M.Veber. Maks Veber (1864-1920) o’z sosiologik qarashlarida Rikkertning
borliq va ongning o’zaro aloqasi zamirida subyektning qadriyatga bo’lgan
muayyan munosabati yotadi, degan g’oyasiga tayangan. Shunga muvofiq Veber
tahlil qilinayotgan materialning iqtisodiy, diniy va axloqiy qadriyatlar bilan o’zaro
nisbatini aniqlash lozim deb hisoblagan. O’zining «Protestantcha axloq va
kapitalizm ruhi» asarida Veber dastlab Niderlandiya, Angliya va AQShda vujudga
kelgan sanoat kapitalizmining qaror topishiga protestantcha axloq qadriyatlarining
ta’sirini tahlil qiladi. U hozirgi zamon xo’jalik hayotida hukm surayotgan
kapitalizmning o’ziga xos xususiyatiga mos keladigan xo’jalik yurituvchi
subyektlar – tadbirkorlar va ishchilar shakllanishi natijasida vujudga kelganini
qayd etadi. Veber tarixiy materializmning g’oyalar iqtisodiy munosabatlar
ustqurmasi sifatida yuzaga kelgan, degan «sodda» tasavvurlariga to’g’ridan-to’g’ri
e’tiroz bildiradi va aksincha, kapitalizm «ruhi» uning vujudga kelish omili bo’lgan,
deb hisoblaydi.
U kapitalizm modelini kapitalistik naf ko’rishga oqilona intilishdan keltirib
chiqarishga harakat qiladi. Veber rasionalizm tamoyillari G’arb madaniyatining
barcha hodisalarida: fanda, san’atda, monumental qurilmalar yaratish konstruktiv
tamoyillarida hukm surishini qayd etadi. Oqilona ishlab chiqilgan konstitusiya,
huquq, oqilona yaratilgan qoidalarga qarab mo’ljal oladigan mutaxassis-
amaldorlardan iborat siyosiy institut sifatidagi davlat faqat G’arbda mavjud.
Ammo rasionalizm qadriyatlarini amalga oshirishning eng oqilona ifodasi
tadbirkorlik
sohasida
mujassamlashgan:
ishlab
chiqarishning
kommersializasiyalashuvi,
buxgalteriya
hisoboti,
chayqovchilikni
oqilonalashtiruvchi qimmatli qog’ozlar va birjalar, mehnatni oqilona tashkil etish
va h.klardir.
O’zining boshqa bir qator asarlari, chunonchi: «Tushunuvchi sosiologiyaning
ba’zi bir kategoriyalari haqida», «Jahon dinlarining xo’jalik axloqi», «Xo’jalik va
jamiyat», «Xo’jalik tarixi»da Veber ijtimoiy harakat va uning motivasiyasi
tushunchasini ta’riflab berdi. Borliqni tushuntirish uchun u «ideal tiplar»
metodologiyasini yaratdi va undan foydalandi. Veber fikriga ko’ra, ijtimoiy
organizm hujayrasi hisoblanadigan ijtimoiy harakat ikki omil: subyektiv
motivasiya va boshqalarga qarab mo’ljal olishni o’z ichiga oladi. U ijtimoiy
harakatning oqilona maqsadli ijtimoiy harakat, oqilona qadriyatli ijtimoiy harakat,
affektli ijtimoiy harakat va an’anaviy ijtimoiy harakat kabi tiplarini farqlaydi.
O’zining ijtimoiy harakat konsepsiyasini Veber hokimiyatni tushunishga
nisbatan ham tatbiq etadi. O’zgalarning umidlariga qarab mo’ljal olish ijtimoiy
harakatning muqarrar belgisi bo’lgani bois, hokimiyat siyosiy munosabatlarda
ishtirok etuvchi tomonlarning o’zaro umidlarini nazarda tutadi. Shu holdagina
hokimiyat qonuniylik kasb etadi: boshqarayotganlar o’z buyruqlariga
bo’ysunishlariga umid qiladilar; boshqarilayotganlar esa oqilona buyruqlarni
kutadilar. Veber qonuniy davlatlarning: ish vakolatlari qonuniy belgilanishining
majburiyligiga bo’lgan ishonchga ko’ra hukmronlik; muayyan xulq-atvorga
ko’nikish bilan belgilangan hukmronlik; xarizmatik hukmronlik kabi uch tipini
farqlaydi. Boshqaruvning oqilona-byurokratik tipi vujudga kelishi bilan bog’liq
bo’lgan hokimiyatning namunaviy-oqilona tipini Veber hokimiyat ideali deb
hisoblagan.
XX asrda M.Veber ilgari surgan tarixiy jarayonning teng huquqli omillari
ta’siri haqidagi g’oyasi asoslab berildi. Ijtimoiy rivojlanishning hozirgi bir qancha
nazariyalari texnika, sanoat, axborot tizimlari, kommunikasiya, globallashuv kabi
omillarni birinchi o’ringa qo’yadilar.
Dostları ilə paylaş: |