Ibroyim Yusupov hayoti
Ibroyim Yusupov 1929-yili 5-mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida tavallud topgan.
1949-yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini bitirgan.
1961–1988-yillarda “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining raisi, “Erkin Qoraqalpog‘iston” gazetasi bosh muharriri bo‘lgan.
1992-yilda O‘zbekiston xalq shoiri.
1994–2000-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markaziga raislik qildi. “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sohibi.
“El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi madhiyasi matni muallifi.
2004-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan.
2008-yilda vafot etgan.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov ijodi XX asrning ikkinchi yarmi XXI asr boshlaridagi qoraqalpoq adabiyotining yorqin sahifalarini tashkil etadi.
Sharq va mumtoz adabiyotimiz, rus va jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishib, ulardan badiiyat sirlarini o‘rgangan Ibroyim Yusupovning ilk ijodiy namunasi – “Vatanim” she’ri e’lon qilingan paytdan umri oxirigacha chop etilgan “Baxt lirikasi”, “Kunchiqar yo‘lovchisiga”, “O‘ylar”, “Yetti navo”, “Dala orzulari”, “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar”, “To‘maris”, “Ilhom”, “Tashvishlarga boy dunyo”, “Tuzli shamollar”, “Umr, senga oshiqman”, “Har kimning o‘z zamoni bor”, “Buloqlar qaynaydi”, “Oltin qirg‘oq”, “Sahro oruvlari”, “Cho‘l to‘rg‘ayi”, “Rahmat senga, zamonim!”, “Qora tov” she’riy to‘plamlari qoraqalpoq va o‘zbek adabiyotining go‘zal namunalari bo‘lib qoldi. Ulardan shoirning dostonlari ham joy olgan. U bir qator pesa va publitsistik maqolalarning ham muallifi.
Bugun Toshkent shahrining qoq markazi – Adiblar xiyobonida ulug‘ shoirning ham haykali qad ko‘tarishi betakror iste’dod sohibi Ibroyim Yusupov hamda qoraqalpoq eliga ko‘rsatilgan chuqur ehtirom ramzidir.
Ibroyim Yusupov – qoraqalpoq she’riyatida muhtasham maktab yaratgan betakror siymo. Shoir til orqali adabiyotni, adabiyot orqali tilni boyitdi, xalq dunyoqarashini kengaytirib, qalblarga go‘zallik, mehru muhabbat urug‘larini qadadi. Shoir badiiy poetikasi, o‘ziga xos obraz yaratish usuli, kitobxonni keng mushohadaga chorlashi bilan qoraqalpoq adabiyotida poeziya janrini yangi cho‘qqilarga olib chiqdi.
Shoirning ko‘pgina asarlarini milliy xulq-atvor, mentalitet, urf-odat, an’analarning she’riy timsoli sifatida ham ko‘rsata olamiz. Qoratol, cho‘girma, qo‘biz, saksovul singari qadriyatlarni ulug‘lagan shoirning nomi ham abadiylik kasb etdi.
“She’r, ayniqsa, suluv soz bilan xush ovoz til topishib, qalbdan nido bersa, insonni ham ilhomlantiradi, ham yig‘latadi, ham yupatadi, hayotga oshug‘ etadi, yashashga undaydi. Zamondoshlar ko‘ngliga yoqish, yuragiga yo‘l topish – shoir uchun eng azobli va ardoqli ish. Shoirlik – mening ma’naviy hayotim, mashaqqatli mehnatim, g‘ururim. Bu kunda esa el qatori yangi zamonga – mustaqillik ayyomlariga yetishib, unga xizmat qilish nasib etganidan quvonaman”, der edi ardoqli shoir Ibrohim og‘a.
U xalqimizning yorqin kelajagiga o‘zini ham, o‘quvchilarini ham ishontira oldi. Shoirning mustaqillik yillarida yozgan she’rlari satrlariga jo bo‘lgan faxr-iftixor tuyg‘ulari o‘quvchilar qalbida Vatanga, ona-xalqqa muhabbat tuyg‘ularini ulg‘aytiradi.
Xalqimiz shoir nomini doim yuksak ehtirom bilan tilga oladi, e’tirof etadi. U yaratgan asarlar avlodlar uchun tarbiya va ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilaveradi.
Shoir ko‘plab qardosh xalqlar va jahon adabiyoti mumtoz shoirlar asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilib, sayrata olgan tarjimondir. U A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, T.Shevchenko, J.G.Bayron, I.V.Gyote, G.Geyne, F.Shiller she’rlarini, Shekspir sonetlarini, Alisher Navoiy va Hofiz g‘azallarini, Umar Xayyom ruboiylarini qoraqalpoq tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilib, milliy adabiyotimizni badiiy-g‘oyaviy, shakliy jihatdan turli asarlar ila boyitdi.
Ibroyim Yusupov nasr va dramaturgiya sohasida ham qalam tebratdi. 1963 yilda uning “Qari tutning kuzi” nomli hikoyalar, ocherk va publitsistik maqolalar to‘plami bosmadan chiqdi. Shoir “Qirq qiz” pesasini, (Amet Shomuratov bilan birgalikda), 1966 yilda “O‘mirbek laqqi” komediyasini, 1986 yili “Iskandar podshoning tushi” dramasini, 1973 yili “Ajiniyoz” operasi librettosini yaratdi.
Ibroyim Yusupov adabiy tahlil, she’riyatning munozarali muammolari, badiiy tarjima masalalariga bag‘ishlab bir qancha mazmundor maqolalar yozib, hozirgi zamon qoraqalpoq adabiyotshunosligi faniga ham ulkan hissa qo‘shdi. Uning “Lirika haqida munozara” (1956), “Urushdan keyingi qoraqalpoq poeziyasi” (1956), “Xalq shoiri Abboz Dobilov” (1958), “Dala Orfeyi” (1957), “Qoraqalpog‘iston – Mahtumqulining ikkinchi shoirlik vatani” (1958), “Mahtumquli va qoraqalpoq adabiyoti” (1957), “Mahtumquli asarlarini tarjima qilishdagi ba’zi bir anglashilmovchiliklar haqida” (1983) kabi maqolalari shular jumlasidandir.
Shoir O‘zbek adabiyoti bilan abadiy do‘stlik mavzusi Ibroyim Yusupov ijodidagi eng yorqin sahifalarni tashkil qiladi. U ijodkor, tarjimon, matbuot xodimi, jamoat arbobi sifatida o‘zbek adabiyoti va madaniyatining yirik vakillari bilan do‘stlashdi, ijodiy muloqotlarda, safarlarda birga bo‘ldi. G‘afur G‘ulom, Oybek, Zulfiya, Komil Yashin, Hamid G‘ulom, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon singari ijodkorlar bilan ijodiy munosabatlari har doim yangi-yangi mazmun va ibratli voqealar bilan boyib bordi.
Dostları ilə paylaş: |