Temir odam yasab yurguncha, ko'proq
"Jonli temir"larni o'ylangiz, ustoz,- degan xitob lirik qahramonning da'vatidir. Nafratni, ishqni, mehrni bilmaydigan kimsa esa - shoir yaratgan, tip darajasiga ko'tarilgan lirik xarakterdir.
Abdulla Oripov she'riyatida rang-barang turfa olam lirik xarakterlar yaratish orqali poetiklashtiriladi. Shu ma'noda lirik xarakter shoirning hayotni o'ziga xos idrok etishini, hayot hodisalarining yangicha talqinini, o'z yoqtirishi va yoqtirmasligini, ijodkor sifatida o'z qiyofasini, qalb rozini izhor etish vositasi hisoblanadi. She'riy asarning tabiatidan kelib chiquvchi lirik xarakter ijodkorning borliqni sub'ektiv tushunishi, aks ettirishi bilan chambarchas bog'liqdir.
Shoir she'rlarida tuyg'u va fikr qorishiq holda namoyon bo'ladi. Lirik xarakter fikr va hisning dialektik birligiga asoslanadi. Lirik xarakter - obraz ijodkorning voqelikka munosabati, nimadandir qoniqishi yoki qoniqmasligi, qandaydir voqea-hodisaga o'z xayrixohligi yoki noroziligini bildirishi, ruhiyatiga ta'sir qilgan kechinmalarni ifodalashi orqali yaratiladi.
Hur fikrlilik, istiqlol umidi, Vatanni hur, ozod, insonni erkin ko'rish orzusi, jamiyatdagi salbiy ko'rinishlarga ayovsiz munosabat, adolatga, haqiqatga yetishish istagi A.Oripov ijodida markaziy o'rinda turadi va lirik qahramon obrazi ko'p jihatdan shoirning mana shu hayotiy va estetik tamoyillari, ideallaridan kelib chiqib shakllanadi.
Qandaydir umumiy, "baynalmilal" til haqida gap-so'zlar avjiga chiqqan 60-yillar o'rtasida shoir ajdodlarimizdan o'tib kelayotgan ona tilimiz - o'zbek tilining himoyasiga da'vat etilgan o'tli misralar yaratdi:
Ming yillarkim, bulbul kalomi
O'zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho'rlik to'tining holi
O'zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin she'rga solaman.
Sen yo'qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to'ti bo'lib qolaman. Oltmishinchi yilarning o'rtalarida yozilgan "Men nechun sevaman O'zbekistonni", "Sarob", "Yuzma-yuz", "O'zbekistonda kuz", "Biznikilar", "Bahor", "Minorai kalon tepasidagi laylak", "Sovg'a" kabi she'rlarda va "O'zbekiston" qasidasida milliy o'zlikni anglash, O'zbekiston istiqloli, xalq va Vatan taqdiri, "million egatlarga sochilgan o'zbek"ning dardu hasratlari, muammolari ilk bora o'tkir qilib qo'yiladi. Bu she'rlar uchun umumiy bir ohang, umumiy g'oya - bu hurlik, milliy uyg'onish g'oyasidir.
Umuman, xalq, uning dardu tashvishi, O'zbekiston mavzusi shoir ijodida ayricha bir muhabbat bilan qalamga olinadi. Ona-yurt - jonajon O'zbekiston - Abdulla Oripov eng baland maqomlarda qalamga olgan mavzudir. Shoir bevosita O'zbekistonga she'r bag'ishlaydimi, paxtani madh etadimi, hamma vaqt ko'z o'ngida jafokash xalqimiz, uning muammolari, tashvishlari turadi. Millatning uyg'onishida, milliy g'urur tuyg'ularining chuqur tomir yoyishida, Vatanni tanishning teranlashishida shoir so'zining salmog'i beqiyos bo'ldi. Uning lirik qahramoni O'zbekistonni otashin bir sevgi bilan sevadi. Shunisi xarakterliki, O'zbekistonga bo'lgan muhabbat balandparvoz misralar, yalong'och madhiyalar bilan emas, balki lirik qahramon qalbining tub-tubidan otilib chiqqan kechinmalar, bezovta o'ylar tarzida inkishof topadi:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda
Mangu muzliklarga eltgan bo'lsaydi,
Qorliklarni makon etgan bo'lsayding,
Mehrim bermasmidim o'sha muzlarga? "Men nechun sevaman O'zbekistonni" she'rini o'qib chiqasiz, ammo qo'yilgan savollarga javob aniqmasdek tuyuladi. To'g'ri:
Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun
Sevgan farzand bo'lsa kechirma aslo! - misralariga asoslanib, kishi o'z vatanini boyliklari, go'zalligi uchungina sevmasligi lozim degan fikr kelib chiqishi mumkin. Lekin bu fikr ham tugal, aniq fikr emas. Bu she'r to'g'risida juda ko'plab turli-tuman fikrlar bildirilgan, har bir munaqqid o'zicha har xil sharhlagan. Biroq shoir "Men nechun sevaman O'zbekistonni" so'zlarini nima uchun aynan sarlavhaga olib chiqqanligini, kosa tagidagi nimkosani, shoir nazarda tutgan, satrlar orasidagi "yashirin muxolif"ni hech kim aytmagan. Fursat yetib buni shoirning o'zi oshkor qilishiga to'g'ri keldi. "O'sha davrda O'zbekistonni paxtasi uchun, oltini uchungina hurmat qilgan, hurmat qilmagan bo'lsa-da, shundan foydalangan qudratli mustamlakachi sinflar bo'lgan. Ularning ruhiyati muqarrar kishining g'ashini qo'zg'ar edi, shunda men, xo'p, sen uni boyligi uchun sevar ekansan, sen faqat shuning uchun sevar ekansan, semasang-da foydalanasan, holbuki, o'sha paxta ham meniki, oltin ham, ammo men nima uchun sevaman O'zbekistonni?! Agar mangu muzliklarda yashagan bo'lsang ham, xalqim, men bir chukcha yo yoqutga o'xshagan bo'lganimda ham sen uchun jonimni berar edim-ku!-degan muxolif kayfiyat va fikr bilan o'z vaqtida yozilgan", - deb qayd etadi muallif. Lirik qahramonning O'zbekistonga bo'lgan muhabbati ich-ichidan otilib chiqqanligining sababi mana nimada ekan. O'sha paytlar oshkor aytilishi hech mumkin bo'lmagan "yashirin muxolif" bilan bo'lgan munozara keskin lirik konflikt yaratganligi tufayli ham she'r mana shunday ta'sirli ohang kasb etgan.
O'zbekiston, ona xalq, Vatan hurligi va ozodligi mavzusi da'vatkor ruh bilan qo'shilib Abdulla Oripov "fenomeni"ni vujudga keltirgan komponentlardan biri bo'ldi.
Shoir xalqimiz tarixi, olis moziyda va yaqin o'tmishda yashab o'tgan buyuk siymolarimiz, qatag'on qurbonlari bo'lgan ulug' adibu shoirlarimiz haqida millatimizning qadrini baland ko'tarishga, o'zlikni anglab olishga da'vat qiluvchi she'rlar bitdi.
Shoir lirikasidagi yana bir katta mavzu - bu inson mavzusi, inson haqidagi yangi haqiqatlarni ochib berish, insonni butun murakkabligi bilan tasvirlash muammosidir: