Tadbirkorlik faoliyatida hisob-kitob munosabatlarini huquqiy ta’minlash Fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan holda ular o‘rtasidagi hisob-kitoblar va fuqarolar ishtirokidagi hisob-kitoblar naqd pullar bilan yoki naqd pulsiz summasi cheklanmagan holda amalga oshirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5177-son Farmoniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar (xizmatlar) uchun xorijiy valyutada to‘lovlarni amalga oshirish taqiqlangan, xalqaro tajribaga muvofiq xalqaro to‘lov kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar bundan mustasno.
Naqd pulsiz hisob-kitoblar bank plastik kartalaridan foydalangan holda ham amalga oshirilishi mumkin.
Bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqa muddatlar belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, bank tegishli to‘lov hujjati bankka kelib tushgan kunda mablag‘larni mijozning hisobvarag‘iga kirim qilishi yoki mablag‘larni uning hisobvarag‘idan hisobdan chiqarishi shart.
Mablag‘larni to‘lovchining hisobvarag‘ida unga qo‘yilgan talablarni qondirish uchun yetarli miqdorda mablag‘lar bo‘lmagan taqdirda mablag‘larni hisobdan chiqarish Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar “O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi.
Mazkur nizom naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshiradigan, O‘zbekiston Respublikasining barcha yuridik va jismoniy shaxslariga (“mijozlarga”) - rezidentlari va norezidentlariga taalluqli.
Yuridik shaxslar o‘rtasidagi hisob-kitoblar, shuningdek fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq holda ular ishtirokidagi hisob-kitoblar naqd pulsiz tartibda amalga oshiriladi. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar o‘rtasidagi hisob-kitoblar agar qonunda boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, naqd pulda ham amalga oshirilishi mumkin.
Naqd pulsiz hisob-kitoblar amalga oshirilganda to‘lov topshiriqnomalari, akkreditivlar, cheklar bilan hisob-kitob qilishga, inkasso bo‘yicha hisob-kitob qilishga, shuningdek qonunda, qonunga muvofiq chiqariladigan bank qoidalarida hamda bank amaliyotida qo‘llanilayotgan ish muomalasi odatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda hisob-kitob qilishga ham yo‘l qo‘yiladi.
Mablag‘larni to‘lovchi va mablag‘larni oluvchi tomonidan tuzilgan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun to‘lanishi zarur bo‘lgan penyani hisoblash va undirish bo‘yicha banklar javobgar bo‘lmaydi.
Mijoz hisob-kitob operatsiyalariga doir barcha masalalar bo‘yicha unga xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaat qiladi. Bank va mijoz o‘rtasidagi nizolar ular o‘rtasida tuzilgan bank hisobvarag‘i shartnomasiga muvofiq hal qilinadi. O‘zaro kelishuvga erishilmagan taqdirda masalalar sud orqali hal etiladi.
Inkasso topshiriqnomalari bilan hisob-kitoblar
Inkasso topshiriqnomasi — mablag‘larni oluvchining inkasso topshiriqnomasida ko‘rsatilgan summani mablag‘larni to‘lovchining hisobvarag‘idan so‘zsiz ravishda hisobdan chiqarish bo‘yicha topshirig‘i nazarda tutilgan hisob-kitob hujjati. Inkasso topshiriqnomasi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faqat asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga taqdim etilishi mumkin.
Inkasso topshiriqnomasini topshirish yoki jo‘natishda u bankning bosh buxgalteri va mijozning hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatuvchi buxgalterning imzosi va bankning muhri bilan tasdiqlanadi hamda quyidagi maʼlumotlar ko‘rsatilgan holda ustxat yoziladi:
inkasso topshiriqnomasining bankka kelib tushgan sanasi;
inkasso topshiriqnomasi bo‘yicha mablag‘ qisman to‘langan bo‘lsa, undirib olingan summaning miqdori;
inkasso topshiriqnomasini topshirish yoki jo‘natish sanasi.
Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari hisob va hisobotni qonun hujjatlariga muvofiq yuritadi. Hisobot tadbirkorlik sub’ektining xohishiga ko‘ra qog‘ozda va (yoki) elektron shaklda tayyorlanishi mumkin. Tadbirkorlik sub’ektlarining elektron shaklda taqdim etilgan hisoboti tadbirkorlik sub’ektining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Davlat tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan elektron shaklda hisob yuritilishini dasturiy ta’minotni imtiyozli shartlarda yoki bepul tarqatish orqali rag‘batlantiradi.
Kichik tadbirkorlik sub’ektlari faqat davlat statistika organlari va davlat soliq xizmati organlariga, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa davlat soliq xizmati organlariga belgilangan shakllarda hisobot taqdim etadi.