Abdulla Qahhor



Yüklə 349,19 Kb.
səhifə31/35
tarix03.12.2023
ölçüsü349,19 Kb.
#172178
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   35
Abdulla Qahhor. Anor [kitoblar pdf]

JONFIG‘ON


Jonfig‘onni tanisangiz kerak – o‘sha, o‘tgan yil bahorda mast bo‘lib, ko‘chadan o‘tgan odamga «hozir aytasan: boshimni qaysi devorga urib yoray», deb yopishgan, keyin soqoliga o‘zi o‘t qo‘yib, gugurt chiqarganni so‘kkan kishi.


Kecha shuning uyidan xotin kishining achchiq-achchiq yig‘lagan tovushi eshitildi. Jonfig‘on bu yaqin yillarda xotinini urgan emas, hatto bir kuni samovarda o‘zi: «Xotin kishini nomard uradi, qo‘ling qichisa, o‘zingga o‘xshagan qo‘li qichi- ganni topib mushtlash, men seni mard bilay», degan edi.

    • Nima bo‘ldi?

Uch-to‘rt kishi bo‘lib asta kirsak, hovlining o‘rtasida katta gulxan, xotini Malohatxon uning atrofida dodlab yuribdi. To‘xtatdik.

    • Nima gap?

    • Sho‘rginam qursin... ko‘rmaysizlarmi... Besh-olti yildan beri bitta paypoq olib bergani yo‘q-ku, ishlab-ishlab topgan pulimga qilgan hamma kiyimlarimga kerosin sepib o‘t qo‘ydi... Shu ustimdagi ish kiyimim bilan qoldim...

Jonfig‘on derazadan boshini chiqarib baqirdi:

  • Gapir, ha, gapir!.. Sening gaping gap-u, bizniki gap emasmi!..

Jonfig‘on katta bir haqiqatni ochishga shoshilganday, uydan yugurib chiqdi, bizga zo‘r haqsizlikdan shikoyat qila- yotgan qiyofada turib, allaqayerda o‘tgan bir avliyoning o‘z o‘g‘liga «xotinlar bevafo» deb qilgan nasihati, jinoyat qonunlari majmuasining allanechanchi moddasi to‘g‘risida gapirdi va bexosdan yig‘lab yubordi. Keyin bilsak, kecha er- xotin urishgan, xotin «qo‘y endi, men sen bilan umr qilmayman, ertaga xatimizni olamiz», degan ekan.
Urish, qo‘ydi-chiqdi ham har xil bo‘ladi. Ba’zi urishlar shunday arzimagan narsadan chiqadiki, orada qancha sovuq gaplar o‘tib, «hordiq chiqqandan keyin» urish nimadan chiqqanini na er eslay oladi, na xotin. Bularning ham janjali shu xilda bo‘lsa yarashtiraylik, ikkovi ZAGSning o‘sha «o‘lim va taloq» bo‘lmasiga qadam bosmasin deb, gap so‘radik. Er- xotin ayta bersa, bu janjalning tarixi biron yozuvchining qo‘liga tushsa kattakon bir kitob bo‘ladigan.
Jonfig‘on bundan besh-olti yil burun qaysi bir idoraning izvoshini minar ekan, kirakashlik qilib qo‘lga tushib ishdan haydashibdi, keyin sabzavot do‘koniga mudir bo‘lgan ekan,
«juda arzon mollar, bularning ustiga so‘m qo‘yib bo‘lmasa, tiyin qo‘yish bilan qachon boy bo‘ladi kishi», deb o‘zi tashlab ketibdi, tanish-bilishlari zavodga ishga joylab qo‘ygan ekan,
«oyligidan bo‘lak daromadi yo‘q», deb bormay qo‘yibdi, shundan keyin qilmagan ishi qolmabdi desa bo‘ladi: gulfu- rushlik deysizmi, tom shuvoq deysizmi, qassobchilik dey- sizmi... bir-ikki hafta bozorda qovun tilib ham sotibdi.
Malohatxon Jonfig‘on izvoshchilikdan haydalgan yili, mahalladagi faol ayollarning himoyasi ostida, erining qarshi- ligiga qaramay, tuman hokimiyatiga farrosh bo‘lib kirgan ekan, o‘qibdi, hademay savodi chiqibdi, bir yil-bir yarim yildan keyin hatto majlislarda nutq so‘zlovchiga: «O‘rtoq, sizga savolim bor», deydigan bo‘libdi. Tuman rahbarining shoferi Tishchenko degan ayol uning sog‘lomligiga, kuchiga, abjir- ligiga, ayniqsa, zehniga qoyil bo‘lib yurar ekan, bir kuni uyga chaqirib, «sen shofer bo‘lgin, nima yordam kerak bo‘lsa beraman», debdi. Malohat ham shunday bir narsani orzu
qilib yurar ekan, darrov ko‘nibdi. Shundan keyin Tishchenko uni birmuncha vaqt shoferlar kursiga tayyorlabdi, oqibat kirgizib ham qo‘yibdi.
Jonfig‘on avvallari uning niyatiga, o‘qishiga «notavon ko‘ngil... orzuga ayb yo‘q» degan nazar bilan qarab yurar ekan, bir vaqt qarasaki, Malohat kursni bitirib, gruzovoy minib yuribdi! Jonfig‘on bunga ham ko‘nikibdi – «ha endi, minsa minibdi-da, shu ham martabami, mashinani o‘zi o‘ylab chiqariptimi», deb o‘ziga tasalli beribdi. Biroq Malohat ikki yilda uch marta mukofotlanibdi. Jonfig‘on mukofotni o‘z gazi bilan o‘lchagani uchun bunga ham uncha parvo qilmabdi –
«olgan mukofotiga ot bilan tuya berarmidi», debdi. Jonfig‘on o‘tgan yil bahor kechalarining birida (o‘sha kuni ertasiga boshini yormoqchi bo‘lgan, soqoliga o‘t qo‘ygan) istirohat bog‘iga kirgan ekan, qarasa, shaharning man-man degan staxanovchilari qatorida xotinining ham kattakon portreti turibdi! Sevinch, qo‘rquv, baxillik – hammasi aralash-quralash bo‘lib, Jonfig‘onning boshi g‘ovlab ketibdi. U darrov uyiga kelib, har qalay, xotinini suyibdi, o‘pibdi, lekin suhbat janjal bilan tugabdi. Bu kungacha bo‘lib o‘tgan uchta yirik janjalning biri shu ekan.

    • Shunda janjal nimadan chiqdi? – dedi sherik- larimizdan biri.

Jonfig‘on javob bermoqchi bo‘ldi, Malohat gapini og‘zidan oldi.

    • Tuppa-tuzuk o‘tirgan odam birdan aynib, endi undoq bo‘lasan, bundoq bo‘lasan, jazman chiqib qoladi, deb jahlimni chiqardilar. Xayolimda yo‘q gaplar...

    • Xayolingda yo‘q-a, xayolingda yo‘q! – dedi Jonfig‘on kesatib.

    • Ha, xayolimda bo‘lib nima qildim?

    • Xayolingda bo‘lmasa nima uchun buqog‘ingni kestir- ding? Xo‘sh? Qani, mana shu to‘rtta odamning oldida javob ber-chi?

Malohatning ko‘k piyoladan ko‘ra kichikroq buqog‘i bo‘lib, shuni o‘tgan yil kuzda kestirgan ekan. Ikkinchi yirik janjal shunda bo‘lib, yaqin bir haftaga cho‘zilibdi.

    • Kestirsam yomon bo‘liptimi? – dedi Malohat. – Axir... xotiningizman...

  • Nima, menga yoqish uchun kestiribsanmi? Hech-da! Menga buqog‘ing bilan ham yoqa berar eding. Boshqaga yoqaman deb kestirgansan!..

  • Uyaling! Ilgarilar, buqog‘ing bor deb, ko‘z ochirgani qo‘ymas edingiz-ku! Necha marta yig‘latgansiz?

Jonfig‘on, nima deyishini bilmay, yerga qaradi va do‘n- g‘illadi:

  • Men yig‘latgan emasman... o‘zing yig‘lagansan...

Biz kulgidan o‘zimizni tiyolmadik, ammo baralla kulish to‘g‘ri kelmagani uchun birimiz mo‘ylovimizni silab, birimiz yo‘talib deganday kulgimizni yashirdik. Jonfig‘on «Malo- hat endi meni tashlab ketadi», deb hadiksirab yursa, Malohat erining bu yurish-turishidan xijolat tortib yurar ekan. Shuning uchun Malohat ko‘zga ko‘ringan sayin erini el qatori ish- lashga undar, yalinar, ba’zan qattiq gapirar, hatto yig‘lar ekan. Jonfig‘on oxiri insofga kelib, shu bu yil qishda non zavodiga ishga kiribdi, ammo bir oy ishlamasdan progulchi tarzida ishdan haydalibdi. Jonfig‘on buni, albatta, talay vaqtgacha xotinidan yashirib yuribdi, bu ma’lum bo‘lib qolgandan keyin xotiniga necha-necha tavba-tazarrular qilib, endi biror joyga kirib ishlashga, astoydil ishlashga so‘z beribdi. Malohat ishonibdi va o‘zi ish topib, o‘tgan oyning o‘n birin- chi sanasida joylab qo‘yibdi. O‘tgan kuni qarasa, mulla Jonfig‘on yana bekorlar! Malohat surishtirgani korxonaga boribdi, surishtirib qarasa, Jonfig‘on faqat o‘n yetti kun ishlabdi, xolos, kasallik varaqasi olgani shifokorning oldiga chilimning suvini ichib lohas bo‘lib kirgan ekan, shifokor ichini chayqabdi va «ko‘r bo‘ldingmi, nega tamaki yeysan», debdi. Bu gap korxonaga ovoza bo‘lib, Jonfig‘onni o‘sha zahotiyoq ishdan haydashibdi. Mana, uchinchi yirik janjal mana shundan chiqibdi.

  • Nega bundoq qilasiz, axir? – dedik. Jonfig‘on yer chizib o‘tirar ekan:

  • Shayton... – dedi.

  • Bekor aytibsiz! – dedi Malohat jahli chiqib, – chilim- ning suvini ichib shifokorga kirishni shayton sizdan o‘rgan- gandir!..

Hammamiz jim qoldik, Jonfig‘on birpasdan keyin boshini ko‘tarib:

    • Bo‘ladigan gap shu, – dedi, – mening qo‘yadigan xotinim yo‘q. Agar zo‘rlik bilan xat topshirsang tovonimga qolasan. Mana shu yigitlar guvoh. Aytdim-qo‘ydim, ikki quloch arqon...

U o‘pkasini tutolmay yig‘lab yubordi. U yig‘lar ekan, yana xotiniga so‘z berdi. Malohat uni hech qachon bu ahvol- da ko‘rmagan bo‘lsa kerak, yumshadi.

    • Men sizga aytayin, – dedi, – pulingizning keragi yo‘q, ishlasangiz bo‘lgani! Men sizni hozir erim degani nomus qilaman! Jonfig‘on qasamning har xilidan ichdi, keyin bizning kafil bo‘lishimizni so‘radi. Biz oxirgi sinoq bo‘lishi sharti bilan kafil bo‘ldik, ammo har qaysimizning dilimizda: «Bu xotindan uyalib qolmasmikanmiz», degan bir andisha bor edi. Malohat ko‘ngandan keyin biz chiqib ketdik. Samovarda o‘tirgan edik,

birpasdan keyin Jonfig‘on chiqdi va yonimizga kelib:

    • Shu gap gap bo‘ldimi yo tag‘in jinniligi tutarmikin? – dedi.

Biz hali javob bermasdan Malohat eshikni ochib qaragan edi, Jonfig‘on yugurganicha bordi, ikkovi kirib ketdi.
Ertasiga eshitsak, Jonfig‘on yo‘qlab kelgan takasaltang og‘aynilarini uyiga kirgizmabdi.



Yüklə 349,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin