So‘z birikmalarining tasnifi So‘z birikmalari quyidagi xususiyatlari asosida tasnif qilinadi:
1. So‘z birikmalari qismlarining grammatik tabiatiga ko‘ra.
2. So‘z birikmalarining tuzilishiga ko‘ra.
So‘z birikmalari qismlarining grammatik tabiatiga ko‘ra tasnif qilinganda, hokim a’zoning qaysi so‘z turkumidan ekanligi, tobe a’zoning sintaktik vazifasi asosga olinadi.
So‘z birikmalari hokim qismning qaysi so‘z turkumidan ekanligiga ko‘ra quyidagi turlarga ajratiladi: 1) otli birikma; 2) fe’lli birikma; 3) sifatli birikma; 4) ravishli birikma; 5) modal so‘zli birikma.
1. Otli birikma. Bunday birikmaning hokim so‘zi vazifasida ot, otlashgan so‘zlar keladi va u quyidagi ko‘rinishlarga ega bo‘ladi:
Hokim a’zo vazifasida ot keladi: g‘ayratli odam, samimiy inson, ezgu niyatli kishi. Hokim a’zo sifatida olmosh keladi: bolaning o‘zi, Karimaning o‘zi. Hokim so‘z sifatida otlashgan sifat keladi: kishilardan eng mardi,qizlarning sarasi. Hokim a’zo vazifasida otlashgan son keladi: talabalarning beshtasi, o‘quvchilardan biri. Hokim a’zo vazifasida otlashgan olmosh keladi: tilaklarning barchasi, kutib oluvchilarning hammasi. Hokim a’zo vazifasida otlashgan sifatdosh keladi: onamlarning aytganlari, bolalarning o‘qiyotgani va b.
Hokim a’zo vazifasida otlashgan ravish keladi: jumhuriyatimizning buguni, ishlarning ko‘pi. Hokim a’zo sifatida otlashgan undov so‘z keladi: ularning dod-voyi, bolalarning qiy-chuvi. Hokim a’zo vazifasida otlashgan taqlid so‘z keladi: otlarning dupur-dupuri, to‘plarning gumbur-gumburi. Ko‘rinadiki, otli so‘z birikmasi qismlari bitishuv, muvofiqlashuv va boshqaruv yo‘li bilan grammatik aloqaga kirishadi. Otli birikma so‘z shakli bilan so‘zning (leksemaning) yoki ikki so‘z shakllarning bog‘lanishidan hosil bo‘ladi.