2. “O‘tgan kunlar” romanining bosh qahramonlar obrazi.
Otabek – “ogʻir tabiatlik, ulugʻ gavdalik, koʻrkam va oq yuzlik, kelishgan, qora koʻzlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit” – romanning bosh qahramoni, savdogar, Yusufbek hojining oʻgʻli, bir muddat Toshkentdagi Beklarbegi madrasasida tahsil olgan, yigirma toʻrt yoshda.
Kumush – “quyuq jinggila kiprak”lari ostidan “timqora koʻzlari” boqib turguvchi, “qop-qora kamon, oʻtib ketkan nafis, qiyiq qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan choʻchigan kabi koʻringuvchi, “toʻlgʻan oydek gʻuborsiz oq yuzlik oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlardagi, margʻilonlik Mirzakarim qutidor qizi, Otabekning maʼshuqasi; roman oxirida kundoshi Zaynabning taomga qoʻshib bergan zaharidan oʻladi.
Zaynab – toshkentlik Olim ponsadboshining qizi, “oʻn yetti yoshlar chamaliq, kulchalik yuzlik, oppoqqina, oʻrtacha husnlik”, Oʻzbek oyimning oʻgʻli Otabek uchun tanlagan kelini, Kumushning kundoshi: roman oxirida Otabek taloq qoʻyadi va u jinni boʻlib qoladi.
Yusufbek hoji – Toshkent hokimining mushovir-maslahatchisi, Toshkentning mashhur aʼyonlaridan biri; Otabekning otasi, xalq, el-yurt manfaatini oʻylaydigan fidoyi shaxs.
Oʻzbek oyim – Yusufbek hojining xotini, ellik besh yoshlarda; chala-dumbul tabiatlik, ammo eriga oʻtkirligi bilan mashhur xotin, uncha-muncha toʻy va azalarga “kavshim koʻchada qolgan emas” deb bormaydi.
Hasanali – Otabekning “maʼnaviy otasi”, hoji xonadonining quli, oltmish yoshlar chamasida; oʻziga xos maʼnaviy qiyofaga ega qahramonlardan biri.