8-mavzu ta’limning tashkiliy shakllari va metodlari. Reja-fayllar.org
O’quvchilarning bilim, ko’nikma, malakalari va kompetensiyalarini baholash mezonlari. O’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini baholash mezonlari hamma vaqt bahstalab mavzu bo’lib kelgan. Chunki u turli adabiyotlarda turlicha yoritilgan. Biroq mavjud qarashlarni umumlashtirib aytish mumkinki, o’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini baholash mezonlari har bir fanning maqsad va vazifalariga, shuningdek, sinf (guruh)dagi o’quvchilarning o’zlashtirish darajasiga tayangan holda belgilanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shunday xulosa chiqarish mumkin:
«5» baho qo’yiladi, agar: a) o’quvchi dasturdagi materialni to’liq o’zlashtirib olgan bo’lsa; b) o’rganilgan mavzu bo’yicha asosiy fikrlarni ochib bera olsa; v) egallangan bilimlarni amalda erkin qo’llay olsa; g) o’rganilgan mavzuni bayon qilishda, yozma ishlarda xatolarga yo’l qo’ymasdan, ma’lumotlarni tushuntirib bera olsa.
«4» baho qo’yiladi, agar: a) o’quvchi o’rganilgan mavzuning mohiyatini bilsa; b) o’qituvchining savollariga qiynalmasdan javob bera olsa; v) egallangan bilimlarni amaliyotda qo’llay olsa; g) og’zaki javob berishda jiddiy xatolarga yo’l qo’ymasdan, o’qituvchining qo’shimcha savollari bilan xatolarini to’g’rilay olsa hamda yozma ishda uncha jiddiy bo’lmagan xatoga yo’l qo’ysa qo’yiladi.
«3» baho yiladi, agar: a) o’quvchi o’rganilgan mavzuni o’zlashtirgan, lekin mustaqil tushuntirib berishda o’qituvchining aniqlashtiruvchi savollariga ehtiyoj sezsa; b) savollarning mantiqiy tuzuilishini o’zgartirib berganda, javob berishga qiynalsa; v) yozma ishda xatolari bor bo’lsa.
«2» baho qo’yiladi, agar: a) o’quvchi o’rganilgan mavzu haqida tushunchaga ega, biroq mavzuni o’zlashtirmagan, b) yozma ishda qo’pol xatolarga yo’l qo’ysa qo’yiladi.
Ta’lim sifati monitoring. “Monitoring” atamasi ilk maratoba Birlashgan Millatlar tashkilotining 1972-yil iyun oyida Stokgolm konferensiyasini tashkil etish arafasida “nazorat” atamasiga muqobil sifatida ishlatila boshlangan.
“Monitoring – inglizcha atama bo’lib, “uzluksiz kuzatish” degan ma’nosini anglatadi. Monitoringga ijtimoiy boshqaruv nazariyasida eng muhim, boshqaruv sohasidagi nisbatan mustaqil bo’lim sifatida qaraladi hamda ta’lim monitoringi doirasida pedagogik faoliyat natijalari yuzaga chiqariladi va baholanadi.
Respublikamizda umumiy o’rta ta’lim maktablarida o’qitish sofati monitoring tizimi samarali yo’lga qo’yilgan.
Umumiy o’rta ta’lim sifatini nazorat qilishning turlari quyidagilardan iborat: ichki nazorat – O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida umumiy o’rta ta’lim muassasasining monitoring guruhi tomonidan amalga oshiriladi; tashqi nazorat – ta’lim sohasidagi vakolatli davlat organlari, hududiy xalq ta’limi boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi; davlat-jamoatchilik nazorati – qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hududiy xalq ta’limi boshqaruvi organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar hamkorligida amalga oshiriladi; milliy va xalqaro darajada baholash – Hukumatning tegishli qarori hamda xalqaro shartnomalar asosida xalq ta’limi boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va xalqaro tashkilotlar hamkorligida amalga oshiriladi
O’qituvchilar yoki maktab ma’muriyati, o’quvchilarning o’zlari, ota-onalar va jamoatchilik vakillari o’quvchilarning bilimlarini o’quv maqsadlari asosida tekshiradilar. Mazkur yo’nalish o’ziga xos bir qator afzalliklarga ega bo’lib, baholash bevosita o’quvchining sinfda amalga oshirilgan ishlari bilan bog’liq, bunda o’qituvchi turli uslublardan (masalan og’zaki so’rov o’tkazish, amaliy mashq bajarish, test va h.k.) foydalanib, o’quvchi tomonidan bajarilgan ishlarga baho qo’yadi. Baholash jarayoni tizimli ravishda o’quv choragi va o’quv yili davomida olib boriladi. Bunday baholashda o’qituvchilar, maktab monitoring guruhi o’quvchilarning o’zlashtirishi sifati, o’quv yutuqlariga asosiy me’yor bo’lgan davlat ta’lim standartlariga taqqoslagan holda individul baho beradilar.
Baholashning ikkinchi turi hududiy xalq ta’limi boshqaruvi idoralari tomonidan amalga oshiriladigan hududiy o’qitish sifati monitoringi hisoblanadi. Bunda o’quvchilar tomonidan davlat ta’lim standartlarida belgilangan bilim, ko’nikma va malakalarning o’zlashtirish dinamikasini tizimli kuzatiladi, o’quvchilar bilimidagi bo’shliqlar va ularning kelib chiqish omillarini aniqlanadi, boshqa maktablar hamda bartaraf etish chora-tadbirlari rejalashtiriladi.
Shu sababli zamonaviy shaxsga, raqobatbardosh mutaxassisga qo’yilgan talablarning ortib borishi eng avvalo ta’lim muassasalari va hududiy xalq ta’limi boshqaruvi idoralaridagi alohida tuzilmalar tomonidan ta’lim sifati monitoringini tizimli va maqsadli amalga oshirishni talab etadi. Ta’lim muassasalarida monitoring – yaxlit tizimning holati va dinamikasini kompleks kuzatish, tahlil qilish, korrektsiyalash hamda prognozlash jarayoni hisoblanadi.
Baholashning keyingi uchinchi turi – davlat attestatsiyasi va ta’lim muassasalarining akkreditatsiyasi hisoblanadi. Ular davlat tomonidan yoki uning nomidan vakolatli tashkilotlar tomonidan o’tkaziladi. Ularda qatnashish huquqiga muayyan talablarga javob beradigan barcha o’quvchilar ega. Mazkur baholash muayyan ta’lim bosqichi yoki turi tugaganidan so’ng amalga oshiriladi. Ularning asosiy va ijtimoiy jihatdan muhim vazifalari bitiruvchilar va ta’lim muassasalarining davlat va jamiyatning ijtimoiy buyurtmalarni bajarish holatini tahlil qilish imkonini beradi.
Umummilliy baholash – barcha o’quvchilarni yoki ma’lum bir guruhdagi o’quvchilarni tanlab olish yo’li bilan muntazam ravishda o’quvchilar o’quv yutuqlari darajasini milliy standartlarga nisbatan mosligi baholash hisoblanadi. Mazkur turdagi baholash o’quv dasturlari asosida olinib, imtixonlardan farq qiladi. Birinchidan, alohida olingan o’quvchilarning bilim va malakasi darajasi emas, balki tizimning ishlash natijalari o’lchanadi. Ikkinchidan, milliy baholash natijalari muayyan yoshdagi yoki sinfdagi o’quvchilarning umumiy o’zlashtirish darajasining “rentgen surati” sifatida foydalaniladi va milliy standartlarning ko’p muddatda monitoringini olib borishga xizmat qiladi. Tanlash yo’li bilan o’tkazilgan umummilliy baholash qisqa muddatlarda va iqtisodiy jihatdan arzonroq o’tkazish imkoniyatini beradi. Uning natijalari ma’lum o’quv fanlari bo’yicha o’quvchilar o’quv yutuqlari to’g’risida qimmatli ma’lumotlarni berishi mumkin.
Xalqaro baholashni yaqin 15-20 yilda tashkil etish yo’lga qo’yilib, ularda bir necha mamlakatlar o’quvchilarining o’quv yutuqlari tanlov yo’li bilan baholanadi. Bunday keng qamrovli tadqiqotlarning asosiy maqsadi qamrab olingan muayyan yoshdagi (masalan, 13 yoshdagi o’quvchilar) yoki sinfdagi o’quvchilarning bir yoki bir necha o’quv fanlari bo’yicha o’quv yutuqlarini baholash va bir qator mamlakatlar kesimida qiyoslashdan iborat. Misol tariqasida matematika va tabiiy fanlardan o’tkazib kelinayotgan - TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study –Xalqaro matematika va tabiiy fanlarning o’rganishdagi tendensiyalari)ni keltirish mumkin. TIMSS ning birinchi xalqaro tadqiqotida 38 mamlakatning 4-, 8- va umumiy o’rta ta’lim muassasalarining bitiruvchilari (11- va 12-sinf o’quvchilari) qamrab olingan. Oxirgi uchinchi tadqiqotida esa 46 mamlakat o’quvchilari qatnashganlar.
Yana bir xalqaro o’quvchilar ta’limiy yutuqlarini xalqaro baholash dasturi – PISA (Programm for International Student Assessment) tadqiqoti hisoblanadi. Bu tadqiqot birinchi marta 2000 yilda o’tkazilib, unda 32 mamlakatning 15 yoshli o’quvchilari qatnashgan. PISA da asosiy e’tibor o’quvchilarning o’qish, matematika va tabiiy fanlar (fizika, ximiya, biologiya)dan olgan bilimlarini turli hayotiy vaziyatlarda qo’llay olishlarini baholashga qaratilgan. Uchinchi xalqaro tadqiqot – PIRLS da turli mamlakatlar boshlang’ich maktablari bitiruvchilarining matnni o’qish va uni tushunish darajasi baholanadi.
Mazkur tadqiqotlarning maqsadi – o’quvchilar yutuqlari to’g’risidagi ma’lumotlarni jamlash va ularni xalqaro miqyosda qiyoslash bo’lib, uning natijalariga ko’ra ta’lim siyosati masalalari hamda o’quvchilar o’zlashtirishidagi tafovutlarni yaxshiroq anglab etishga qaratilgan xalqaro muloqot olib boriladi. Xalqaro tadqiqotlar nufuzining oshib borishi bugungi dunyoda globallashuv jarayonlari natijasida mustaqil hayotga kirib kelayotgan o’quvchilarga mehnat bozorida qanday bilim va ko’nikmalar kerakligi to’g’risidagi ijtimoiy buyurtmalarni hamda raqobatbardosh mutaxassislarga qo’yilgan talablarni kengayib borayotganligidan darak beradi.
Ta’lim sifati monitoringini olib borishdan ko’zlangan maqsad o’quvchilar tomonidan davlat ta’lim standartlari talablarining bajarish dinamikasini tizimli kuzatish, ta’lim sifatiga ta’sir etgan omillarni aniqlash, ta’lim muassasalari, hududiy xalq ta’limi boshqaruvi idoralari, metodik xizmat va malaka oshirish tizining faoliyatini baholab, rivojlantirishga oid chora-tadbirlarni belgilash, keyingi holatni bashoratlash natijasida ta’lim sifatini oshirishdan iborat.