5- MASALA . Hayotning mazmuni va insonning vazifasi. Inson hayotning tezoqarligini yodda tutishi, uning shomini kuzatishi, odamzot hayotining bebaholigi haqida o’ylashi, o’lim haq ekanligini unutmasligi lozimligi haqidagi fikrlarga biz falsafa fani shakllanish jarayonining ilk bosqichidayoq, G’arb falsafiy an’anasida ham, Sharq falsafasida ham duch kelishimiz mumkin. Shundan beri o’tgan ikki yarim ming yildan ko’proq vaqt mobaynida bu borada deyarli hyech qanday o’zgarish yuz bergani yo’q, zero, avvalgidek, odamzotning hayot yo’li tug’ilish va o’lish sanalari bilan chegaralanadi. Shuningdek, birinchi sana doim muayyan, aniq bo’lsa, ikkinchi sana inson umrining oxirgi soniyalarigacha mavhum bo’lib qoladi.
Ayni shu sababli hayotning mazmuni muammosi har bir inson qarshisida ertami-kechmi ko’ndalang bo’ladi va u o’ziga aniq va uzil-kesil javob topish mumkin bo’lmagan savollarni beradi. «Bu dunyoda nima uchun yashayapman?», deb so’raydi o’zidan inson va agar bu savolga o’zi javob bermasa, o’z hayotiga muayyan mazmun baxsh etmasa, bu ishni uning o’rniga hyech kim va hyech qachon bajarmasligini vaqt o’tishi bilan anglay boshlaydi. Abadiyat qarshisida, o’lim qarshisida har kim oxir-oqibatda o’zi bilan o’zi tanho qoladi.
Albatta, jamiyatda inson o’zini bu darajada yolg’iz his etmaydi, biroq, ekzistensialistlar fikriga ko’ra, bu hol toki inson boshqalarning ham o’z hayoti borligi va ular ham o’z hayotining mazmuni va o’zining vazifasi haqidagi o’ta shaxsiy muammolarni mustaqil yechish zaruriyati qarshisida turganini anglab yetgunga qadar davom etadi.
Bundan ekzistensializm falsafasida yolg’izlik muammosi kelib chiqadi. Aslida, mazkur muammo falsafiy antropologiyada ham inson borlig’i tahlilidagi bosh muammolardan biri hisoblanadi.
Hayotni tark etish bosqichlari. Biologik mavjudot sifatida har bir inson o’limga mahkumdir. Buni qadimgi mutafakkirlar ham yaxshi tushungan. Xususan, o’z muxoliflaridan birining: «O’ttiz tiran seni o’limga hukm etdi», degan gapiga Suqrot: «Ularni esa o’limga tabiat hukm etgan», deb javob bergan. Ammo odamzot ijtimoiy mavjudot sifatida ham o’limga mahkumdir.
Hozirgi zamon fanida o’lish jarayonining to’rt bosqichi farqlanadi. Bu bosqichlarga organizmda yuz beradigan va uning qarishini tavsiflaydigan orqaga qaytarib bo’lmaydigan biologik o’zgarishlar sabab bo’ladi.
Xususan, 25 yoshdan boshlab va ayniqsa 45 yoshdan keyin insonda har kuni u tug’ilgan paytga qadar «jamlangan» va boshqa hyech qachon yangilanmaydigan o’n minglab nerv hujayralari (neyronlar) halok bo’ladi. Ammo bosh miya qobig’ida bunday hujayralar soni 40 milliardga yetadi va shu sababli «qariyotgan normal miya uchun bu jiddiy oqibatlarga sabab bo’lmaydi, chunki unda yana o’n milliardlab neyronlar normal faoliyat ko’rsatishda davom etadi»1.
Amalda insonning hayotni tark etishi u odamlardan o’zini olib qochib, jamiyatdan uzoqlashishi bilan tavsiflanadigan