Didaktikaning asosiy kategoriyalari. Muayyan fanga xos bo’lgan tushunchalarda insoniyat tomonidan ijtimoiy taraqqiyot jarayonida to’plangan bilimlar aks etadi.
Didaktikaning asosiy kategoriyalari quyidagilardan iborat: o’rgatish, o’rganish, o’qitish, ta’lim, bilim, ko’nikma, malaka, kompetensiya, maqsad, mazmun, tashkil etish, shakl, metod, vosita, natija.
O’rgatish – o’qitish maqsadini amalga oshirish bo’yicha pedagogning tartiblangan faoliyati.
O’rganish – anglash, mashq qilish, va egallangan tajribalar asosida xulq-atvor va faoliyatning yangi shakllarini egallash jarayoni, oldin egallanganlari o’zgaradi.
O’qitish – qo’yilgan maqsadga erishishga yo’naltirilgan pedagog bilan o’quvchilarning tartiblangan o’zaro harakati.
Ta’lim – o’qitish jarayonida egallanadigan bilim, ko’nikma, malakalar, kompetensiya va fikrlash usullari tizimi.
Bilim – ma’lum bir fanni nazariy o’zlashtirishni aks ettiradigan inson g’oyalari yig’indisi;
Ko’nikma – egallangan bilimlarning aniq xatti-harakatdagi ifodasi, o’zlashtirilgan bilimlarni amaliyotga qo’llash usullarini egallash.
Malaka – avtomatlashgan, biror bir usul bilan bexato bajarish, ko’nikmaning takomillashgan darajasi.
Kompetensiya – egallangan bilim, ko’nikma va malakalarnikundalik va kasbiy faoliyatda qo’llay olish layoqati.
Maqsad – o’qitishning nimaga qaratilganligi, uning kuchlari kelgusida qay yo’sinda safarbar etilishi.
Mazmun – o’qitish jarayonida egallanishi lozim bo’lgan ilmiy bilim, amaliy ko’nikma va malakalar, faoliyat, fikrlash usullari tizimi.
Tashkil etish – qo’yilgan maqsadni samarali amalga oshirish uchun unga zaruriy shaklni taqdim etadigan, aniq mezonlar bo’yicha tartiblangan didaktik jarayon.
Shakl – o’quv jarayonining tashqi ifodasi, uning ichki mohiyati, mantig’i, mazmuni uchun qobiq.
Metod – o’qitishning maqsad va vazifalariga erishish (amalga oshirish) yo’li.
Vosita – o’quv jarayonining predmetli qo’llab-quvvatlanishi, yangi materialni o’zlashtirish jarayonida o’qituvchi va talabalar tomonidan foydalaniladigan ob’yekt.
Natija – o’quv jarayonining so’nggi mahsuli, belgilangan maqsadlarning amalga oshganlik darajasi.
Ta’lim jarayoni mohiyati. Ta’lim jarayonining qonuniyatlari. Ta’lim jarayonining prinsiplari.
Didaktlarning ishlarida shu narsa yaqqol ko’rinadiki, o’quv jarayonida o’qituvchi va o’quvchilar orasidagi munosabat sub’yekt-sub’yekt tavsifiga ega bo’lishi zarur. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, ta’lim – bu keng tarzda sotsiumning bo’lajak a’zosini umumiy mehnat, hamkorlikka o’rgatish uchun zarur bo’lgan birgalikdagi faoliyat.
Hamkorlikdagi faoliyatga tayyorlash nuqtai nazaridan zamonaviy ta’lim jarayonini ko’rib chiqish asosida o’quvchilarning rollar orqali namoyon bo’lishi quyidagicha ko’rinish kasb etadi:
o’quv jarayoni bilan dastlab tanishishda tomoshabin, kuzatuvchi;
guruhli faoliyatning ishtirokchisi;
namuna bo’yicha uy vazifasini mustaqil bajargandan so’ng faoliyat egasi;
faoliyatning shaxsiy namunasini yaratishda faoliyat egasi + fikr egasi;
o’z faoliyati natijasida yuzaga keladigan o’z-o’zining faoliyati egasi.