Kompromiss - bu burjuaziya bilan ishchilar sinfining o’z tub manfaatlari yo’lida olib borayotgan kurashning siyosiy vaziyat talabidan kelib chiqqan holati bo’lib, burjuaziya bu siyosiy holatni sinfiy kurashlarda majbur bo’lib qolgandagina ixtiyoriy qabul qiladi. Nizoli vaziyatni ortiqcha keskinlashtirishdan, sinfiy to’qnashuvdan unga manfaat qolmagandagina bu usulga yo’l beradi.
Siyosiy munosabatlarda siyosiy institutlar faoliyati konsensus darajasi qay sifatda va qanchali salmoqda bo’lishligini belgilaydi. Sinfiy manfaatlar ortida turgan quchlarning siyosiy madaniyati rivojlanib borishi bilan kelishuvlar ko’lami va salmog’i o’sib boradi. Asta manfaat mushtarakligi imkoni shakllanib boradiki, buning oqibatida manfaatlar umumsiyosiy va umumijtimoiy ma’no kasb etadi. Bunday siyosiy munosabatlar ham sinfiy kurashning shakllaridan biridir.
Sotsializm deb atalmish tuzumning vujudga kelishi siyosiy munosabatlarni yangi turini paydo qildi. Ijtimoiy munosabatlarda yangi sotsial guruh va sinflar munosabati shakllandi. Mehnatkash ommaning yirik ittifoqiga imkon yaratildi. Proletariat diktaturasi ishchi-dehqon ittifoqi timsolida barcha mehnatkashlarni bir tomonga, ag’darilgan sinflarni ikkinchi tomonga ajratdi. Bu davr siyosiy munosabatlarida ham “hukmronlik va tobelik” mavjud bo’lib, faqat endi avvalgidan farqli o’laroq ko’pchilik ozchilik ustidan hukmronlik qila boshladi. Bu sharoitdagi siyosiy munosabatlarda keskinlikni bo’lishi ag’darilgan sinflarning qay darajada qarshilik ko’rsatishiga bog’liq. Bu, qolaversa, ayni vaziyatda sinfiy tizimning tub ijtimoiy asosiga, ya’ni mamlakatning ho’jalik holatiga ham aloqador bo’ladi.
Siyosiy maydonda harakat ko’rsatayotgan sinflar faoliyat darajasi mamlakatning agrar va agrar-industrial taraqqiyot darajasida ekanligi, yoki industrial va industrial-agrar darajasidaligi muhim ahamiyat kasb etdi. Proletariat(ishchilar sinfi)qay darajada rivojlanganligidan, uning atrofiga uyushgan sinf va sotsial guruhlarning kurash tajribasidan siyosiy munosabatlarning sifati, salmog’i va salohiyati kelib chiqdi. Agrar va agrar industrial mamlakatlarda siyosiy maydon markaziga chiqib qolgan proletariatning sinfiy sifatlari proletariat diktaturasining mohiyatini, mavqeini va salohiyatini to’la nomoyon kila olmadi. Aksincha hokimiyatchilikning bunday mazmunini buzilishiga olib keldi.
Siyosiy munosabatlarning sotsializm jamiyatiga xos xususiyatlari tarixda Oktyabr inqilobi tufayli Rossiya xalqlari rivojlanishida, keyinroq Sovet Ittifoqi tajribasida, qolaversa xalqaro maydonda sotsializm tizimi deb atalgan mamlakatlar hayotida namoyon bo’ldi. Siyosiy munosabatlarning sotsialistik mazmuniga yuklatilgan eng muhim mohiyat- umumsiyosiy manfaatlar qaror toptirilishi edi. Biroq, bunday siyosiy munosabatlarni joriy qilish tarixdan bizga bugungi ma’lum bo’lgan sabablarga ko’ra amalga oshmadi. Buning eng muhim sababi bu jamiyatda mantiqan mavjud bo’lgan manfaatlar mushtarakligi imkoniyatini siyosiy taraqqiyot mazmuniga monand rivojlantirilmaganidir.
Jamiyatning barcha jabhalari qatori siyosiy sohani ham erkinlashtirish jarayonining muvaffaqiyati ko’p jihatdan jamiyatni harakatga keltiradigan manfaatlarni hisobga olishga, idora qilishga va yo’naltirishga bog’liq. Jamiyatda sodir bo’lgan va bo’layotgan har qanday ijtimoiy voqelikni to’g’ri anglamoq uchun, albatta, shu voqelikni yuzaga kelishiga sabab bo’lgan manfaatdorlik holati o’rganilishi kerak.
Siyosiy jarayon siyosiy munosabatlarning jamiyatda izchillik bilan amalga oshadigan o’rin almashuvidir. Siyosiy jarayon tufayli bir holatdagi siyosiy munosabatlar o’rniga boshqasi vujudga keladi. Siyosiy munosabatlarning o’rin almashinuvi ikki yo’l inqilobiy yoki islohiy yo’l bilan amalga oshiriladi. Yangi siyosiy munosabatlarni o’rnatishdagi inqilobiy yo’l eski munosabatlarning tubdan mutlaqo o’zgarishini talab qilinadi. Bunda jamiyat ayni paytda, u avvalgi siyosiy munosabatlar bag’rida shakllanib, rivojlanib borayotgan ilg’or siyosiy tendentsiyalarni ham izchillik bilan rivojlanishini taqozo qiladi., Siyosiy jarayondagi islohiy usul o’z-o’zidan bo’ladigan ijtimoiy voqelik emas, bunda ham eskilik bilan yangilik o’rtasida keskin kurash ketadi. Islohot yo’li ko’pchilik nazarida oddiy yo’l deb tushunilsa-da, aslida dunyo siyosiy tarixi tajribasining guvohlik berishicha, qolaversa, bugungi hayotning ko’rsatishicha, bu yo’lda o’ziga xos tub o’zgarishlar ham ko’zda tutiladi.
Siyosiy jarayondagi tub o’zgarishlar ularning muayyan maydonda harakatda bo’lgan ijtimoiy munosabatlarning, sotsial qarama-qarshiliklarning qay darajada hal qilinishiga, bog’liq. Islohiy qayta qurishlar ham mazmunan ana shu mohiyatga egadir. Faqat kurash, yangilanish yo’li, yo’nalishida shaklan farqlar mavjud xolos. Bu o’rinda O’zbekiston Respublikasining ijtimoiy taraqqiyot yo’li diqqatga molikdir. Tanlangan yo’lning mohiyati haqida gapirib, Islom Karimov shunday deydi: “SHuni alohida ta’kidlash zarurki, soxta inqilobiy sakrashlarsiz, fojiali oqibatlarsiz va kuchli ijtimoiy larzalarsiz, evolyutsion yo’l bilan normal, madaniyatli taraqqiyotga o’tish - tanlab olingan yo’lning asosiy mazmuni va mohiyatidir. Odamlarning ongi va turmushiga o’nlab yillar mobaynida, ko’pincha zo’ravonlik yo’li bilan singdirilgan narsalarni bir zumda o’zgartirish mumkin emas. Buning uchun ijtimoiy guruhlar o’rtasidagi munosabatlarni keskinlashuviga va ularni bir-biriga qarama-qarshi qo’yishga barham berish bilan jamiyatni yangilash va o’zgartirish zarurligiga odamlarni o’zini ishontirish, harakatga keltiruvchi kuchlarni va mehnatni rag’batlantiruvchi omillarini o’zgartirish mumkin”.2 Siyosiy jarayonda iqtisodiy taqchillik, ijtimoiy injiqliklar namoyon bo’lib turgan vaqtdagi siyosiy munosabatlar mazmunida sinf va sotsial guruhlar o’rtasida, etnik qatlamlar orasida hamjihatlik muhim ahamiyat kasb etuvchi ijtimoiy voqelikdir.
Iqtisodiy islohotlar siyosiy jarayon bilan bevosita bog’liq tarzda rivojlantirilgandagina ma’lum ijobiy natijalarga erishiladi. Iqtisodiyot siyosatning moddiy asosi sifatida muhim mavqega ega. Siyosat esa o’z navbatida iqtisodiy qonuniyatlarning ongli qo’llanilishidir. Shu bois u yoki bu sotsial kuchning tub iqtisodiy manfaatlarini ifodalagan siyosatgina real siyosiy kuch bo’la oladi. Iqtisodiy muammolar mohiyatiga siyosiy jarayonda sodir bo’layotgan siyosiy munosabatlar nuqtai-nazaridan baho berish sinfiy hukmronlik joriy qilingan jamiyatlarda u yoki bu sinfning o’z xukmronligini ushlab qolishi uchun asos bo’lgan. Sotsial adolat va demokratiyaga asoslangan jamiyatda esa siyosat iqtisodiy muammolarni hal qiluvchi vosita bo’lib xizmat qiladi. Iqtisodiy muammolarni yecha olishga qodir siyosiy qarorlarning bo’lmasligi, yoki ularning kech qabul qilanayotganligi iqtisodiy islohotlarning amalga oshishiga to’sqinlik qiladi.
Ijtimoiy - iqtisodiy jarayonda siyosatning mavqei va o’rniga yuqorida keltirilgan mezon va me’yor bilan yondashishimiz iqtisodiyotni sun’iy siyosiylashtirishga urinish deb qabul qilinmasligi kerak. Negaki, o’tgan jamiyatda uzoq yillar “Yashasin va yashasin”lar bilan yo’g’rilgan siyosatdan fuqarolarimiz o’ta charchagan. Ehtimol, shu bois, omma orasida siyosatga nisbatan beparvolik, loqaydlik kayfiyati shakllangan. Bunday hol bugungi siyosiy jarayondagi siyosiy munosabatlarni murrakkablashtirmoqda. Bu esa siyosatning tub maqsadi shaxs va jamiyat manfaatlarini uyg’unlashtirishdan, inson manfaati ustivorligini davlat siyosati darajasiga ko’tarishdan iborat ekanligini amalda isbotlashni talab qilmoqda.
Fuqarolar o’zlarining hayotiy manfaatlarini ifodalovchi, kundalik ehtiyojlari talabiga mos keluvchi iqtisodiy-ijtimoiy amaliyotni tiklashga qaratilgan siyosiy jarayonlar joriy qilinishini kutib yashaydi. Buning siyosiy kafolati chiqarilayotgan qarorlar, qonunlar, farmonlar bajarsa bo’ladigan aniq rejalarga tayanishidir. Sobiq ittifoq hayoti tarziga xos uning parchalanib ketishiga bog’liq ijtimoiy-iqtisodiy amaliyot asorati bugungi barcha MDH mamlakatlaridagi siyosiy jarayonda hali ham sezilmoqda. Bunday murrakkab vaziyatda O’zbekiston Respublikasi rahbariyati mamlakatdagi siyosiy jarayonni haqiqiy xalq manfaatini himoya qilishga qodir qonunlar majmuasi bilan mustahkamlashni mustaqillikning muhim garovi, deb bilmoqda.
O’zbekistondagi bugungi siyosiy barqarorlik Respublikada ijtimoiy-siyosiy jarayonda tutilgan yo’lning to’g’riligini ko’rsatmoqda. Bu yo’l zaminida bozor iqtisodiyotining ma’rifiy, xalqchil yo’nalishi yotadiki, unda inqilobiy sakrashlarsiz, keng xalq ommasi manfaatlariga zid kelmaydigan intilish sezilmoqda.
“Takror va takror aytmoqchiman, - deydi Islom Karimov,- jamiyatni yangilashning inqilobiy usullariga biz mutlaqo qarshimiz. Biz tadrijiy - evolyutsion islohotlar yo’li tarafdorimiz va bunga qat’iy amal qilamiz. Mamlakatimizning tarixiy va milliy xususiyatlarini, xalqimiz tabiati - mintalitetini inobatga olsak, rivojlanishning mazkur yo’li biz uchun nihoyatda maqbuldir”.3 Siyosiy munosabatlar va siyosiy jarayon muammosi tahliliga bag’ishlangan ushbu bandda bugungi kun siyosatshunosligi tadqiq mezonidan kelib chiqib, siyosatning jamiyatda tutgan o’rni va mavqeini aniqlashga urindik. Siyosat ijtimoiy hayot sohalarining mujassamlashgan ifodasi bo’lib, jamiyatni ilmiy boshqarishning muhim vositasidir. Yuqorida aytilganlaridan kelib chiqib quyidagi ixcham xulosani qilmoqchimiz. Kundalik hayotimizda siyosat jamiyatdagi sinf va sotsial guruhlarning o’zaro munosabatlarida namoyon bo’ladi. Ijtimoiy munosabatlar sohasi bo’lgan hukmronlik va tobelikni, davlat tashkilotlariga munosabatni, omma bilan yo’lboshchilar orasidagi o’zaro bog’liqlik va aloqani qamrab oluvchi siyosiy hayot siyosiy munosabatlar mundarijasini tashkil qiladi. Jamiyatdagi siyosiy munosabatlarning rivojlanishi muayyan tarixiy vaziyat va siyosiy institutlar faoliyati bilan uzviy bog’liqdir. Siyosiy munosabatlar ortida turgan sinfning faoliyatiga qarab siyosiy jarayonning mohiyati kelib chiqadi.
Siyosiy jarayon jamiyatdagi siyosiy munosabatlarning muayyan sharoitda izchillik bilan amalga oshadigan o’rin alamashuvidir. Bu jarayon tufayli jamiyat rivojlanadi, bir turdan ikkinchisiga, bir shakldan boshqasiga o’tadi. Tarixdagi tub burilishlar ham shu jarayon ta’sirida sodir bo’ladi. Siyosiy jarayonning mazmunida inqilobiy va islohiy yo’nalishlar bo’lib, ularning tarixiy tahlili, amaliy o’rganilishi mavjud jamiyatdagi manfaatlar tadqiqi va tadbiqi bilan chambarchas bog’liq bo’ladi.
1 Karimov I. O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. 1-jild. – T.: O’zbekiston, 1996. –B.66.
2 Karimov I. O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. 1-jild. – T.: O’zbekiston, 1996. –B.41.
3 Каримов И. Ўзбекистон XXI асрга интилмоқда. – Т.: Ўзбекистон, 1999. –Б.14.