Adabiyot 6 (I qism) 2017. p65


HASHAROTNI KALTAKLASHGA BUYURDIM



Yüklə 1,83 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə25/74
tarix02.01.2022
ölçüsü1,83 Mb.
#42372
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   74
S. ahmedov, R. Qo‘chqorov, sh. Rizayev a d a b I y o t umumiy o‘ (1)

HASHAROTNI KALTAKLASHGA BUYURDIM
Ketyapman-ketyapman, na yo‘lning oxiri ko‘rinadi, na
atrofda biron qo‘qqaygan kulba. O‘ngga qarasang ham g‘o‘za,
chapga qarasang ham g‘o‘za. Bir mahal burilib orqamga boqqan
edim, nazarimda, hozirgina men bosib o‘tgan yo‘llarda ham
g‘o‘zalar o‘sayotganga o‘xshab ko‘rindi. Siz qanaqaligingizni
bilmayman-ku, lekin men mana shunaqangi poyonsiz dalalarga
chiqqanimda yayrab, jonim tanimga sig‘may ketadi. Undan
keyin qornim to‘ydi deguncha, ashula aytib yuboradigan odatim
ham bor. Shu paytda qorin masalasida shikoyatim yo‘q hisobi.


7 6
Undan keyin atrofda: «Hoy, Mullahoshim, quloq o‘zimizga ham
kerak», – deb tanbeh beradigan biron kimsa ham ko‘rinmaydi.
Shartta ashulani boshlab yubordim:
Xoh g‘o‘zam, xoh-xoh g‘o‘zam,
Hosili oppoq g‘o‘zam, –
deyman-u, buralib-buralib o‘yinga tushib yuboraman. Keyin
ikki qo‘limni biqinimga qo‘yib, egilib, g‘o‘zalarga salom bera-
man-da:
Xoh g‘o‘zam, xoh-xoh g‘o‘zam,
Hosili oppoq g‘o‘zam, –
deb kuylab yo‘lda davom etaman. Qorong‘i tushib, osmonda
charaqlab yulduzlar ham ko‘rinib qoldi. Ammo hali ayt-
ganimdek, yo‘lning oxiridan darak yo‘q.
Bir mahal ko‘chaning chap tomonidan miltillab chiroq yoru-
g‘i ko‘rinib qoldi. Borib qarasam, yetmish yoshlarga kirgan,
oppoq soqoli ko‘ksiga tushib turgan bir otaxon yonboshlab olib
xo‘rillatib ko‘k choy ichyapti. Oyoq tomonda – toshfonus,
o‘shaning yorug‘ini ko‘rgan ekanman.
– Assalomu alaykum, otaxon! – dedim cho‘zib, – suv quy-
yapsizmi?
– Vaalaykum, – otaxon chordana qurib o‘tirib oldi, – kel,
o‘g‘lim, kel. Qani, beriroq kel-chi, tanimayroq turibman. Kim-
ning o‘g‘lisan o‘zi?
– Dadamning o‘g‘liman, – deb yuboribman shoshilib. Hash-
pash deguncha ikkovimiz ota-boladek bo‘ldik-qoldik. Otaxon-
ning ismlari Polvontog‘a ekan. Ishimning o‘ngidan kelganini
qarangki, Polvontog‘a yolg‘iz o‘zi zerikib o‘tirgan ekan. Menga
o‘xshash esli-hushli, gapga tushunadigan bir yigitga juda-juda
ham zoriqib o‘tirgan ekan. Xursand bo‘lib ketganidan otaxon
meni obdan mehmon qildi, keyin termosdan choy quyib bera-
yotib:
– Obbo o‘g‘lim-ey, obbo taylog‘im-ey, – deb qo‘ydi.


7 7
– Otaxon, bu g‘o‘zalar qaysi kolxozniki? – sekin maqsadga
o‘tdim.
– Kolxozniki emas, sovxozniki. Oltinchi sovxozniki. O‘g‘lim,
qani qanddan ol, choy rasmi qand bilan ichiladi.
– Otaxon, sovxozlaringga agronom kerak emasmi?
– Sovxozga kerak-kerakmasligini bilmayman-u, ammo-lekin
bizning bo‘limga agronom kerak. O‘zimizning agronom oblastga
ko‘tarilib ketdi. Umringdan baraka topkur ko‘p azamat yigit edi.
Nima, dadang agronommi deyman?
– Dadam emas, mening o‘zim agronomman.
– Nima?! Mushtumdek bola-ya! – shunday deb otaxon
menga boshdan oyoq razm solib chiqdi. Men qo‘ltig‘imda
turgan qalpoqchamga «qalpoqcham, sehringni ko‘rsat», deb asta
shivirladim-da, ovozimni chiqarib:
– Otaxon, meni chog‘imda yosh bola deb o‘ylayapsiz shekil-
li?– deb shartta o‘rnimdan turgan edim, Polvontog‘am mirza-
terakdek bo‘yimni ko‘rib:
– Yopirim-ey, yopirim-ey! – deb soqolini changallab, hang-u
mang bo‘lgancha menga tikilib qoldi. – Hozirgina yosh bola
eding-ku yo tush ko‘rayotibmanmikin-a! Astag‘firullo...
– Otaxon, men o‘zi shunaqaman, – dedim shoshib-pishib, –
bir qarasangiz yosh boladek, yana bir qarasangiz katta odamdek
ko‘rinaman.
– Yopir-ey, yopir-ey! – derdi otaxon tinmasdan. U bir nafas-
dan so‘ng o‘ziga kelib, «shunday qilib, agronomman deng,
o‘g‘lim» deb so‘radi.
– Ha, otaxon, agronomman.
– Bizning sovxozga ishga kirmoqchi bo‘lib yaxshi qilibsiz,
o‘g‘lim. Sovxozimiz keng, hammaga ham ish yetib ortadi.
Farg‘ona tomondan bo‘laman, dedingizmi?
– Ha, Farg‘ona tomondan bo‘laman.
– Ota-onalar hayotmi?
– Hayot, otaxon, hayot.
– Barakalla. Ularning davrida u yoq-bu yoqni ko‘rib
olganingiz ma’qul. Musofir bo‘lmasang, musulmon bo‘lmaysan,


7 8
deydilar keksalar. Ertalab sovxoz direktorining oldiga o‘zim
boshlab boraman. Farg‘onadan meni qora tortib kepti, ham-
shaharim bo‘ladi, ishga olsang ham olasan, olmasang ham
olasan, deb turib olaman...
O‘sha kechasi Polvontog‘a bilan dalaning o‘zida yotib qol-
dik. O‘ziyam anchadan buyon bunaqangi huzuri jon bo‘lmagan
edi. Sement ariqlarda hayqirib oqayotgan suvlardan egatlarga
tarab qo‘ydik-da, yerning o‘rtasiga qilingan baland supada cho‘-
zilib yotdik. Olis-olislarda miltillab chiroqlar yonadi, ko‘kdagi
yulduzlarni aytmaysizmi, charaqlab ko‘zni olay deydi. Oy
bo‘lsa tepamizga kelib allaqanday sarg‘ish, allaqanday ko‘kimtir
nurlar sochadi. Qalbimizda hech tushunib bo‘lmaydigan, shod-
likka ham, g‘ussaga ham o‘xshamaydigan g‘alati-g‘alati hislar
uyg‘otgandek bo‘ladi. Suv o‘z tilida bir nimalar deb chuldiray-
di, chigirtkalarning basma-basga kuylashi, qurbaqalarning pash-
sha tuta olmaganidan kimgadir shikoyat qilayotgandek cho‘zib-
cho‘zib qurillashi – mana shularning hammasi menga, negadir,
qishlog‘imizni eslatib yubordi. Chalqancha tushib, ikki qo‘limni
boshim ostiga qo‘ygancha yulduzlar chamaniga mahliyo bo‘lib
yotarkanman, shu paytda oyijonim, jondan yaxshi ko‘rgan
singillarimni eslab ketdim. Ehtimol, bechora oyijonim sochlarini
yulib faryod chekayotgandir, dalama-dala, qishloqma-qishloq
bo‘zlab meni axtarib yurgandir. Oyijon, oyijonim, meni axtar-
mang, meni deb ko‘zyoshlaringizni oqizmang. Hoshimboyning
ishlari besh, katta sovxozga katta agronom bo‘lay deb turibdi...
O‘ylay-o‘ylay uxlab qolibman.
Sovxoz direktori baland bo‘yli, yelkalari keng, polvonnamo
bir kishi ekan. Gapirganda ovozi xuddi xumning ichidan chiq-
qandek guldirab, jaranglab eshitiladi. Kulganda tomni ko‘tarib
yuborgudek qattiq kuladi, yurganda uyning pollari lapanglab
ketadi. Polvontog‘a meni tanishtirgach:
– Hoshimboy hali yosh, uni o‘zing tarbiyangga olasan, – deb
tayinladi sovxoz direktoriga.
– Otaxon, Sizning gapingizni hech qaytarolmayman, – dedi


7 9
direktor menga zimdan razm solib, keyin mening o‘zimdan ham
so‘rab qo‘ydi:
– Qaysi institutni bitirgansiz?
– Agronomlik institutini.
– Qaysi fakultetini?
– Agronomlik fakultetini.
– Yaxshi. Ilgari ishlaganmisiz?
– Yo‘q.
Akbar aka Nosirov unaqangi ezma direktorlardan emas ekan,
gapni cho‘zib meni ham, o‘zini ham qiynab o‘tirmadi-yu shartta
agronom qilib tayinladi-qo‘ydi.
O‘sha kuni ikkovimiz uning «Villis»iga o‘tirib dala aylandik.
To‘rtinchi bo‘limga tayinlangan ekanman, ixtiyorimda 1200 gek-
tar paxta maydoni-yu 12 brigada. Akbar aka meni jamiki bri-
gada boshliqlari, men rahbarlik qilishim kerak bo‘lgan odamlar
bilan birma-bir tanishtirib chiqdi. Minib yuring deb, «IJ» mar-
kali mototsikl berib, oylik maosh ham tayinladi.
– Eng muhimi, o‘rtoq Ro‘ziyev, – dedi u ta’kidlab,– odamlar
bilan ishlash. Agar kishilar bilan yaxshi muomala qilsangiz,
ularning qalbiga yo‘l topa olsangiz ish o‘z-o‘zidan yurishib ke-
taveradi. Tushunarlimi?
– Tushunarli, o‘rtoq Nosirov! – dedim. Mototsiklni olishga
olib qo‘ydim-u, lekin yashirib nima qilaman, haydashni bilmas
edim. To‘g‘ri, dadamning mototsikliga uch-to‘rt bor minganim
bor. O‘t oldirishni, gaz berishni, tezligini oshirib, pasaytirishni
o‘shanda uncha-muncha o‘rgangan edim.
Uch kun mototsikl minishni mashq qilib, to‘rtinchi kundan
boshlab dala aylanishga tushdim. Bu yerning odamlari ajoyib
kishilar ekan. Qayerga bormay, hurmatimni joyiga qo‘yib, kutib
olishadi. Choy, ba’zan qozon osib ovqat ham tayyorlashadi. Ikki
marta tovuq sho‘rva ham qilib berishdi. «Aroq-paroq ham icha-
sizmi?» deb so‘rashgan edi, «tag‘in mast bo‘lib qolib aljib
o‘tirmay» deb: «Yo‘q, men ichkilikni yomon ko‘raman», – deb
qo‘ya qoldim. Gohida:


8 0
– O‘rtoq agronom, sizningcha, mahalliy o‘g‘itga super-
fosfatni aralashtirib solgan yaxshimi yoki superfosfatni selitra
bilan tashlayveraylikmi? – deb so‘rab qolishadi.
Superfosfat nimasi-yu selitra nimasi, rostini aytsam, o‘zim
ham bilmayman. Ilgari bunaqangi gaplarni hech eshitmagan
ekanman. Lekin shunday bo‘lsa ham sir boy bermayman:
– Shuni ham so‘rab o‘tiribsizlarmi, – deb jo‘rttaga balanddan
kelaman, – kim aytadi sizlarni Mirzacho‘lning mashhur pax-
takorlari deb, uyat emasmi!?
Aylanib yurib to‘rtinchi brigada dalasida janjal ustidan chiqib
qolibman. Bo‘lim boshlig‘i O‘rmon aka bilan brigadir Rahimjon
aka nima to‘g‘risidadir qo‘llarini paxsa qilib bahslashmoqda edi.
Meni ko‘rishi bilan bo‘lim boshlig‘i:
– O‘rtoq agronom, Sizdan bir iltimosim bor, – deb qoldi.
– Marhamat, – mototsikldan asta tushdim.
– Agar malol kelmasa mana bu Rahimjonga, uning a’zolariga
kompost to‘g‘risida bir gapirib bersangiz. Bular haligacha hech
narsa tushunishmas ekan.
– Marhamat, – dedim-da, u yoq-bu yoqqa qarab olgach, lek-
siya o‘qishga tushib ketdim, – o‘rtoqlar, kompost juda foydali
ichimlik, uni asosan mevadan tayyorlashadi. Mevalarning xili
qancha ko‘p bo‘lsa, u shuncha shirin bo‘ladi. Bizning Farg‘ona
tomonlarda kompostni o‘rik, shaftoli qoqi va olchaning quru-
g‘idan tayyorlashadi. Xullas, kompost ichmabsiz, dunyoga
kelmabsiz...
Gapimni tugatmasimdan o‘tirgan odamlar sharaqlab kulib
yuborishdi. Qiziqroq gap aytgan bo‘lsam kerak deb, mening
o‘zim ham kulaverdim, rosa kulishdik. Keyin bilsam, o‘sha kuni
obdan sharmanda bo‘lgan ekanman. Go‘ngni achitib tayyor-
lanadigan kompost bilan mevalardan tayyorlanadigan kompot-
ning farqiga bormasdan, rosa aljibman, o‘sha kundan boshlab
to‘rtinchi brigada dalalariga qadam bosmaydigan bo‘lib ketdim.
Qisqasi, mana shunga o‘xshash ikir-chikirlarni hisobga olma-
ganda ishlarim ko‘ngildagidek, kayfim chog‘ edi. Qani endi


8 1
direktorimiz Otajon Azizovichmi yoki menga ikki baholar qo‘-
yishdan hech charchamaydigan Qobilovmi mana shu yurish-
larimni bir ko‘rishsa-yu, o‘qimasdan katta odam bo‘lib olga-
nimni, mas’ul ishda ishlayotganimni ko‘rib o‘z aytganlariga
pushaymon bo‘lishsa deb o‘ylayman...
1. Adibning hayoti va ijodi haqida gapirib bering.
2. X. To‘xtaboyevning qaysi asarlarini bilasiz?
3. «Sariq devni minib» kitobini maktab kutubxonasidan olib, to‘liq
o‘qib chiqing.
4. Romanning bosh qahramoni qanaqa bola? Unga to‘liq tavsif
berishga harakat qiling.
5. Hoshimjonning xatti-harakatidagi ijobiy sifatlar nimada? Salbiy
jihatlar-chi?
6. Hoshimjonning sehrli qalpoqchani izlashi bilan bog‘liq tas-
virlarga diqqat qiling. Uning «oyim aytyapti» deb ikkita nonni
qarzga olganini qanday baholaysiz? Sizningcha, Hoshimjonning
bu harakati yolg‘onchilikmi, shumlikmi?
7. Hoshimjon qalpoqni dastlab qayerda va qanday sinaydi?
8. Romanning «Sariq devni minib» deb nomlanishiga asos bo‘lgan
Soraxon folbin va uning o‘g‘li Mirobiddinxo‘ja nayranglarini
fosh etishga bag‘ishlangan o‘rinlarini sinchiklab o‘qib chiqing.
Undan Hoshimjon Mirobiddinxo‘jaga tanbeh berayotib sal
bo‘lmasa o‘zining kimligini bildirib qo‘yishi mumkin bo‘lgan
joyni uning nutqidan toping.
9. Romanning «Baxtim kulib boqqan edi» bobida Hoshimjonning
tashqi ko‘rinishi qanday tasvirlangan?
10. Ushbu bobda Hoshimjon va Hayitvoy gap-so‘zlaridan ularning
xulqi, tarbiyasida qanday farq ko‘rasiz?
11. Hoshimjonning agronomlik «faoliyati»ni qanday baholaysiz?
12. Hoshimjon sehrli qalpoqqa ishonib qaysi kasbda ishlamoqchi
bo‘lsa, darrov qovun tushirib fosh bo‘layotganining sababi ni-
mada?
13. Daftaringizga Hoshimjon tilidan keltirilgan tabiat tasviri, hazil-
mutoyiba so‘zlarini yozib oling.
14. «Bilimsizlik pand beradi» mavzusida insho yozing.

Yüklə 1,83 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin