Oddiy jag‘-jag‘ tarkibida «C» va «K» darmondorilari, olma va limon kislotalari bor. Erta ko‘klamda to‘pbarglari ovqatga ishlatiladi. Jag‘-jag‘dan ko‘k chuchvara, ko‘k somsa tayyorlanadi. Uning yer ustki qismidan tayyorlangan dorilar tabobatda qon ketishini to‘xtatishda ishlatiladi.
O‘zbekistonda karamdoshlar oilasiga mansub sabzavot ekinlariga karam, sholg‘om, rediska va turp kiradi. Bo‘yoq beradigan o‘simlik sifatida esa o‘sma ekiladi.
Bu oilaga mansub 8 ta tur O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Og0,5 Ch2-5 U(2-5) 20.3. Sho‘radoshlar oilasi
Oila vakillari: Baliqko`z, olabuta, cherkez, cho`g`on, donasho`r, ebalak itsigak, izen, keyreuk, lavlagi, quyonjun, rezavor ismaloq, sag`an, saksovul, sho`rak, teresken, turkiston ismalog`i
Bu oilaga deyarli hamma qit’alarning sahro va cho‘llarida, qumlarda va sho‘rtob yerlarda o‘sadigan 100 dan ortiq turkumga mansub, 1500 turga oid daraxtlar, butalar, ko‘p yillik, ikki yillik va bir yillik o‘tlar kiradi. O‘zbekistonda sho‘radoshlar oilasiga mansub 44 turkumga oid 200 ga yaqin tur o‘sadi. Bularning ko‘pchiligi cho‘llarda o‘sadi.
Bu o‘simliklar ko‘pincha etdor – sersuv bo‘ladi. Barglari oddiy, yonbargsiz, ketma-ket yoki qarama-qarshi o‘rnashgan. Bargi juda kichrayib ketgan yoki butunlay yo‘qolib ketganlari ham bor. Gullari mayda, yashil yoki rangsiz, to‘g‘ri yoki qiyshiq, ikki jinsli, ba’zan ayrim jinsli, boshoqsimon yoki shingilsimon to‘pgulda o‘rnashgan. Gulqo‘rg‘oni oddiy, kosachasimon, 5 ta yashil yoki rangsiz pardasimon bargchalardan tashkil topgan yoki gulqo‘rg‘on butunlay yo‘qolib ketgan. Changchilari 2–5 ta. Urug‘chisi 2–5 mevabargdan iborat. Mevasi asosan yong‘oqcha.
Sho‘radoshlarning keng tarqalgan vakillaridan biri oddiy lavlagidir. Oddiy lavlagi lavlagi turkumiga mansub ikki yillik o‘simlik. U urug‘dan chiqqan birinchi yili uzun bandli yirik barglar va oziq moddalarga boy, yo‘g‘onlashgan ildiz (ildizmeva) hosil qiladi. Ikkinchi yili unda mayda bargli, sershox, uchi to‘pgullar bilan tugovchi poya vujudga keladi. U may oyida gullaydi. Gullari mayda. Gulqo‘rg‘oni oddiy, gulkosachasimon, changchilari 5 ta. Urug‘chisi 3 ta meva bargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Lavlagining mevasi – sentabrda pishadi. Mevasi yong‘oqcha.
Sho‘radoshlarga mansub ismaloq turkumining O‘zbekistonda 2 turi o‘sadi. Ulardan biri rezavor ismaloq bo‘lib, u ziravor o‘simliklar qatorida ekiladi; poya va barglari ovqatga ishlatiladi. Ikkinchisi Turkiston ismalog‘i. U bir yillik, ikki uyli begona o‘t.
Qumli cho‘llarda saksovul turkumiga oid oq va qora saksovul o‘sadi. Bularning ikkalasi ham uncha yirik bo‘lmagan daraxtlardir. Barglari juda mayda. Saksovullar martning oxiri – aprelning boshlarida o‘sa boshlaydi va gullaydi. Sentabrning ikkinchi yarmidan boshlab saksovullar mevalaydi. 5 ta gulqo‘rg‘on bargchalardan qanotcha o‘sib chiqadi.
Saksovul barglarining deyarli yo‘qolib ketishi va bir yillik novdalardan bir qismining to‘kilishi uning issiq va quruq cho‘l sharoitida yashashga moslashganligining belgisidir.
Saksovulning poyasi qimmatbaho yoqilg‘i, bir yillik novdalari va mevalari chorva mollari uchun ozuqa hisoblanadi.
Bundan tashqari, saksovullar ko‘chma qumlarni mustahkamlashda keng qo‘llaniladi.
Sho‘radoshlarning ko‘pchilik turlari gipsli va sho‘rli cho‘l o‘tloqlaridagi asosiy yem-xashak o‘simliklari qatoriga kiradi. Masalan, teresken, ebalak, sag‘an, izen, baliqko‘z, sho‘rak, quyonjun, donasho‘r turkumlariga oid o‘simliklarni tuyalar va qorako‘l qo‘ylari kuzda ishtaha bilan yeydi. Izen, cho‘go‘n va keyreukni madaniy yem-xashak o‘simliklari qatoriga kiritish ustida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining «Botanika» ilmiy-ishlab chiqarish markazida ilmiy tekshirish ishlari olib borilmoqda. Cherkezning bargi va mevasidan olinadigan dori tibbiyotda qon bosimini pasaytirish uchun ishlatiladi. Itsigakdan olinadigan zaharli modda – anabazin qishloq xo‘jaligiga zarar keltiruvchi hasharotlarga qarshi kurashda qo‘llanadi.
Bu oilaga mansub 8 ta tur Respublika Qizil kitobiga kiritilgan.