IV. Nazorat turlarini o‘tkazish muddati 20. Oraliq va yakuniy nazorat turlari kalendar tematik rejaga muvofiq dekanat tomonidan tuzilgan reyting nazorat jadvallari asosida o‘tkaziladi. Yakuniy nazorat semestrning oxirgi 2 haftasi mobaynida o‘tkaziladi.
21. Joriy va oraliq nazoratlarda saralash ballidan kam ball to‘plagan va uzrli sabablarga ko‘ra nazoratlarda qatnasha olmagan talabaga qayta topshirish uchun, navbatdagi shu nazorat turigacha, so‘nggi joriy va oraliq nazoratlar uchun yakuniy nazoratgacha bo‘lgan muddat beriladi.
Belgilangan muddatlarda topshirilmagan joriy va oraliq nazorat ballari keyingi baholash ballariga qo‘shilmaydi va qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
Kasalligi sababli darslarga qatnashmagan hamda belgilangan muddatlarda joriy, oraliq va yakuniy nazoratlarni topshir a olmagan talabalarga fakultet dekani farmoyishi asosida, o‘qishni boshlaganidan so‘ng ikki hafta muddatda topshirishga ruxsat beriladi.
22. Semestr yakunida fan bo‘yicha joriy, oraliq yoki yakuniy nazorat turlarini har biri bo‘yicha saralash balidan kam ball to‘plagan talabaning o‘zlashtirishi qoniqarsiz (akademik qarzdor) hisoblanadi.
Akademik qarzdor talabalarga semestr tugaganidan keyin qayta o‘zlashtirish uchun 2 hafta muhlat beriladi. Shu muddat davomida fanni o‘zlashtira olmagan talaba, fakultet dekani tavsiyasiga ko‘ra belgilangan tartibda rektorning buyrug‘i bilan talabalar safidan chetlashtiriladi.
23. Talaba nazorat natijalaridan norozi bo‘lsa, fan bo‘yicha nazorat turi natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab bir kun mobaynida fakultet dekaniga ariza bilan murojaat etishi mumkin. Bunday holda fakultet dekanining taqdimnomasiga ko‘ra rektor buyrug‘i bilan 3 (uch) a’zodan kam bo‘lmagan tarkibda apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi talabalarning arizalarini ko‘rib chiqib, shu kunning o‘zida xulosasini bildiradi.
24. Baholashning o‘rnatilgan talablar asosida belgilangan muddatlarda o‘tkazilishi hamda rasmiylashtirilishi fakultet dekani, kafedra mudiri, o‘quv bo‘limi hamda ichki nazorat va monitoring bo‘limi tomonidan nazorat qilinadi.