Abdulla Qahhor bemor hikoyasining tahlili
Yer yuzida san'atlar juda ko'p. Ularning ichida eng saralaridan biri badiiy adabiyotdir.Badiiy adabiyotning eng muhim quroli— so'z. So'zlar vositasida badiiy tasvir yuzaga keladi.Badiiy tasvir sabab o'quvchida o'zi o'qiyotgan asar muhitiga tushish, obrazlar bilan birga yashash, sevinish, qayg'urish,muhabbat,nafrat kabi tuyg'ularni tuyish, asarni ich-ichidan his qilish imkoniyati yuzaga keladi.Shu boisdan, bir necha asr muqaddam yozilgan asarning qaysidir qahramonini qaysidir biz bilgan va biz bilan bir zamonada yashayotgan kishiga o'xshatamiz.Bunda zamon va makon munosabatlari ,badiiy adabiyotning kuchi o'laroq, o'zgaradi.Bu borada yozuvchining mahorati katta ahamiyat kasb etadi.Yurtimizning ham mana shunday mahoratli, serqirra ijodkorlari ko'p. Ulardan biri Abdulla Qahhordir.Bir paytlar ijodkorning o'zi adabiyot borasida quyidagi fikrlarni bildirgan edi: ,,Adabiyot — ko’ngil ishi, ilhom samarasi. Tuyg’usiz, ilhomsiz yozilgan asar changlanmagan gulga o’xshaydi — meva tugmaydi. Ko’ngil rozi bo’lgan asargina kitobxonning ko’ngliga yo'l topadi, kitobxonning ko’nglida meva tugadi...
... Quyosh, havo, yer, suv barcha jonvor va ko’katlarga ozuqa berganidek, xalq hayoti yozuvchiga ilhom beradi. Yozuvchi qanchalik iste'dodli, uning qalam tutgan qo’Ii qanchalik tajribali bo’lsa, xalq undan shunchalik chuqurroq minnatdor bo’ladi, uning ijodini, umuman, Adabiyotni shunchalik chuqurroq hurmat qiladi"1. Abdulla Qahhor ushbu fikrlarini o'zining durdona asarlari bilan amalda isbotlagan yozuvchidir. Unda ixcham va teran fikrlash,tasvirlash
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
qobiliyati mavjud bo'lgan. Shu sabab yozuvchining kichik hajmli hikoyalari ham o'quvchini ko'p va to'g'ri xulosalar chiqarishga undaydi.
TADQIQOT MATERIALLARI VA METODOLOGIYASI
O'zbek adabiyotining yirik namoyondasi Abdulla Qahhor ijodini hikoyalarsiz tasavvur qilish qiyin. Ijodkorning o'zi yashab o'tgan davr bilan bog'liq, turli mavzulardagi, ijtimoiy va tarbiyaviy jihatdan katta ahamiyat kasb etuvchi hikoyalari bisyor.Ana shunday hikoyalardan biri ,,Bemor'' hikoyasidir. Kichik hajmli va mo'jazgina bo'lishiga qaramasdan hikoyaning salmog'i,zalvori anchayin katta.Ijodkor yashab turgan va qisman bugungi kun haqiqatlarini o'zida jamlagan hikoya har bir detalga, obrazga e'tibor berishni talab qiladi. Asarda davrning muammolaridan bo'lmish qashshoqlik, ilmsizlik, loqaydlik qoralanadi. Mana shu illatlarni atrofida voqaealar birlashtiriladi.Iqtisodiy imkoniyatlarning cheklanganligi sababli kishilarning ijtimoiy imkoniyatlari ham chegaralanishi haqida so'z yuritiladi.Boy va kambag'allar o'rtasidagi farq, munosabatlar va inson qadr-qimmati o'sha davr muhitida yoritib beriladi. Xalq orasida bir naql yuradi : ,, Yer yuzida yomon insonlar ko'p emas, ularga qarshi kurashmaydiganlar ko'p". Hikoyada ham ana shunday uchinchi tabaqaning qurboni, bemor ayol sifatida butun boshli millatning o'sha davrdagi taqdiri ochib beriladi.
TADQIQOT NATIJALARI
Hikoyada Sotiboldi ismli oddiy ishchining ayoli kasallanib, yotib qoladi. Shunday bo'lishiga qaramasdan ayol shifoxonaga olib borilmaydi. Chunki iqtisodiy imkoniyatlarning cheklanganligi oialning ijtimoiy imkoniyatlarini ham chegaralab qo'yadi.Chigit po‘choq va kunjara bilan savdo qiladigan Abdug‘aniboyning qo‘lida xizmat qiladigan Sotiboldining puli faqatgina, tovuq bilan qonlash, chilyosin o'qitish v baxshi chaqirishgagina yetadi,xolos. Bu fikrlarning isboti sifatida shifoxonaning eshigudan ham kirmagan Sotiboldi kasalxona so'zini eshitganda oq podsho va izvosh surati tushirilgan 25 so'mlikning ko'z oldiga kelishini olishimiz mumkin.Nochorlik sabab ayolini kasalxonaga olib bora olmaydi, xo'jaynidan qarz so'raydi. Asarning eng ayanchli haqiqatlaridan biri ushbu davrda faqatgina iqtisodiy emas,balki ma'naviy qashshoqlikning ham keng avj olganidir. Buning isboti o'laroq,imkoniyati yetishiga qaramay Abdug'aniboy ishchisiga pul bermasligini olishimiz mumkin(uning bunga imkoni borligini ustidan qop ag'anaganda ,,SIM"ga borib davolanib kelganidan ham bilish mumkin). Ayolining yoshligi, mittigina qizalog'i borligini, ayolning hayotini asrab qolishga umid borligini bu umid o'zidan ekanligini bilsa-da yordam bermaydi. Vaholangki, o'sha davrning boy kishilaridan biri nochor bir ayolning umri, bir farzandning onasi,bir insonning rafiqasini hayotini saqlab qolishi mumkin bo'lgan pullarini qizg'anadi. Insoniylikni bir chetga surib qo'yadi.Yordam qo'lini cho'zish o'rniga Sotiboldiga turli xil bid'at va foydasiz amallarni tavsiya qiladi. Boyning holatga nisbatan fikrlari o'sha davr boylarining qashshoq aholiga nisbatan bo'lgan munosabatini ko'rsatadi.Boylarda pul bo'lsa-da ma'naviyatlari sustlik qilib, loqaydlarcha yordam berishmaydi, qo'ni-qo'shnidan esa najot yo'q. Bu davrga kelib qashshoqlik juda kuchayadi.Shu boisdan ham tashqaridan boshqa tovush emas, gadoning sadaqa so'rab baqirgan tovushi eshitiladi. Bemor uxlayotgan xona ham tund bir ruhda tasvirlanadi. Xuddi uxlayotgan, kasallangan, tomiriga bolta urilayotgan, quriyotgan millat kabi.Hikoya davomida Sotiboldining,ayolining qarindoshlari haqida mutalaqo so'z yuritilmaydi, bu qarindoshlar yo'qligini emas,yordam beruvchilar yo'qligini bildiradi.Bemorning qanday kasallikka chalinganligi haqida ham so'z bormaydi, uning kasalini tabiblar-u baxshilar ham bilishmaydi. Zamona ilmsizligining qurboni bo'lgan bu kimsalardan biri— tabib. Tabiblikni kasb qilgan kishi bemorning dardini bilmasdan turib undan qon olishi
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
mumkin emas.Lekin asarda tabib tomonidan qon olinishi natijasida bemor ayolning yana ham ko'proq holsizlanib qolganligiga guvoh bo'lamiz. Tovuq so'yib, qonlab, usiz ham og'ir ahvolda yotgan bemorni tol xivchini bilan savalashadi. Baxshi kelib, ko'zi, qulog'i, boshi, oyog'i yoki boshqa yeri og'rib kasallangan bemorlarning barchasiga ,,tijorat" maqsadida o'qiydigan bir xil duolarni o'qiydi. Bu duolar bemorning dardiga malham bo'ladimi,yo'qmi bu bilan hech kimning ishi yo'q. ,,Ko’ngilga armon bo’lmasin deb” chilyosin(Chilyosin (chihil yosin; forscha qirq yosin) — Qur’onning Yosin surasini o‘qish bilan bog‘liq bo‘lgan diniy odat. Musulmon an’anasiga ko‘ra, og‘ir kasalni tuzatish yoki yengillashtirish maqsadida Yosin surasi bemorning ustida 40marta o‘qilib, unga dam solinadi.2) ham o’qitishadi. Qilinayotgan ishlarning barchasi ,,ko'ngilga armon bo'lmasin" deb.Bemorni tuzatishga harakat qilinayotganining sababi: o'lib qolmasligi(yanada qimmatga tushmasligi) uchundek go'yo.Chunki o'lgan kishini qabrga qo'yish, ma'raka o'tkazish bularning barchasi pul evaziga bo'ladigan ishlar. Aynan mana shu pul, qashshoqlik, nochorlik sababli o'sha davr kishilarining qanchalik imkoniyatlardan, tuyg'ulardan mahrum bo'lganligini ifodalaydi yozuvchi asarda.
MUHOKAMA
Bu davrga kelib iqtisodiy imkoniyatlari yetarli bo'lmagan kishilar kasallikka qarshi muolajalarni ham ololmaydi, shu boisdan oddiygina kasalliklar sabab ko'pchilik bevaqt vafot etib ketaverishadi. Pul sababli inson qadri atalmish tushunchalar o'z ahamiyatini yo'qotadi. Jamiyat kishilarining maqsadi qorin to'yg'azish va kundalik turmush tashvishlari bilan kifoyalanib qoladi. Bunday sharoitda farzandlarni o'qitish, ularga ilm berish haqida o'ylashni aytmasa ham bo'ladi. Asarda tabib, baxshi, qonlovchilardan ham mudhishroq hodisa bor. Butun boshli jamiyatning birgina qizaloq qiladigan duolar bilan kifoyalanishi— asarning mazmunini ochib beruvchi eng katta omil. Butun boshli jamiyatda bir ayolning dardiga darmon bo'ladigan, yordam beradigan kishi topilmaydi. Shifoxonalar, shifokorlar, boylar, badavlatlar ko'p bo'la turib, ayolga yordam beradigan, aqalli bir kishi topilmaydi. Savat to'qib ayolini saqlab qolishga harakat qilayotgan, shifokorga ko'rsatish uchun imkoniyati yetmaydigan Sotiboldining ham ahvoli juda nochor, ilojsiz tasvirlanadi asarda. Shuncha yordam berishga qodir qilingan kishilari bo'la turib bir bemor va yosh ayoni saqlab qola olmagan jamiyatda, tuzumda eng katta ayb. Bemor Sotiboldining xotini emas. Davr,muhit,insonlarning ma'naviyati, insoniyligi—bemor.Millat Hamza Hakimzoda Niyoziy fikri bilan aytganda, o'sha davr ,,tanasidan qon oldirgan bemor"3ga aylanib qoladi. Bu paytda millatni jaholat botqog'idan qutqarishga qodir kishilar bo'la turib, bunga o'z hissalarini qo'shishni xohlamasliklari—eng og'ir dardga chalingan jamiyatlardagina uchraydigan holat.
XULOSA
Abdulla Qahhorning ,, Bemor” hikoyasida XX asrning bir qancha haqiqatlari yoritib beriladi. Jumladan,o'lkadagi ilmsizlik, qashshoqlik, insoniy fazilatlarning inson bolalaridan uzoqlashishi kabilar. Hikoyada insonni qashshoqlik emas, loqaydlik halokat(hikoyada o’lim)ga yetaklashi isbotlab beriladi. Asar bugungi shiddatli zamonada yashab, bir qamcha tuyg’ulardan uzoqlashayotgan yangi davr kishilari uchun ibrat bo’la oladi.Tegishli xulosalar chiqarishga va xatolarni takrorlamaslikka undaydi. Shu sababdan, Abdulla Qahhorning hayotning ko’plab haqiqatlarini o’zida jamlagan bu kichik hikoyasi asrlar davomida ham o’z ahamiyatini yo’qotmay kelmoqda.