Hunarmandchilik – hunarmand usta har-xil oddiy mehnat qurollari yordamida xom-ashyodan turli mahsulotlar tayyorlaydigan kasblarning umumiy nomidir.
Kashtachilik ham xalq hunarmandchiligining qadimiy turlaridan bo’lib, bunda asosan kiyimlarga va boshqa uy-ro’zg’or tikuv-buyumlariga bezak berishda qo’llaniladi. Kashta kiyimlar va buyumlarni bezashda katta ahamiyatga egadir.
Kashta tikishni bilish orqali kiyimlarni yangilab olish, ko’pgina kerakli buyumlarni: salfetkalar, panno, fartuk, yostiq jildlari, yaqin kishilarga beriladigan sovg’alarni bezash va tayyorlash mumkin.
Kashta tikish qiziqarli va ijodiy ish bo’lib, u insonga ko’p quvonch keltirishi va nafosat olamiga olib kirishi mumkin. Kashta tikish usullarini o’zlashtirayotganda bajarilayotgan ish birdaniga yaxshi chiqmasligi mumkin. Chunki kashtachilik sabr-toqatli, e’tiborli, tartibli bo’lishni talab etadi. Kerakli malakalar egallab borilgan sayin, ish asta-sekin osonlasha boradi.
Kashta tikish san’atining ko’p asrlik tarixi bor. Arxeologik topilmalarda yozilishicha qadimdan uy-ro’zg’or buyumlarini-sochiqlar, to’r xoshiya, dasturxonlar, bayram va kundalikda kiyiladigan kiyimlar, peshbandlar, bosh kiyimlar va boshqa narsalarni kashtalar tikib bezatilgan.
Kashta tikish usullari, gullari, ranglarni mujassamlanishi avloddan avlodga o’tib takomillashib bordi. Asrlar davomida eng yaxshi kashtalar tanlanib olindi va milliy xususiyatlari bilan xarakterli betakror kashta namunalari yaratildi.
Xalq ustalari kashta tikib bezagan buyumlar chiroyli gullari bilan, ranglarining bir-biriga mosligi, to’la mutanosibligi, bajarish usullarining professional aniqligi bilan ajralib turadi. Kashta tikilgan har bir buyum amaliy vazifasiga to’g’ri keladi. Respublikamiz muzeylarida xalq kashtachiligining ko’p namunalari to’plangan. Ayniqsa, XIX asr kashtalari eng yaxshi saqlanib, shu kunlargacha yetib kelgan.
Kashta bezak san’ati turidir. Turli rangdagi ip, igna, ilmoqli bigiz bilan mato trikotaj, charm, kartonga qo’lda yoki mashinada gul, naqsh tasviri tikiladi. Kashta kiyimlar va buyumlarni bezashda, hamda ro’zg’or bezak buyumlar tayyorlashda qo’llaniladi. Kashta ipak, paxta, jun, zig’ir, sun’iy tolalardan tayyorlangan iplar, shoyi, zar sim, charmdan ensiz qilib tayyorlangan tasmalarni tikib, munchoq, marjon, metall, nodir va qimmatbaho toshlar, shishalardan ishlangan munchoqlar bilan bezatilgan. Bezak buyumlari – palak, so’zana, kirpech, zardevor va shu kabilar, kiyimlar, dastro’mollar, chorsi, hamyon kabilarning o’ziga munosib kashta gullari va shu kashtalarni tikish usullari mavjud. O’zbek kashtalarida geometrik shakllar, o’simliksimon naqsh elementlari ko’p ko’zga tashlanadi. Qo’lda tikiladigan kashtalarni 2 turi mavjud: