Ibroyim Yusupov shе’riyati (1929-2008)
I broyim Yusupov – yangi zamon kishisi, qoraqalpoq xalqining yangi bir ijtimoiy ko‘tarilish davridagi kuychisi, san’atkor, alloma ziyolisi.
Ibroyim Yusupov o‘z she’riyatida intellektual jihatdan kamolga yetgan shoir sifatida foydalanadi. Ibroyim Yusupov Berdaq shoir tug‘ilgandan so‘ng yuz yil o‘tgach dunyoga keldi. Berdaq o‘zining mashhur bir she’rida aytgan ekan:
Yigit bo‘lsang arslon kabi tug‘ilgan,
Hamisha sen xizmat etgil xalq uchun,
Yigit bo‘lsang arslon kabi tug‘ilgan
O‘zim demay g‘amxo‘rlik qil xalq uchun… Ibroyim Yusupov bu jihatdan nazarkarda shoir deb atalishga haqli. Zotan uning she’riyati ulkan ustozlar fayzidan bahravar nazarkarda she’riyatdir.
Ibroyim Yusupov o‘z she’rlarini qirqinchi yillarining oxirlaridan e’tiboran e’lon qila boshladi. Uning nomi tez tanildi.
Ibroyim Yusupov elning muhabbatini har qadamda, har she’ri chiqqanda sezib turdi. Bu unga zo‘r ilhom bag‘ishladi, qalamini o‘tkir qildi. Ibroyim Yusupov o‘z xalqining kuychisi bo‘lgandan beri she’riyat bo‘stoniga qanchadan qancha sarg‘aymas, so‘lmas, sinmas daraxtlarni ekib yashnatdi.
Ibroyim Yusupov she’riyati qoraqalpoq an’analari doirasida cheklanib qolmaganligini aytgan edik. Yana shuni ham ta’kidlashimiz kerakki, uning she’riyati juda kuchli va ta’sirchan milliy ruh, milliy kolorit kasb etgan she’riyatdir.
U qoraqalpoq xalqining milliy xususiyat va belgilarini, uning ruhini, dunyoqarashidagi o‘ziga xosliklarni shu qadar teran va go‘zal qilib ifodalaydiki, natijada bu ifodalar tor, cheklangan doiradan chiqib, umuminsoniy hodisalarning uzviy bir bo‘lagi kabi anglanadi. Shu ma’noda uning she’riyatini qoraqalpoqning jahonga va jahonning qoraqalpoqqa qaratilgan tiniq oynasi deyish mumukin.
Ibroyim Yusupov she’rlarida davrimiz, Vatanimiz, bizni olg‘a boshlayotgan ilg‘or ideallarimizni baland pardalarga ko‘taradi. Ibroyim Yusupov – falsafiy shoir. U o‘tmish dono shoirlari kabi hikmatli so‘zga boy. Shunday so‘z aytishga doim shay. Ibroyim Yusupov iste’dodining eng o‘tkir qirralaridan biri ham shu donolik.
Unda donolik zariflik bilan qo‘shilib ketgan. Zarifligi juda nozik ranglarga ega. Iste’dodning noyob va juda qimmatli qirrasi uning she’rlarini boshqa xalqlar, jumladan o‘zbek xalqimiz uchun ham sevimli qiladi.
Ibroyim Yusupov zamon talabin juda nozik va teran anglagan, his qilgan, bu talabni har daqiqa jonida tuygan shoir. Xalq qalbining teran tomirlari… ular shoir Ibroyim Yusupovning otashin satrlariga tutashib yotibdi. Bu demak – baxtli she’r!