(“Salom xat”)
Sinchkov bolalarning tiyrak nigohi bahorda tabiatning gul ochib yangilanishi, adirlardan bolalarning zavq-shavq bilan quchoq-quchoq chuchmomalar terib kelishlari bormi, Mustaqillik sharofati bilan koʻchalarimiz nomlari milliylashgani (“3apeuHan” emas – “Birlik”) bormi, “Paxtakor”ning ketma-ket zafar quchayotgani bormi, aslida yosh bola qiyofasiga musavvir shoirning gʻaroyib moʻyqalami chizayotgan turfa chizgilardir…
Bunday sheʼriy usul oʻzbek bolalar adabiyoti uchun yangilik. Bu sheʼrlarning oʻziga xosligi haqida fikr yuritilganda, dastavval, ijodiy izlanish mahsuli sifatida baholash joiz. Zero, yosh kitobxon sheʼr oʻqir ekan, hatto uning gʻayritabiiy shaklidan ham zavq topadi. Harflar raqamlar bilan uyqalashib ketgan bunday sheʼriy usul yosh kitobxon uchun ham hayratli, ham qiziqarli topilma.
Shoirning ijodini kuzatgan adabiyotshunos Zamira Ibrohimova Abdurahmon Akbarning hayotiy voqea va xayoliy tasavvurlardan taʼsirchan manzaralar yaratgani haqida, jumladan, shunday yozadi: “Bu manzaralar xuddi aqlli farzand oilaga fayz-baraka, ota-onaga rahmat olib kelganday, koʻngillarda mamnuniyat tuygʻularini paydo qilib, yosh kitobxonning xayolot olamini boyitadi, kengaytiradi: oʻquvchi chirildoqlarning sokin oqshomni toʻldirib kuylashlarida osoyishtalik gashtini anglagandek, yogʻgan yomgʻir tomchilaridagi moʻjizani tuygandek, asalari, chumolilarning mehnatiga xos goʻzallik, fayzziynatni koʻrgandek boʻladi”.
Yetti qalam, yetti rang,
Yetti ohang – kamalak.
Qayerlarda yuribsan,
Quyosh – sochi jamalak?
Qalamlaring topildi,
Qalamdonni qoʻyatur,
Kel, quyoshjon, tezroq kel.
Rasm chizib ber bizga,
Oʻchirgʻiching boʻlar yel…
Million yilki, ahvol shu,
Yerliklar kutib tolar.
Qalamlar bor paytda
Quyosh “yoʻqolib” qolar.
Bulut – qogʻoz ham tayyor.
Sanʼatingdan bahramand
Boʻlaylik bizlar bir bor.
Dostları ilə paylaş: |