Forobiy o‘rta asr mutafakkirlaridan birinchi bo‘lib jamiyat haqidagi bir butun ta’limotni ishlab chiqdi. Uning bu xizmati jahon ilmiy adabiyotida hamma tomonidan qabul qilingan. Forobiy o‘z asarlarida sezilarli darajada bir qator masalalarni yoritib bergan:
1. Ijtimoiy fanlarning mavzu va vazifalari.
2. Ijtimoiy birlashmalarning kelib chiqishi, tarkibi va ko‘rinishlari.
3. SHahar-davlat, uning vazifalari va boshqaruv shakllari.
4. Jamiyatda insonning o‘rni va majburiyati, ta’lim-tarbiya masalalari.
5. Davlat uyushmasining vazifalari va pirovard maqsadi, umumiy baxt-saodatga erishishning yo‘llari va vositalari.
Forobiy falsafasining inkor etib bo‘lmaydigan joyi shundaki, u nazariy falsafani haqiqiy va asosiy ilm, deb bilib, qolgan barcha fanlarni unga tobe bo‘lgan ikkinchi darajali sohalar maqomiga qo‘ydi. Falsafalar o‘rtasidagi umumiy dunyoqarashlar bilan kifoyalanmay, din bilan falsafani ham ayrim bir qismga joyladi. Uning fikricha, falsafadagi masalalar isbotini payg‘ambarlar ramzlar shaklida bayon qilganlar, zero, mohiyat jihatidan falsafa bilan din o‘rtasida hech qanday tafovut yo‘q. Bunday karash o‘z davrida nihoyat darajada muvaffaqiyat qozonib, islomiy falsafaning asosi va usulini belgilab beruvchi fikrlash tarziga aylandi.
Forobiyning ta’limoti Sharqda va Evropada ijtimoiy-falsafiy fikrlarning bundan keyingi rivojida muhim o‘rin tutdi. U Basradan chiqqan falsafiy to‘garak bo‘lgan «Ixvon as-safo» («Sof birodarlar») a’zolari va Abu Sulaymon Mantiqiy, Ibn Miskaveyh, Ibn Bajja, Ibn Tufayl, Maymonid qarashlariga katta ta’sir ko‘rsatdi. Buyuk olim Ibn Sino uni o‘zining ustozi deb hisoblar edi.