Tog‘ va to‘qaylarda na’matak turkumiga mansub turlar o‘sadi. Ulardan biri oddiy na’matak (ra’no)dir. U bo‘yi 3–4 m ga yetadigan, poyasi ko‘p, tikanli sershox buta. Barglari murakkab toq patsimon, 5–9 yaproqchali. Iyun-uyul oylarida gullaydi. Gullari yirik, eni 8–9 sm, asosan och pushti, gulkosacha va gultoji 5 tadan. Gulda juda ko‘p changchi va urug‘chilari bor.
Na’matakning soxta mevasi to‘q qizil, etdor, uzunchoq tuxumsimon, uzunligi 2–3 sm, ichida juda ko‘p qattiq urug‘lari bor. Meva tarkibida inson salomatligi uchun zarur moddalardan darmondori, limon kislota, oshlovchi va boshqa moddalar bo‘ladi. Tabobatda avitaminoz kasalligining oldini olish va davolashda ishlatiladi.
O‘zbekistonda bu turkumga mansub l3 tur o‘simlik o‘sadi. Na’matak madaniy atirgullarning yovvoyi turi hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda yer yuzida atirgullarning 10 mingga yaqin, O‘zbekistonda 340 dan ortiq navi ekiladi.
Olmalarolma turkumiga mansub daraxtlar bo‘lib, O‘zbekistonda ularning 5 ta turi bor. Shulardan 2 tasi yovvoyi, 3 tasi esa madaniy turlardir.
Nok guli va mevalari bilan olmaga o‘xshaydi. Lekin mevasining etida tosh hujayralari borligi bilan olmadan farq qiladi. O‘zbekistonda nok turkumiga oid 7 ta tur bor.
Yovvoyi olma, nok, olcha va boshqa mevali o‘simliklar qurg‘oqchilik, sovuq va zararkunandalarga chidamliligi tufayli yangi navlar yaratishda, chatishtirish yoki payvandtag qilish uchun muhim ahamiyatga ega.
Ra’nodoshlar oilasiga tegishli o‘simliklar respublikamizda madaniy holda ham ko‘p tarqalgan. Ularga o‘rik, shaftoli, gilos va olxo‘ri, qulupnay, malina kabilar kiradi va ular xalq xo‘jaligida katta ahamiyatga ega. Oila vakillaridan ikkitasi (O‘rta Osiyo noki, Olga sorbariyasi) O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan.
Gk4 Gt4 Ch4+2 U1 20.2. Karamdoshlar oilasi
Oila vakillari: Jag`-jag`, karam, o`sma, rediska, shalg`om, turp
Karamdoshlar oilasining vakillari yer sharining deyarli barcha qit’alarida o‘sadi. U 350 turkumga oid 3000 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda bu oilaga mansub 200 ga yaqin tur va 76 turkum uchraydi.
Karamdoshlarning ko‘pchiligi bir yillik, ikki yillik va ko‘p yillik o‘tlardir. Ildizi – o‘q ildiz tizimli. Poyasi tik o‘suvchi. Barglari oddiy, butun yoki qirqilgan, poyada ketma-ket o‘rnashgan. Gullari to‘g‘ri va ikki jinsli, shingil to‘pgulda o‘rnashgan. Gulqo‘rg‘oni murakkab gulkosacha va gultojga ajralgan. Gulkosacha to‘rtta, bir-biri bilan qo‘shilmagan, gulkosachabargdan, gultoj ham to‘rtta erkin holdagi gultojbargdan tashkil topgan. Gulida bitta urug‘chi va oltita changchisi bor.
Mevasi – qo‘zoq (bo‘yi enidan 3 marta va undan ham uzun) yoki qo‘zoqcha (bo‘yi eni bilan bir xil yoki 2 marta uzun), ko‘pincha tubidan ikki pallaga bo‘linib ochiladi.
Karamdoshlarga mansub yovvoyi turlarning ko‘pchiligi bahorda cho‘llarda, tog‘ etaklaridagi qirlarda tarqalgan. Oila vakillaridan biri jag‘-jag‘dir.
Jag‘-jag‘ shu nomli turkumga oid, bo‘yi 10-30 sm keladigan bir yillik o‘t. Ildiz bo‘g‘izida joylashgan barglari qisqa bandli, patsimon, qirqilgan poyadagilari esa bandsiz. Gullari poyada shingil to‘pgul hosil qiladi. Gulkosachabarglari gulbarglaridan 1,5 marta uzun. Changchilari 6 ta. Urug‘chisi bitta.
Oddiy jag‘-jag‘ mart oyidan boshlab mayning oxirigacha gullaydi va meva (qo‘zoqcha) hosil qiladi. Yaxshi o‘sgan har bir tup o‘simlikda 70 000 ga yaqin urug‘ yetiladi.
O‘zbekistonda jag‘-jag‘ turkumiga oid faqat bitta tur – oddiy jag‘-jag‘ o‘sadi.