4- §. Zahiriddin Muhammad Bobur - buyuk davlat arbobi va mashhur mutafakkir Bobur MirzoningShayboniyxongaqarshi kura- Samarqand aholisi shayxulislom Abulmakarim boshchiligida temuriylar hukmdorligini tiklash chorasini izladilar. Samarqand rahnamolari Farg’ona hokimi Bobur Mirzoga maktub yo’llab, Samarqand taxtini egallashga da'vat etdilar. Sulolasi manfaatlariga sadoqatli bo’lgan Bobur Mirzo 1500- yilning kuzida Samarqandga yurish boshladi. Bu paytda Shayboniyxon Samarqanddan tashqarida - Konigil (shahardan tashqaridagi hukmdorlar hordiq chiqaradigan joy)da turar edi. Aholi tomonidan Samarqandning darvozasi Bobur Mirzoga ochib berildi va uning qo’shini shiddat bilan hujum qilib, Shayboniyxonning bu yerda qoldirib ketgan 600 kishilik askarini qirib tashladi. Shunday qilib, Bobur Mirzo Samarqand taxtini ikkinchi marta egalladi. Shayboniyxon Buxoroga chekinadi va bo’lajak hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko’ra boshladi. Bobur Mirzo ham qish bo’yi urushga jiddiy tayyorgarlik ko’rdi. 1501-yil aprelida Zarafshon bo’yidagi Saripul qishlog’i yaqinida yuz bergan og’ir urushda Bobur Mirzo yengildi. Bobur Mirzo Samarqandga chekinadi. G’olib Shayboniyxon Samarqandni qamal qilib, Bobur Mirzoga sulh taklif qildi. Sulh shartlari Bobur Mirzo uchun juda haqoratli bo’lsa-da, unga rozi bo’lmaslikdan boshqa chorasi yo’q edi. Og’ir va nochor ahvolga tushib qolgan Bobur sulhga binoan Samarqandni tark etib, ko’p mashaqqatlarni boshdan kechirib, o’zga yurtlarga ketishga majbur bo’ldi. Bobur Mirzoning qizi Gulbadanbegim o’zining „Humoyunnoma" asarida bu haqda quyidagilarni yozgan edi: „To’liq o’n bir yil davomida Movarounnahr o’lkasida chig’atoy, temuriy va o’zbek sultonlari bilan shunday janglar bo’ldiki, ularning sanog’ini batafsil bayon qilishga qalam tili ojiz va nuqsonlidir. Oxiri xayrixohlari va qarindoshlari - jami 250 ga yaqin kishi, piyoda, yelkalarida chopon, oyoqlarida choriq, qo’llarida tayoq bo’lgani holda beyarog’, xudoga tavakkal qilib Badaxshon va Kobulga qarab yo’l oldilar". Bobur Mirzo Kobulga borib, bu yerda 1504-yilning sentabr oyida hokimiyatni qo’lga kiritdi. Bobur Mirzo el- yurt obodonchiligi va ravnaqi yo’lida odilona ish yuritib, qudratli daylat boshlig’i sifatida katta obro’ qozondi. 1510- yili, Shayboniyxon halok bo’lgach, Bobur Mirzo qalbida shoh Ismoil yordamida Movarounnahrni shayboniylardan qaytarib olish umidi paydo bo’ldi. Ana shu niyatda u shoh Ismoil elchisini Kobulda juda ochiq chehra bilan kutib oldi. Elchilar shoh Ismoil Bobur Mirzoga birgalikda Samarqandga qo’shin tortishni taklif qilganligini aytadilar. Bobur Mirzo bu taklifni qabul qildi. Bobur 1511- yil kuzida shoh Ismoil yordamida Samarqandni uchinchi marta qo’lga kiritdi. Bobur Samarqandni egallagach, shoh Ismoilni oliy hukmdor deb e'lon qildi. Shoh Ismoil islomning shia oqimiga e'tiqod qilardi. Shuning uchun ham Samarqand xalqi uni qo’llab-quvvatlamadi. Bu orada Bobur Erondan kelgan qo’shinlarga javob berib yuborgan ham edi. Bunday qulay fursatdan foydalangan Shayboniyxon avlodi Ubaydulla Sulton bilan Muhammad Temur Sulton boshqa mahalliy sultonlarning yordamiga tayanib, Boburga qarshi yurish boshladilar. 1512- yil 28- aprelda Ko’li Malikda bo’lgan jangda Bobur yengilib, Hisorga chekindi. Shayboniyxon avlodlari Samarqandni uzil-kesil egalladilar. Shoh Ismoil Boburga yordam berish maqsadida o’zining nomdor sarkardalaridan amir Ahmad (laqabi „Najmi Soniy", ya'ni ikkinchi yulduz) boshchiligida qo’shin yubordi. Ular birlashib, Amudaryodan o’tib G’uzor va Qarshini egallaydi. Biroq 1512- yil 24- noyabrda G’ijduvonda bo’lgan jangda Ubaydulla Sulton g’olib chiqadi. Bu jangda Najmi Soniy o’ldirildi. Eron qo’shinining ozgina qismi qochib ulgurdi. Bobur endi Movarounnahrdan tamoman umidini uzib, yana Kobulga qaytdi va 1526- yilga qadar Kobulni idora qildi. So’ngra Kobulni ikkinchi o’g’li Komron Mirzoga qoldirib, o’zi Hindiston sari yurish boshladi. Hindistonda qudratli va shavkatli saltanat egasi bo’lganidayam Vatan xayoli, ayriliq alami Bobur Mirzoni aslo tark etmagan. Ana shunday alamli kunlarning birida u quyidagi hasratli satrlarni bitgan edi edi: