7- §. XVI asrda Buxoro xonligida ijtimoiy-iqtisodiy hayot Shayboniylar o’tkazganislohotlar. Shayboniyxon davlatni iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustahkamlash yo’lida qator islohotlar o’tkazdi. Birinchidan, u davlat boshqaruvida suyurg’ol tizimini joriy etdi. Ya'ni zabt etilgan hududlarni boshqarish ishini o’z farzandlariga, qarindosh-uruglariga, birodarlariga, qabila boshhqlari bo’lgan sultonlarga topshirdi. Samarqand poytaxt sifatida xon taxtiga o’tqaziladigan joy hisoblangan. U yerda xon sharafiga xutba o’qitilgan va pul zarb etilgan. Lekin suyurg’ol mulklar markaziy hokimiyatdan mustaqil bo’lishga intilar edilar. Ikkinchidan, mamlakatda yer-suv qaytadan taqsim qilindi. Ko’chmanchi qabila zodagonlari yengilgan mahalliy mulkdorlar mol-mulkini musodara qilish, sotish, egasiz qolgan yerlarni o’zlariniki qilib olish yo’li bilan mulklarini ko’paytirib oldilar. Uchinchidan, mamlakat ichida ijtimoiy hayotni tartibga solishga imkon beruvchi islohot ham o’tkazildi. Keyingi 10 yil ichida soliqlar og’irligidan va mulkdorlar jabr-zulmidan yer-suvlarini tashlab ketgan xo’jaliklar yerlarini ishga tushirish masalasi ko’rib chiqildi. To’rtinchidan, 1507- yilda pul islohoti o’tkazildi. Bunga ko’ra, mamlakatning hamma katta shaharlarida vazni bir xil - 5,2 gramm bo’lgan yangi kumush tangalar hamda mis chaqa pullar zarb qilinib, muomalaga chiqarildi. Bu islohot iqtisodiyotni tartibga solish va savdo-sotiqni jonlantirish maqsadida o’tkazilgan edi. Ayni paytda, bu islohot dehqonlarning soliq to’lash imkoniyatini oshirishga, davlat va xon mulkini ko’paytirishga imkon berdi. Shayboniyxon tomonidan amalga oshirilgan bu va boshqa tadbirlar, o’z mohiyatiga ko’ra, markaziy hokimiyatni mustahkamlashga xizmat qilishi zarur edi. Muhammad Shayboniyxon vafotidan so’ng boshlangan o’zaro toj-u taxt kurashlari hamda Eron bosqinchilariga qarshi kurash mamlakat iqtisodiy hayotiga salbiy ta'sir ko’rsatdi. Bu hol, o’z navbatida, pulning qadrsizlanishiga olib kelgan. Natijada, oliy hukmdor Ko’chkinchixon 1515- yilda navbatdagi pul islohotini o’tkazishga majbur bo’lgan. 1527- yilga kelgandagina ahvolning bir maromga tushishiga erishilgan. Shayboniy Abdullaxon II o’tkazgan pul islohoti Buxoro xonligi tarixida muhim ahamiyatga ega voqea bo’lgan. U oltin pul zarb etishni yo’lga qo’ygan va uning tarkibiga qiymati past bo’lgan boshqa ma'danlar aralashtirmasligini qattiq nazorat ostiga olgan. Bu pullar xonlikning butun hududida muomalaga kirdi. Bu hol, o’z navbatida, hokimiyatning yanada markazlashuviga, xazinaga katta daromad tushishiga olib keldi, savdo-sotiq yanada jonlandi. Iqtisodiy hayot. Shayboniylar davrida ham iqtisodiy hayotda sun'iy sug’orish bilan bog’liq muammolarni - hal etish ishiga jiddiy e'tibor bilan qaralgan. Bu sulola vakillari Sangzor, Chirchiq, Sirdaryo, Amudaryo, Vaxsh va Murg’ob daryolari imkoniyatlaridan unumli foydalanish choralarini ko’rganlar. Chunonchi, 1502- yilda Shayboniyxon Zarafshon daryosining Oqdaryo va Qoradaryoga ayriladigan joyida suv ayirg’ichi-ko’prik qurdirgan. Shayboniyxon avlodlari keyinchalik Qashqadaryoning irmoqlaridan Kesh viloyati yerlarini sug’orish uchun 10 dan ortiq kanallar qazitganlar. Sun'iy sug’orish ishlari, ayniqsa, Abdullaxon II davrida keng rivojlangan. Masalan, 1556-1585- yillar oralig’ida Zarafshon daryosida Karmana, Mehtar Qosim, Chahorminor, Jondor suv ayirg’ichlari; Murg’ob vohasida Sangzor, Hovuzixon suv omborlari qurilgan. Bundan tashqari, Sangzor daryosidan Jizzax vohasiga Tuyatortar kanali, Somonjuq dashtini obodonlashtirishga xizmat qilgan Xoja Ka'ab kanali, Afshona kanali, Amudaryodan Chorjo’yga, Murg’obdan Marvga, Vaxshdan uning atrof vohalariga suv chiqarishga imkon beruvchi kanallar qazilgan. Bundan tashqari, Abdullaxon II karvon yo’llarini qayta jonlantirish, sardobalar, karvonsaroylar qurish va ta'mirlashga ahamiyat berdi. 1577- yilda Buxoroda yirik usti berk savdo rastasi - Abdullaxon timi qurildi. Nurota tumanidagi Oqchob yaqinida Beklarsoy darasida joylashgan qadimgi to’g’on qoldiqlari o’rnida ulkan band qurdirdi. Abdullaxon bandi uning ravoqlarini to’g’on tepasida turib ochishi yoki bekitishi mumkin edi. Maqsad esa o’sha atrofdagi bo’z yerlarni sug’orib dehqonchilikni rivojlantirish va yurtni obod qilish edi. Ayni paytda ko’plab mahalliy ahamiyatga ega suv inshootlari ham qurilgan. Bu tadbirlar, o’z navbatida, qishloq xo’jaligi tarmoqlarining rivojlanishini ta'minlagan. Shayboniylar davrida ishlab chiqarish tarmoqlari bo’lgan tikuvchilik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik, zargarlik, qog’oz va qurilish ashyolarini ishlab chiqarish rivojlangan. Shayboniylar davrida davlat boshqaruvi.Shayboniylar hukmronligi yillarida oliy davlat idorasi dargoh deb atalgan. Uning tepasida xon turgan. Shayboniylar davlatida devonbegi (bosh vazir) lavozimi katta nufuzga ega bo’lgan. U davlatda moliya va xo’jalik ishlarini boshqargan. Xonlikda muhim davlat mansabi naqib hisoblangan. U xonning eng yaqin va ishonchli kishisi bo’lgan. Xonning farmon va yorliqlarida naqibning nomi birinchi bo’lib yozilgan. Ayni paytda u davlat ichki va tashqi siyosati masalalarida xonning birinchi maslahatchisi hisoblangan. Bundan tashqari, naqib harbiy yurishlarni uyushtirgan. Zarur bo’lganda elchilik vazifasini ham bajargan. Yana bir katta davlat mansabi bu - otaliq edi. Xon siyosatining viloyatlardagi ta'siri otaliq mansabiga tayinlanganlarning nufuzi bilan belgilangan. Xon viloyatlarni shahzodalarga taqsimlab berar ekan, ularga rahnamo etib o’z nazoratchisini, ishongan kishisini tayinlagan. Bunday nazoratchi, ishonchli shaxs otaliq deb atalgan. Balog’atga yetmagan shahzodalar ulg’ayib, mustaqil faoliyat yuritgunlariga qadar davlat ishlarini ularning nomidan otaliqlar boshqargan. Yana bir davlat mansabi - parvonachi deb atalgan. Uning vazifasi xon farmonlarini, rasmiy hujjatlarni mas'ul shaxslarga, ijrochilarga yetkazishdan iborat bo’lgan. Dodxoh mansabida ishlagan amaldor dargohga tushgan arizalarni qabul qilgan va ularga javob qaytargan. Shuningdek, mamlakatda adolat mezonlariga amal qilinishini nazorat qilgan. Muhim davlat mansablaridan yana biri - ko’kaldosh mansabi edi. Bu mansabga xon sulolasiga eng yaqin shaxslardangina tayinlangan. Ko’kaldosh xon siyosatiga fuqarolarning munosabatini o’rgangan va bu siyosatning daxlsizligini ta'minlagan. Xon va shahzodalar o’rtasidagi ichki munosabatlar masalasi bilan xon yasovuli mansabida ishlagan amaldor shug’ullangan. Shayboniylar davlatida eshikog’aboshi lavozimi ham bo’lgan. U dargoh xavfsizligi, undagi tartib hamda kelgan-ketganlardan xabardor bo’lib turish masalalari bilan shug’ullangan. Yuqori davlat lavozimlari ichida katta mavqega ega bo’lgan lavozimlardan yana biri shayxulislom hisoblangan. Shayxulislom shariat qonunlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirgan. Qozikalon lavozimida ishlagan amaldor sud ishlariga yetakchilik qilgan. Yana bir muhim davlat lavozimi muhtasib (rais) deb atalgan. Bu lavozimni egallagan amaldor mamlakat fuqarolarining axloq qoidalariga rioya qilishlarini nazorat qilish bilan shug’ullangan. Davlatda, shuningdek, miroxur (xonga tegishli yilqi, ot-ulov va ularning ta'minoti bilan shug’ullanuvchi), shig’ovul (chet davlatlar elchilarini qabul qilish xizmatining boshlig’i), qushchi (xonning ovini tashkil etuvchi), bakovulboshi, dasturxonchi, qo’rchiboshi (qurol-aslaha xizmati boshlig’i), jarchi, tavochi, tug’begi, kitobdor, mirzaboshi, munshiy, muhrdor, xazinachi, mehtar kabi mansablar ham mavjud bo’lgan. Ichki ziddiyatlar. Shayboniylar davlatidagi ichki ziddiyatlar markaziy hokimiyat bilan mahalliy hokimiyat o’rtasidagi ziddiyatlarda to’la namoyon bo’lgan. Shayboniylar davrida yer egaligining iqto, suyurg’ol, tanho va jogir turlari bo’lgan. Sayboniyxon davrida davlatni kichik-kichik mulklarga (suyurg’olga) bo’lib idora qilinardi. Bu hol hokimiyatdan ajralib chiqishga sharoit yaratar edi. Shayboniyxon bu xatoni tuzatishga urinib, bo’ysunishni istamagan mahalliy hukmdorlar mustaqilligini tugatishga, ayrim hukmdorlarni almashtirishga harakat qildi. Bu esa mahalliy hukmdor va zamindorlarning keskin noroziliklariga sabab bo’ldi. Shayboniylar davrida mehnatkashlarning iqtisodiy ahvoli nochor edi. Ko’pchilik omma yersiz bo’lib, ijaraga yer olib ishlashga majbur edi. Aholidan 20 turdan ortiq soliq va to’lovlar olinardi. Asosiy soliq sug’oriladigan yerdan olinadigan xiroj bo’lib, daromadning 30 - 40 foizini tashkil qilardi. Davlat muassasalari, qo’shin va xon xonadoni xarajatlarini qoplash uchun to’lanadigan soliq ixrojot deb atalardi. Davlat pulga muhtoj bo’lganida favqulodda soliqlar ham joriy etilgan. Aholi soliq va jarimalar to’lashdan tashqari, mehnat majburiyatini ham o’tashi kerak edi. Bu majburiyat aholini kanallar, zovurlar qazishga, yo’l va ko’priklar qurishga, yem-xashak yig’ishga jalb etishni nazarda tutardi.