aloqadorligi tufayli allalarning kompozicion butunligi yuzaga keladi. Allalarda to`rtlik band tuzilishi yetakchi bo`lsa-da, uchlik, beshlik, oltilik, ettilik va sakkizlik tarzida bir butun tugallangan allalar ham, shuningdek, shu xildagi band asosida to`qilgan namunalar ham ancha.Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalaridagi allalarning aksariyati, asosan, to`rtliklar, beshliklar va sakkizliklar shaklida bo`lsa, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent va Farg`ona vodiysida hajman bir necha to`rtlik yo beshlikdan iborat voqeaband yo lirik allalar salmog`i baland. Bunday strofik xilma-xillik onalarning alla kuylayotgan vaziyatdagi kayfiyatining natijasi bo`lib, allada kuylanishi kutilgan g`oyaviy niyatning salmog`iga, ko`tarinkiligiga, yo`nalishiga bog`liq. O`zbek allalarida shunday bir ichki mantiq borki, u qaysidir bir ishorada harakat, ohang va mazmun birligini ta`minlab turadi.
Onalar o`zlari xush yoki noxushliklaridan qat`iy nazar farzandlariga hamisha mehribonlik bilan kuylaydilar: farzandlarini erkalata turib uyqu chaqirganlarida eng nafis ranglarni tanlashga, shu ranglarni g`oyat nazokat bilan ishlatishga e`tibor beradilar. Bolalari tabiatini toblantirishda doimo tiniqlik va quvnoqlikka aloqador tuyg`ularni teran ifodalashga xizmat qiluvchi poetik obrazlarga, sifatlash va o`xshatishlarga murojaat qiladilar, shu maqsadda qo`zichoq, qo`chqor, olqor, toychoq, saman, toyloq, bo`taloq, kiyik(ohu), quralay, serka, bulbul, to`ti, lochin, tog`, shahm, chirog`, qizil gulobrazlarida farzandlari qiyofasi va taqdiriga xos fazilatlarni umumlashtirib e`zozlaydilar:
Bulbul qushning bolasi, Alla, qo`zim-o, alla. Daraxtda bo`lar uyasi, Alla, bolam-o, alla. Daraxt boshini sel olsa, Alla, qo`zim-o, alla. Shaydolar bo`lar onasi, Alla, bolam-o, alla.