Sharq uyg‘onish davri madaniyati Uyg‘onish (fr. Renaissane – Renessans) Sharq va g‘arb xalqlarining madaniyati tarixida keskin burilishlari davridir. Uyg‘onish davri Sharq va G‘arbda turlicha davrlashtiriladi. Uyg‘onish (ya’ni Renessans) terminini ilk bor italiyalik yozuvchi J. Bokkachcho Jotto ijodiga nisbatan ishlatib: “U antik san’atni uyg‘otdi”, deb ta’riflagan edi.
Sharq Uyg‘onish madaniyati g‘arb uyg‘onish madaniyatidan oldin yuzaga kelgani ayon haqiqat. Uyg‘onish Yevropada birinchi marta XIV asrda boshlangan bo‘lsa, Sharqda xususan, O‘rta Osiyoda uning ildizlari milodning boshlariga qarab keladi.
Agar uyg‘onish yuzaga keltirgan mahsulning moddiy va ma’naviy tomonlariga nazar tashlasak, Uyg‘onish-tashqi ta’sir yoki ichki madaniy, ilmiy jarayonlar ta’sirida xalqning tafakkuri, dunyoqarashi, yangi, ilg‘or madaniy hodisaning yuzaga kelishidir. Uyg‘onishni shu jihatdan belgilasak va uning yuzaga kelish omillari ma’lum bir davrda inqilobiy o‘zgarish yuzaga keltirganini e’tiborga olsak, Sharqda, xususan, bugungi O‘zbekiston hududida Uyg‘onish Kushon imperiyasi davridan boshlangan, deb aytish mumkin. Kushon imperiyasi madaniy jarayonni, ijtimoiy muhitni tubdan o‘zgartirdi. hozirgi O‘zbekistonning Sharq bilan madaniy aloqalari, ayniqsa, buddaviylikning katta madaniy hodisa sifatida karib kelishi va buning natijasida insonning ruhan poklanish jarayoni ayni sha davrda boshlangani Uyg‘onishning ildizlariga ishora qiladi, ya’ni yangi hodisa madaniy hayotning, tafakkurni tubdan o‘zgartirdi.
Uyg‘onish madaniyati – xronologik tomondan keng tushuncha bo‘lib, ayni zamonda katta hududdagi madaniy jarayonni o‘z ichiga qamrab oladi.
Sharq uyg‘onish madaniyatining qadimiyligi to‘g‘risida so‘z ketganda, Xitoyning Uyg‘onish madaniyati qadim ekani ham e’tiborga olinadi. Xitoy Uyg‘onish madaniyati milodiy VII-VIII asrlarda paydo bo‘ldi. Xitoyning shu davrdagi faylasufi Xan Yuy (768-824) insonparvarlikning haqiqiy idealini va’z qildi va nafaqat ilgaridan mavjub bo‘lgan “insoniyatga muhabbat” g‘oyasini, balki “hammaga muhabbat” g‘oyasini ilgari surdi. Ana shu g‘oya Xitoy Uyg‘onish madaniyatini boshlab berdi. Bu fikrni akademik I.N.Konrad ilgari surgan edi.
Hamma mamlakatlarda - Sharqda ham, G‘arbda ham Uyg‘onishni belgilab beradigan bitta omil bor. Yana I.N. Konradning aytishicha, bu omil – qishloq madaniyatidan shahar madaniyatiga o‘tishdan iboratdir.
Ammo shuni ham hisobga olish kerakki, Sharqdagi Uyg‘onishni Yevropadagi Uyg‘onish bilan bir, deb qarab bo‘lmaydi. Yevropada Uyg‘onish ijtimoiy–siyosiy sohada keskin burilishni paydo qilgan. XIV asrda Italiyadagi, XV– XVI asrlarda boshqa mamlakatlardagi o‘zgarishlar bunga misoldir. Ishlab chiqarishning rivoj topishi ham Yevropadagi Uyg‘onishga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Sharqda esa ijtimoiy–siyosiy jarayon o‘z oqimi, yo‘nalishi va tabiiy holaticha davom etgani uchun, Uyg‘onish birinchi navbatda o‘z o‘tmishi asosiga qurildi. Ikkinchidan, ilm–fan, madaniyat qadimiy an’ana va Sharq ilm–fanining ta’siri natijasida paydo bo‘ldi. Ayni paytda Sharq ilm–fani, madaniyati o‘zaro bir–biriga ta’sir etib, bir–birini inkor etmasdan, aksincha boyitganini ham e’tiborga olishimiz kerak.
O‘rta Osiyodagi Uyg‘onishni uch bosqichga bo‘lish mumkin:
1.IX–XIII asrlar Uyg‘onish davri.
2.XIV–XV asrlar Uyg‘onish davri.
3.XIX asr oxiri – XX asr boshlari Uyg‘onish davri.
Qayd etilgan har bir davrda Uyg‘onish ma’lum ijtimoiy–siyosiy jarayon mahsulidir. Birinchi davr (IX–XII asrlar) arab istilosidan keyin yuz berdi. Bu davrdagi Uyg‘onishning asosiy belgilari quyidagicha:
Dunyoviy ilmlarga intilish, bu sohada keskin burilishlar paydo bo‘lib, ilm–fan natijalarini inson manfaatlariga xizmat qildirish;
Dunyo miqyosidagi ilmiy kashfiyotlarning yuzaga kelishi va buning uchun zamin yaratilishi;
Diniy–falsafiy aqidalar bilan komil insonni tarbiyalash masalasini uyg‘unlashtirish;
Arablar istilosidan oldingi madaniy (til muammosi), siyosiy (xususan davlat qurilishiga oid) an’ana Qoraxoniylar sulolasi hukmronligi davrida yangicha mazmun kasb etdi, bu sulola yangicha tafakkur bilan arablar istilosidan oldingi madaniyatdan foydalandi.
O‘rta asrlardagi Uyg‘onishning mazkur davri dunyo madaniyati tarixida eng yorqin sahifalarni tashkil etadi. Forobiyning ko‘p qirrali ilmiy faoliyati, Beruniyning tabiiy va ijtimoiy fanlarga oid kashfiyotlari, Ibn Sinoning tibbiyot, falsafa va mantiqqa oid ishlari ayni shu davrda yuzaga kelgani bilan emas, balki O‘rta Osiyo madaniy hayotida keskin burilish paydo qilgani bilan diqqatga sazovor. Bu davrni ana shu buyuk olimlarning kashfiyotlari O‘rta Osiyo Uyg‘onishining dastlabki davri sifatida yuzaga keltirdi. Uyg‘onish davrining ilmiy, madaniy hayoti, bir tomondan, inson shaxsini ulug‘lagan davr sifatida tarix sahnasiga chiqqan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, keyin Uyg‘onish bosqichlari uchun zamin bo‘lgani bilan ahamiyatlidir.
Ikkinchi bosqich - XIV– XV asrlardagi Uyg‘onish mo‘g‘ullar istilosidan keyingi davrga aloqador. “Bu bosqich aynan Uyg‘onish davriga xos qanday xususiyatlarga ega? Shunchaki tarixiy davr deb nomlansa bo‘lmaydimi?” degan savol tug‘ilishi mumkin.
Bu asrlar tarixiy jihatdan mo‘g‘ullar istilosi oqibatlari ko‘zga tashlanib qolgan davr edi. Ammo mo‘g‘ullar istilosi faqat salbiy oqibatlari bilan iz qoldirmadi, balki Markaziy Osiyo madaniyati tarixida, xususan, adabiy jarayonda keskin burilishlar, ko‘tarilishlar davri hamdir. Mo‘g‘ullar istilosi Oltin O‘rda davlatini yuzaga keltirdi. Shu bilan birga, bu davlatning tarixiy “pasporti” deb atash mumkin bo‘lgan takrorlanmas Oltin O‘rda madaniyati va adabiyotini yaratdi. O‘zbek adabiyoti ayni Oltin O‘rda madaniy muhitida ilk bor yuzaga chiqdi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Xo‘sh, Oltin O‘rdadagi madaniy va adabiy muhitni qaysi belgilariga ko‘ra Uyg‘onish davriga bog‘laymiz? Buning uchun g‘arb Uyg‘onish madaniyatidan qiyosi sifatida foydalanamiz.
Uyg‘onishning g‘arbiy Yevropa mamlakatlari madaniyati tarixidagi asosiy belgisi sifatida o‘rta asrlardan yangi davrga o‘tish mezon qilib olinadi. Xuddi shu ta’rifni mo‘g‘ullar asos solgan Oltin O‘rda madaniyati va adabiyotiga ham tatbiq qilish mumkin. Tom ma’nodagi o‘zbek (umuman turkiy) adabiyotini tiklashga, eski o‘zbek tilini rivoj toptirishga urinish Oltin O‘rdada boshlandi. Fors va arab tillaridagi adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari Oltin O‘rdada rivoj topdi. Oltin O‘rda tarkibiga Xorazm, shimoli–sharqda Bulg‘or viloyati, shimolda Rus knyazliklari, janubda Qrim va uning dengiz bo‘yidagi shaharlari, Darbandgacha cho‘zilib ketgan Kavkaz, hatto Bokugacha cho‘zilib ketgan joylar, g‘arbda Dnestrdan boshlangan dashtliklar, sharqda — g‘arbiy Sibir va Sirdaryo etaklarigacha bo‘lgan yerlar kirgan. Ana shu hududlarning hammasida yagona an’ana amal qilgan edi.
Oltin O‘rda turkiy xalqlar hayotida madaniyatning markaziga aylangandan keyin buning ijobiy tomonlaridan biri shu bo‘ldiki, madaniy hayot O‘rta Osiyodan Oltin O‘rdaga ko‘chib o‘tdi. Albatta bu ko‘chish tabiiy, tarix oqimiga hamohang tabiiy jarayon edi.
Oltin O‘rda adabiy muhiti shunisi bilan diqqatga sazovorki, musulmon madaniyatini va islom dinini yoyish uchun payg‘ambarlar tarixiga oid asarlar o‘zbek tilida birinchi marta Oltin O‘rdada yaratildi. Nosiruddin Burhoniddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” (710|1310 yil), Mahmud ibn Ali as-Saroyining “Nahjul–farodis” (Jannatlarga ochiq yo‘l) (761|1361 yil) asarlari buning yorqin namunasidir. “Qisasi Rabg‘uziy” singari “Qisasul–anbiyo”larning o‘zbek tilidagi ko‘plab nusxalari bugungi kunda Turkiya muzeylarida, kutubxonalarida saqlanmoqda. Bu asarlarning bir qismi Oltin O‘rdada hukm surgan davrda yaratilgan. Mazkur “Qisasul–anbiyo”larning aksariyati forschadan qilingan tarjimalardir.
Albatta, Uyg‘onish, A.F.Losevning aytishicha, odamning zaminda o‘zining mavjudligini tasdiqlashga urinishidir. Ammo insonning zaminda mavjudligini tirikchilik o‘tkazish, kun kechirish, turli ehtiyojlarini qondirishdir, deb tushunmaslik kerak. Uyg‘onish davri madaniyati har qanday maishiy hayotdan ustun turadi. Uyg‘onish yuqorida biz ko‘rsatgan uch bosqichdan qaysi birida bo‘lmasin, birinchi navbatda tafakkurdagi o‘zgarishdir. Tafakkurdagi o‘zgarish - insonning ma’naviy, ruhan, jismonan, umuman olganda, moddiy tomondan ozod bo‘lishi demakdir. Uyg‘onish estetikasi ayni shuni talab qiladi. Uyg‘onish bosqichlari uchun ana shu ko‘rsatib o‘tganlarimiz asosiy tamoyillardir.
Sharq Uyg‘onish madaniyati o‘z doirasida qolib ketmadi, balki umuminsoniyatning yutug‘iga aylandi. Tarixiy dalillar shuni ko‘rsatadiki, Sharq yutuqlarining g‘arbga yoyilishida Vizantiya madaniy olami ham katta ta’sir ko‘rsatdi.
Tashqi va ichki qulay sharoitlar Sharq madaniyatining rivojini ta’minladi. Shu bilan birga, Sharq Uyg‘onish madaniyati o‘z doirasida qolib ketmadi, balki umuminsoniyat yutug‘i bo‘ldi. Alisher Navoiy ijodi ikkinchi bosqichdagi Uyg‘onish davrini ulkan cho‘qqiga ko‘tardi. XV asrdagi Uyg‘onish davri uning “Xamsa”si, dostonlaridagi ko‘tarilgan gumanistik g‘oyalar, tarixiy va ilmiy asarlari bilan ajralib turadi. O‘zbek adabiyotini yuksak pog‘onaga ko‘tarish, o‘zbek adabiy tilini yaratish, fanning turli sohalari -tarix, falsafa, musiqa, san’atga homiylik bilan u XV asr madaniy muhitini tubdan o‘zgartirdi. g‘arbiy Yevropada ham mumtoz adabiyotning xalq tilida yaratilgani Uyg‘onish davrining eng buyuk yutuqlaridan biri ekani aytiladi6 . Alisher Navoiy ijodi va faoliyati bilangina XV asr Uyg‘onish davri Sharq Uyg‘onish tarixida alohida mavqe egallaydi.
Ammo Navoiy davridagi Uyg‘onishni, xususan, Navoiy ijodi XV asr Uyg‘onish davrini paydo qilganini yuqorida aytilganlar bilan cheklash kifoya qilmaydi. “Xamsa” dostonlari Uyg‘onishning eng yorqin mahsuli sifatida yuzaga kelganini ta’kidlash darkor. “Xamsa” asari yozilgani uchun emas, balki Uyg‘onish romantizmini Navoiy dostonlariga olib kirgani bilan belgilanadi. Ayniqsa, Farhod obrazida ideal inson tasviri ham Uyg‘onish davrining idealidir. U bir talay hunarlarni o‘rganadi, otasi taklif qilgan taxtda voz kechadi, Shiringa bo‘lgan sevgisi uni qahramonona ishlarga undaydi, Xusrav bilan munozarada ma’naviy jihatdan yuksakligini namoyish etadi va h. Bu fazilatlar Sharqu g‘arb adabiyotidagi Uyg‘onish davri qahramonlariga xos ideal fazilatlardir. Shuningdek, Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida antik davr mutafakkirlari nomlarini keltiradi. Antik davr yunon mutafakkirlarining salohiyati bilan shahzoda Farhodning iste’dodi solishtiriladi, yunon faylasuflari boshqa davr odamlari uchun boshqacha qiyofada, boshqa zamonlar uchun, boshqa tafakkur tarzi uchun XV asrga qaytadi:
Erur Iskandari Rumiy nigori,
Jahon ahlig‘a oning yodgori
Ki aylab to‘rt yuz dono bilan jahd,
Alardin har bir Aflotung‘a hamahd...
Erur g‘or ichra Suqroti yagona,
Dema Suqrot, Buqroti zamona...
(“Farhod va Shirin”dan)
Uyg‘onish davri Sharq va G‘arbda o‘ziga xos juz’iy qonuniyatlarga ega. Shu bois Yevropa o‘rta asr dostonlarining farqini tushunishimizga ham Navoiy dostonlari yordam beradi. Masalan, o‘rta asr Germaniyasida “Oshiq Roland”, “Roland haqida qo‘shiq” dostonlari bor. Bu dostonlar qahramonlari o‘rta asrdagi ritsarlik hayotini aynan aks ettiradi, ya’ni chinakam ritsar qiyofasi qanday bo‘lsa, shundayicha tasvirlangan, o‘sha davr nuqtai nazari bo‘yicha ritsarning realistik qiyofasi chizib berilgan. Uyg‘onish davri dostonlari qahramonlari romantik qiyofada tasvirlangan. Bu o‘z–o‘zidan tushunarli: Uyg‘onish asrida ritsarlar yo‘q edi. Agar ularni qandaydir qiyofada tasvirlash kerak bo‘lsa, tasavvurlar xayolotni safarbar qilishi kerak bo‘lgan7 .
Xuddi shu singari, miloddan oldingi IV–II asrlardagi yunon faylasuflarini XV asrda tasvirlash uchun albatta romantik tasvir shart edi. Uyg‘onish davrining tafakkur tarzi ayni shuni talab qilardi.