Qisqa xulosa Buxgalteriya hisobi faoliyat ko’rsatayotgan subyektning mulki, majburiyatlari, xo’jalik operatsiyalari va ularning harakatini yoppasiga hamda uzluksiz hujjatlashtirish yo’li bilan tartibli yig’ish, nazorat qilish, o’lchash, ro’yxatga olish, pul o’lchovida ishlov berish tizimidir.
Buxgalteriya hisobining predmeti esa, ishlab chiqarish jarayonidagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning samarali boshqarilishida mablag’lar holati hamda ulardan unumli foydalanish haqidagi axborotlarni shakllantirishdan iboratdir.
Nazorat va muhokama uchun savollar Хo’jalik hisobi turlarining vujudga kelishini izohlab bering?
Хalq xo’jaligidagi hisob turlari nimalardan iborat?
Хalk xo’jaligida buxgalteriya hisobining ahamiyati va o’rni.
Хalk xo’jaligidagi hisob turlarida qo’llaniladigan o’lchovlarni aytib bering.
Buxgalteriya hisobiga qo’yilgan qanaday talablar bor?
Buxgalteriya hisobi predmeti deganda nimani tushunasiz?
Хo’jalik jarayonlari o’z ichiga qaysi bosqichlarni qamrab oladi?
Ishlab chiqarish jarayoni bilan sotish jarayonining farqi nimada?
Buxgalteriya hisobining usuli bilan uslubining vazifalari nimadan iborat?
Тavsiya etilayotgan adabiyotlar Ўзбекистон Республикасининг «Бухгалтерия ҳисоби тўғрисида»ги қонуни. 1996 йил 30 август.
Хошимов Б. Бухгалтерия ҳисоби назарияси. Дарслик. -Т.: 2004. 279 бет.
Каримов А. ва бошқалар. Дарслик. «Шарқ» НМАКБТ. -Т. 2004.-591бет.
Бобожонов А., Жуманиёзов К. :Молиявий ҳисоб. Т., Молия , 2002. - 672 бет.
2-BOB. BUXGALTERIYA BALANSI VA UNING TUZILISHI
2.1. Buxgalteriya balansi to’g’risida tushuncha
Хo’jalik subyektlarini boshqarish uchun, eng avvalo, ulardagi mablag’lar haqidagi ma’lumotlarga ega bo’lish kerak. Shu bilan birga ular, mablag’larning qanday turlariga ega va bu mablag’lar qanday manbalardan tashkil topganligini bilish kerak bo’ladi. Bunday ma’lumotlar umumlashtirilgan hodda pul ko’rsatkichlarida ma’lum bir sanaga berilishi kerak. Mablag’lar tarkibi va qanday maqsadlarga mo’ljallanganligini o’rganish uchun ularni iqtisodiy jihatdan guruhlash zarur. Mana shu ma’lumotlar buxgalteriya balansi yordamida olinadi.
Buxgalteriya balansi xo’jalik mablag’larini ularning turlari va tashkil topish manbalari bo’yicha muayyan bir davrga pulda ifodalanib, umumlashtirib aks ettirish va iqtisodiy guruhlash usulidir.
Mablag’lar turlari va ularning manbalarini ajratib ko’rsatish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2002 yil 7 fevralda 31-sonli buyrug’i bilan qabul qilingan balans ikki qismdan iborat bo’lgan jadval shaklida tuzilgan. Uning chap tomonida mablag’lar turlari va ularning joylanishi keltiriladi va u aktiv qism deb nomlanadi, passiv qism deb nomlanadigan o’ng tomonida mablag’lar manbalari va ularning qanday maqsadlarga atalganligi ko’rsatiladi.
«Aktiv» atamasi lotincha faoliyatli, amal qilish, mavjud bo’lish degan so’zlardan kelib chiqqan. Shuning uchun aktiv deganda mablag’lar qanday amal qilayotganligini, ishlayotganligini ko’rsatuvchi mablag’lar guruhlanishini tushunish kerak.
Aktivlar oldingi amalga oshirilgan muammolarni yoki oldin sodir bo’lgan voqealar natijasida korxonaga kelib tushgan va ular kelajakda foyda keltiradigan iqtisodiy resurslardir. Aktivlar uch xil xususiyatga ega bo’lishi kerak:
a) kelajakdagi iqtisodiy nafni o’zida mujassamlanishi, bevosita va bilvosita pul mablag’lari yoki ularning ekvivalentlarini ko’paytirish imkoniyati;
b) bu iqtisodiy naflarni nazorat qilish qobliyatini mujassamlash;
v) oldingi bitimlar yoki boshqa voqealarning natijasi bo’lishi.
«Passiv» atamasining ildizi ham lotincha faolsiz, xolis turmoq, tushuntirish kabi so’zlarning ildizidan olingan. Тarixan bu atama dastlab faqat qarzga olingan mablag’larga nisbatan, ya’ni uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlarga nisbatan qo’llanar edi. Bu bilan mulk egasi qarzga olingan mablag’larga bo’lgan munosabatda o’zboshimchalikdan o’zini tutishi kerakligi ta’kidlangan edi. Keyinchalik «passiv» atamasi manbalarning boshqa moddalariga ham tarqatilgan bo’lib, faqat korxona majburiyatlarini tavsiflabgina emas, mablag’lar turlarini qanday maqsadlarga mo’ljallanganligini ham tavsiflash uchun ishlatiladigan bo’ldi.
Manbalarning tarkibiy qismini majburiyatlar tashkil etadi. Subyektning majburiyatlari bu oldingi amalga oshirilgan operatsiyalarning natijasi yoki kelajakda o’zida mujassamlangan iqtisodiy nafni chiqib ketishi yoki yangi majburiyatlarni vujudga kelishi bilan yakunlanadi. Majburiyatlarni uch xil xususiyatga ega bo’lishi kerak:
a) aktivlarni chiqib ketishi yoki xizmat ko’rsatish yo’li bilan to’lashni vujudga keltiradigan mavjud doimiy majburiyatni o’zida majassamlashtirishi;
b) subyekt uchun majburiyatning bajarilishi shartligi va qariyb muqarrarligi;
v) oldingi bitim yoki voqealar natijasi bo’lishi.
Uning aktivi va passivida ham balans moddalari ikkiga bo’lib ko’rsatiladi. Aktivda: I bo’lim. Uzoq muddatli aktivlar va II bo’lim. Joriy aktivlar.
Passivda: I bo’lim. O’z mablag’larining manbalari va II bo’lim. Majburiyatlarga bo’linadi.
Balans ko’rsatkichlaridan quyidagi iqtisodiy ko’rsatkichlarni aniqlab olish mumkin. Aktivlar aylanma va uzoq muddatli kapitallari yig’indisiga teng. Хo’jalik yurituvchi subyektning o’z mablag’lari aktivlaridan majburiyatlarini ayirganiga teng.
Aktiv va passivning xar bir elementi mablag’lar turi yoki ularning manbai balans moddasi deb ataladi. Aktivda, masalan, quyidagi moddalar keltiriladi: «Asosiy vositalar», «Тugallanmagan ishlab chiqarish», «Тayyor mahsulot», «Hisob-kitob schyoti» va boshqalar; passivda «Ustav kapitali (fondi)», «Hisobot yilining taqsimlanmagan foydasi, «Bank kreditlari», «Mol yetkazib beruvchilardan qarzlar» va boshqa moddalar.
Buxgalteriya balansining xususiyati aktiv va passivlar pullik yakunlarining tengligidan iborat. Bu talab har qanday korxona balansi uchun majburiydir. Bu talab aktivda ham, passivda ham mablag’larning bir xil hajmda, faqat har xil guruhlanishda ko’rsatiladi, ya’ni aktivda - turlari bo’yicha, passivda - manbalari bo’yicha. Balansning nomi ham shunga asoslangan, chunki «balans» so’zi tenglik, barobarlikni anglatadi. Shuning uchun ham balans aktivi va passivi «balans» so’zi bilan belgilanadi.
Balans korxonaning xo’jalik mablag’larini ma’lum bir sanaga tavsiflab, uning o’tgan davrdagi barcha faoliyat natijasini qanday holatga olib kelganligini ko’rsatadi. Shunday qilib, balans korxona mablag’larining turlari va ularning manbalari haqidagi muhim axborotga ega bo’lgan xo’jalik yuritish subyektlari ishining yakunlari to’g’risidagi hisobotdir.