Oila vakillari: Beshyaproqli partinantsissus, madaniy tok, terakbargli liftok
Bu oilaga asosan tropik va subtropik mintaqalarda tarqalgan 11 turkum va 600 dan ortiq tur kiradi. Tokdoshlar oilasi jingalaklari yordamida boshqa narsalarga ilashib qaddini ko‘taradigan buta va daraxtlarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda tokdoshlarga oid 3 turkumga mansub 4 ta tur o‘sadi. Ulardan bittasi yovvoyi, 3 tasi esa madaniydir. Tokdoshlardagi jingalaklar novda shaklining o‘zgarishidan hosil bo‘lgan. Barglari 3-5 bo‘lakli, panjasimon bo‘lingan, uzun bandli, yonbargchali. Gullari mayda, to‘g‘ri, ikki jinsli yoki bir jinsli, rangsiz, ro‘vaksimon to‘pgulga yig‘ilgan. Gulkosachabarg, gultojbarg va changchilari 4–5 tadan. Gulqo‘rg‘oni murakkab, gulkosachasi yaxshi taraqqiy etmagan. Gultojbarglari 5 ta, erkin yoki uchi bilan bir-biriga qo‘shilgan. Changchilari 5 ta. Urug‘chisi asosan 2 ta.
Mevasi – rezavor meva.
Tokdoshlarning keng tarqalgan vakillaridan biri madaniy tokdir. Uning bo‘yi 2-4 (6-10) m gacha yetadi. Jingalaklari yordamida so‘rilarga, ishkomlarga yoki boshqa daraxtlarga ilashib o‘sadi. Vegetativ yo‘1 bilan ko‘paytiriladi.
Bargi uzun bandli, panjasimon bo‘lingan. Tok may-iyun oylarida gullaydi. Gullari mayda, ikki jinsli, odatda shingil (bosh) deb ataladigan murakkab to‘pgulga joylashgan.
Madaniy tok gulining tuzilishi oila uchun xos bo‘lgan gul tuzilishiga o‘xshaydi, lekin bunda 5 ta gultojbarg bir-biriga qo‘shilgan bo‘lib, urug‘chi va changchilarini ustidan qalpoqqa o‘xshab qoplab turadi va gul ochilishi paytida tushib ketadi.
Ertapishar (chillaki) tok navlarining mevasi iyuldan boshlab, kechki navlariniki esa oktabrda pishadi. Mevasi har xil shaklda, o‘lchamda va rangda, 2-3 urug‘li yoki urug‘siz, shirin yoki nordon bo‘ladi. Tok mevasi xalq orasida uzum deb ataladi.
O‘zbekistonda tokning 500 ga yaqin navi o‘stiriladi. Bulardan kishmish, kattaqo‘rgon, qorago‘zal, daroyi, buvaki, hiloliy, qirmizi, husayni, sohibi, rizamat, toyipi, charos, soyaki, chillaki kabi navlari keng tarqalgan.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasining faxriy akademigi, xalq seleksioneri Rizamat ota Musamuhamedov (1881–1979) O‘zbekistonda uzumchilikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. Bu sohibkor seleksioner tomonidan mahalliy sharoitga moslashgan ko‘plab ajoyib tok navlari qayta tiklandi va ommalashtirildi.
Yozgi oshxona va choyxonalar, dala shiyponlari va ayvonlar oldiga yovvoyi uzum nomi bilan manzarali o‘simlik – beshyaproqli partenotsissus ekiladi. Bu partenotsissus turkumiga oid poyasi ingichka, uzun jingalaklari bilan ilashib tikkasiga 10–15 (20) metrgacha ko‘tarila oladigan, barglari panjasimon murakkab o‘simlik. Gulining va mevasining tuzilishi toknikiga o‘xshaydi. Vatani Shimoliy Amerika. Respublikamizning janubiy viloyatlaridagi tog‘larning toshloq va qoyali yonbag‘irlarida terakbargli liftok o‘sadi. Bu liftok turkumiga oid yotib o‘suvchi buta. Barglari butun, cheti yirik tishli. Guli toknikiga o‘xshash, lekin gulkosachasi aniq ko‘rinmaydi. Mevasi qora, mayda, rezavor meva, iste’mol qilishga yaramaydi.
Uzum mazali va to‘yimli, yangiligida hamda quritib mayiz holida iste’mol qilinadi. Undan sharbat olinadi, vino, shinni, murabbo va konservalar tayyorlanadi.
Yangi barglaridan tokoshi va boshqa taomlar tayyorlashda foydalaniladi. O‘zbekistonda tok tabiiy holda ham o‘sadi. U O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan.