3. Adabiyotshunoslik va uning boshqa fanlar bilan aloqadorligi.
Bugungi kun kishisining tafakkur darajasi, insoniyat tomonidan to‘plangan bilimlar ko‘lami benihoya kengaygan. Qadimda fanlar o‘zaro ajralmagan, xususan, adabiyotshunoslik ham falsafa ichidagi bir hodisa edi. Kishilik jamiyatining taraqqiyoti, inson tafakkurining rivoji davomida turli fanlar alohida mustaqil fanlar sifatida ajralib chiqdi. Biroq bu ajralishni tamomila maxdudlashish deb tushunmaslik lozim. Chunki adabiyotshunoslik, fanning barcha mustaqil tarmoqlari singari, boshqa fanlar bilan aloqada yashaydi, rivojlanadi. Bu xil aloqa davomida adabiyotshunoslik boshqa fanlardan nimalarnidir oladi, ularga nimalarnidir beradi.
Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi haqida gapirganda, avvalo, uning tilshunoslik bilan aloqasi xususida to‘xtalish lozim. Badiiy adabiyotning materiali so‘z, adabiy asar esa so‘zlardan tarkib topuvchi matndir. Badiiy matn esa, ravshanki, til qonuniyatlari asosida tarkib topadi. Til qonuniyatlarini bilishlik matnning qurilishi, tagma'nolari, ishlatilgan stilistik figuralarning estetik qimmati haqida fikr yuritishda juda muhim. Odatda badiiy matn tilini o‘rganishga qaratilgan ishlarni adabiyotshunoslik va tilshunoslik chegarasidagi ishlar deb qaraladi. Biroq bunda biz chegarani aniq olishimiz kerak. Gap shundaki, adabiyotshunoslik tilshunoslik yutuqlariga tayanib tasvir vositalarining estetik tomonlarini o‘rgansa, tilshunoslik til qonuniyatlarini o‘rganishni o‘ziga maqsad qiladi. Ya'ni, tilshunos uchun badiiy matn material bo‘lsa, adabiyotshunos uchun maqsad sanaladi. Tilshunoslik bilan adabiyotshunoslik aloqalari yana bir jihatdan muhim. Tilshunoslik kishilar orasidagi muloqot vositasi bo‘lgan tilni o‘rgansa, adabiyotshunoslik ijodkor va o‘quvchi orasidagi badiiy muloqot vositasi bo‘lgan badiiy asarni o‘rganadi. Muloqot qonuniyatlarining mushtarakligi esa adabiyotshunoslikning qator muammolarini til qonuniyatlari bilan qiyosan o‘rganish va o‘rgatish imkoniyatini ochadi. Adabiyotshunos o‘z faoliyatida badiiy nutq shakllari, ritmi, intonasiya, she'r sintaksisi, ekspressivlikni oshiruvchi vositalar kabi qator tushunchalarga duch keladiki, bularning tilshunoslik ilmidagi talqinini bilgan adabiyotshunos izlanishlari, albatta, samaraliroq bo‘ladi. Keyingi davr adabiyotshunosligida paydo bo‘lgan "struktural adabiyotshunoslik", "semiotik tahlil" kabi tushunchalar bevosita tilshunoslik yutuqlari asosida yuzaga kelgandir.
Adabiyotshunoslikning tarix fani bilan ham uzviy aloqasi bor. Ma'lum bir davr adabiyoti yoki o‘tmishda yaratilgan konkret asarni tadqiq etayotgan adabiyot tarixchisi o‘sha davr ijtimoiy-tarixiy hodisalarini o‘rganmog‘i shart, aks holda u o‘rganilayotgan davr adabiyotida kuzatilgan hodisalar mohiyatini ham, tahlil qilinayotgan asarning mohiyatini ham to‘la anglay olmaydi.
Adabiyotshunoslik san'atning umumiy qonuniyatlarini o‘rganuvchi estetika fani bilan ham mustahkam aloqadadir. So‘z san'ati sifatida badiiy adabiyot san'atning umumiy qonuniyatlari asosida yashashi, uning boshqa san'at turlari bilan aloqada ekanligi adabiyotshunosdan estetika fani yutuqlaridan xabardor bo‘lishni taqozo qiladi.
Adabiyotshunoslikning falsafa fani bilan aloqasi haqida gapirganda, avvalo, yirik san'atkorlarning hammasi ham o‘ziga xos faylasuf ekanligi, yirik badiiy asarlarda muallifning olamu odam haqidagi qarashlari tizimi (badiiy konsepsiya) — badiiy falsafasi ifodalanishini e'tiborda tutish lozim. Dunyoqarashi muayyan falsafiy ta'limot ta'sirida shakllangan ijodkor asarlarining mazmun-mohiyatini anglash uchun adabiyotshunos o‘sha falsafa asoslaridan xabardor bo‘lmog‘i lozimdir. Aytaylik, islom falsafasi asoslarini, tasavvuf falsafasini bilmasdan turib mumtoz adabiyot tarixini o‘rganish, undagi ko‘plab asarlarni talqin qilish maholdir. Yoki, masalan, XX asr yevropa adabiyoti namunalarini o‘rganganda freydizm, ekzistensializm kabi ta'limotlardan xabardor bo‘lish talab qilinadi.
Adabiyotshunoslik psixologiya fani bilan ham o‘zaro aloqada bo‘ladi. Badiiy asarda tasvirlangan inson ruhiyatini anglash, badiiy ijod psixologiyasi, badiiy asarni qabul qilish jarayonining ruhiy mexanizmlarini yaxshi tasavvur qilish uchun adabiyotshunosga psixologiya fanining yutuqlari juda katta yordam beradi. Ayni paytda, badiiy adabiyot psixologiya faniga ilmiy tadqiqotlar uchun boy material beradi.
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, adabiyotshunoslik boshqa fanlar bilan uzviy aloqada rivojlanadi. Chinakam adabiyotshunos bo‘lib yetishish, uning yutuqlaridan boxabar bo‘lish va ortda qolmaslik uchun sizdan atroflicha keng bilim egasi bo‘lishlik talab etiladi.