Xlorofill pigmenti o‘ziga xos kimyoviy tuzilishga va yorug‘lik kvantlarini ushlab qolish xususiyatiga ega. Fotosintez jarayoni hujayraning fotosintez qiluvchi tuzilmalarida ikki bosqichda o‘tadi: yorug‘lik va qorong‘ilik bosqichlari .
Yorug‘lik bosqichi xloroplastlarning tilakoidlarida kechadi.Bunda boshlang‘ich mahsulotlar sifatida yorug‘lik energiyasi, suv, ADF, xlorofill ishtirok etadi.
Fotosintez jarayonining yorug‘lik bosqichida oxirgi mahsulotlar sifatida
O2, ATF, NADFH hosil bo‘ladi. Molekular kislorod atmosferaga chiqariladi, energiyaga boy ATF va NADFH qorong‘ilik bosqichi reaksiyalariga sarflanadi.
Fotosintezning qorong‘ilik bosqichi xloroplastlarning stroma qismida amalga oshadi, bunda boshlang‘ich mahsulotlar sifatida CO2, ATF, NADFH qatnashadi. NADF molekulasi tarkibidagi H atomlari va CO2 molekulalari ATF energiyasi hisobiga birikib, birlamchi uglevod - glukoza sintezlanadi.