa va hodisalarning tana a’zolarini qabul qilish analizatorlarga bevosita ta’sir etmasdan inson ongida turli obrazlarning (ovozlarning eshitilishi, sharpalarning sezilishi) xayolan, fikran paydo bo’lishidan iborat idrokning psixopatalogik (ruhiy xastalik) hodisasiga gallyutsinatsiya deyiladi. Gallyutsinatsiya hodisasi muvaqqat ruhiy xastalikning alomati, ba’zan qo’rqinch hissi mahsuli hisoblanib, bosh miya katta yarim sharlari qobig’idagi qo’zg’alish jarayonlarining nuqsonli sust (patologik) harakati natijasida goho asab tizimining zaharlanishi, zaiflashuvi, haddan tashqari toliqishi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Gallyutsinatsiya hodisasi bir necha xil ko’rinishga ega bo’lishi mumkin, ularning eng asosiylari quyidagilardan iboratdir: a ) yo’q narsalarning ko’zga ko’rinishi; b) u yoki bu ovozlar, tovushlar eshitilishi; v) yo’q sharpalar, hidlar sezilishi kabilardir.
Odatda illyuziyani gallyutsinatsiyadan farq qila olish lozim. Illyuziya shu lahzada shaxsning sezgi a’zolariga ta’sir etib turgan biror narsani yanglish, noto’g’ri idrok qilish jarayoni bo’lsa, gallyutsinatsiya yo’q mavjud bo’lmagan narsalarni tashqi ta’surotsiz idrok qilishdir. Masalan, yo’q narsalarning ko’zga bordek ko’rinishi, yo’q ovozlarning quloqqa eshitilishi, yo’q hidlarning dimoqqa urilishi kabilar gallyutsinatsiyaning mahsuli bo’lib hisoblanadi. Gallyutsinatsiya shaxsning biror narsa va holatni ko’rgandek, eshitilgandek, his qilgandek kabi tasavvurning aks etishidir xolos. Gallyutsinatsiya hodisasi ko’pincha kasallikdan (isitma, alahsirashdan) darak beruvchi alomatdir, u nerv tizimini buzadigan kasalliklarning oqibatida ro’y berishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |