Inson ongining kelib chiqishini tushunib olish kaliti, bu – uning biologik tuzilishi (eng avvalo, miyaning g‘oyat murakkab tuzilishi va funksiyasi) hamda shakllanayotgan odamning tabiatni va o‘zini o‘zgartirib borgan faoliyatidir. Insonning amaliy faoliyati mohiyatini tushunmay turib ongning kelib chiqishini tushunish mumkin emas. Hayvondagi in’ikos shakllari bilan odamdagi in’ikos shakllari o‘rtasidagi tub farqning sababi ular faoliyatining xarakteridadir. Hayvonlarning instinktiv-biologik, adaptatsion-moslashuvchanlik faoliyati odamning mehnatidan qanchalik farq qilsa hayvonlarning psixik faoliyati ham odamning ongidan shunchalik farq qiladi.
Fikrlash faoliyati asosida paydo bo‘lgan va shakllangan inson ongi o‘z shakli bo‘yicha individual, lekin mohiyati bo‘yicha ijtimoiy, sotsial hodisadir. Inson ongining fiziologik asosi miyadir. Lekin bu yerda miya o‘z-o‘zicha fikrlamasligini, balki miya yordamida odam fikrlashini tushunib olish muhimdir. Ongning paydo bo‘lishida asosiy ijtimoiy rolni mehnat o‘ynaydi, chunki mehnat odamni shaxs sifatida shakllantiradi, uning ijodiy potensiali, imkoniyati va qiziqishlarini, qurshab turgan dunyoni tushunishga, uning tarkibida o‘z o‘rnini tanlashga, uni o‘z maqsad va vazifalariga bo‘ysindirishga, inson uchun foydali qilishga intilishlarini rivojlantiradi.
Ong paydo bo‘lishining yana bir eng muhim omili tildir. Til odamlarning ijtimoiy tajribalarini ifodalab beradi, insoniyatning tarixiy taraqqiyotida tafakkurning uzluksizligini ta’minlaydi. Inson fikri, g‘oyalari, tasavvurlari so‘zlarda ifodalanadi, shakllanadi, shuning uchun til, bu – fikrni, ongni ifodalashning universal vositasidir, kishilarning aloqa qilish, axborot almashish vositasidir.
Mehnat va til – ong rivojining asosiy ijtimoiy omillaridir, ammo birdan-bir omili emas. Inson hayotining, demak tafakkurining ham ijtimoiy asosi ko‘pgina boshqa komponentlarni, masalan, siyosiy, huquqiy, axloqiy, tashkiliy, gnoseologik va hokazo komponentlarni o‘z ichiga oladi.
Inson ongi boshqa kishilar ongining, butun sotsium ijtimoiy ongining, ijtimoiy guruhlar (milliy, diniy, kasbiy, yosh bo‘yicha va hokazo guruhlar) ongining, madaniyat, fan, mavkura, ommaviy axborot vositalari va kommunikatsiyaning ta’siri ostida bo‘ladi va ular bilan faol o‘zaro ta’sirda bo‘ladi. Xuddi shular orqali odam o‘zining kundalik hayotida shaxsga, ijtimoiy mavjudotga, insoniy madaniyat sohibiga aylanadi.
Shaxsning asosiy tuzilmaviy elementi ruhiyat (psixika)dir. Ongning o‘zi esa psixikaning oliy ko‘rinishidir, chunki oliy hayvonlarda materiya tuzilishining biologik darajasida vujudga kelgan psixikaning o‘zi murakkab tuzilishga egadir va tadrijiy evolyusiya natijasida borliq tuzilishining sifat jihatidan boshqacha, ijtimoiy darajasida ongni keltirib chiqaradi.
Odamning psixikasi shaxsning psixik tuzilishini, uning xarakterini, temperamentini, qobiliyatlarini, qadriyat mo‘ljallarini, o‘zini-o‘zi tahlil qilish va baholashini, individual fikrlash uslubi va turmush tarzini belgilab beradi. Inson psixikasi ongni ham, inson ichki dunyosining ong nazoratidan tashqarida bo‘lgan qatlamini, ya’ni ongsizlik va ongostini ham o‘z ichiga oladi.
Ongga, bir butun bog‘langan tizim sifatida, uning sezgi, idrok, emotsiya, iroda, fikr va xotira kabi ajralmas elementlari kiradi. Bir butunlik ongning tizimiy sifati bo‘lib, ong fenomeni mohiyatining o‘ziga xosligi uning tarkibiy qismlarining har qandayiga nisbatan mutlaqo zarurligini bildiradi.
Sezgi. Inson sezgilari tashqi dunyo haqidagi axborotlarni asosiy yetkazib beruvchilardir. Ko‘rib, ushlab, hidlab, eshitib va ta’mga qarab sezishlar sub’ektga dunyoni bilishga, o‘zini qiziqtirgan ob’ektni topishga, u turgan joyni aniqlashga, uning rangi, hidi, ta’mi, qattiq yo yumshoqligi, xarorati va boshqa sifatlari haqida axborot olishga imkon beradi.
Idrok. Ibn Sino idrok haqida bunday deb yozgan: «Odamning xususiyati shundayki, u kamyob narsalarni idrok qilganida unda ajablanish degan refleks paydo bo‘ladi, shundan keyin kulgi keladi. Zararli narsalarni idrok qilish esa qo‘rquv deb atalgan refleksni keltirib chiqaradi, shundan keyin yig‘i keladi... Demak, odam umumiy qarash qobiliyatiga egadir hamda ayrim narsalar haqida: u foydali yoki zararli narsani qilishi lozimmi yoki lozim emasligi, bu xavflimi yoki xavfsiz, yaxshimi yoki yomon ekanligi haqida o‘ylab ko‘rish qobiliyatiga egadir»19.
Idrok – sub’ektning axborotni qayta ishlashida sezgidan keyingi bosqichdir. Bu bosqich davomida ob’ekt, uning zamon va makoniy tavsifi yaxlit holda anglab olinadi va ideal obraz unga taalluqli moddiy ob’ektning o‘zi bilan, ya’ni idrok ob’ektining o‘zi bilan taqqoslanadi. Tafakkur tufayli sezgi va idrok natijalariga ma’no va mazmun beriladi, munosib va tushunish qulay shakl izlab topiladi.
Emotsiya. Ong tuzilishining emotsional komponenti hodisalar va voqealarga ijobiy yoki salbiy munosabat (umid, quvonch, qo‘rquv, umidsizlik va sh.k.) yoki loqaydlikni keltirib chiqaradi. Shaxsni baxslashish, tashvishlanish, emotsional shok, affekt holatida bo‘lishga (rashq qilish, nafratlanish, yomon ko‘rishga) undaydi, uning stress yoki frustratsiya (gangirab qolish, ruhiy ezilish) holatida bo‘lishiga, quvonishi yoki g‘azablanishiga sabab bo‘ladi. Kechinmalar va emotsiyalarning axborot jihatidan muhim tomoni sub’ektning ob’ektga bergan bahosidan iborat (yaxshi - yomon, yaxshiroq - yomonroq va hokazo).
Iroda. Emotsiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish sub’ektning irodasi bilan uzviy bog‘liqdir. Sub’ekt faoliyat ko‘rsatayotgan ob’ektiv sharoit bilan uni amalga oshirishning sub’ektiv imkoniyatlari tafovut qilib qolganda sub’ekt faoliyatini iroda yordamida tiklash, tartibga solish zarur bo‘ladi. Shaxs avval yechim tanlab, qaror qabul qilib, so‘ngra uni amalga oshirishi zarur bo‘lib qolgan hayotiy vaziyatda iroda ishga solinadi. Irodaning ishtirokisiz ong hech bir ish qilolmaydi, iroda odamning xatti-harakatini tartibga solib turadi, uni istalgan maqsadga erishishga yo‘naltiradi. Bu yerda sub’ektning ishning ko‘zini bilib qaror qabul qila olishi alohida rol o‘ynaydi, bu esa iroda erkinligini bildiradi.
Xotira. Ong tizimida xotira tajribaning integral yig‘uvchisi va ifodachisi bo‘lib xizmat qiladi. Xotira - kishining yoki kishilik jamiyatining o‘zining yoki o‘zganing o‘tgan zamondagi faoliyatini hozirgi zamonda saqlab qolish va tiklash layoqatidir. Xotira shunday bir yo‘naltiruvchiki, u tufayli sub’ekt vaqtda ham, makonda ham muvaffaqiyatli yo‘nalish oladi, bu esa uning faoliyat rejalari, sxemalari va dasturlarini tuzishida ifodalanadi. Xotiraning boshqa bir funksiyasi – o‘tmishdagi voqelikni tafakkuriy qayta tiklashdir. Xotira insonga tarixiy o‘tmishni va istiqbolni ko‘rishga, kelajakni oldindan ko‘rishga imkon beradi.