O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat tovarlari sifatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
O‘zbekistonda yiliga 20 million tonna meva-sabzavot yetishtiriladi. Lekin ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi atigi 15 foiz bo‘lib, shundan 7−8 foizi eksport qilinmoqda. Infratuzilma yetarli emasligi tufayli yig‘ishtirish va saqlash jarayonida 30 foiz mahsulotlar yo‘qotilmoqda.
Bu sohadagi imkoniyatlardan oqilona foydalanib, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash kengaytirilsa, oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish va eksport hajmini oshirish mumkin.
Agrologika - bu qishloq xo'jaligi mahsulotlarini tashish, saqlash va taqsimlashni boshqarish va muvofiqlashtirish. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini fermer xo‘jaliklaridan qayta ishlash korxonalari, bozorlar va iste’molchilarga samarali va xavfsiz tashishni ta’minlashni nazarda tutadi. Agrologlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangiligi va sifatini ta’minlash, isrofgarchilikni kamaytirish va ta’minot zanjiri operatsiyalarini optimallashtirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Shu borada yana bir misol. Odatda uzum, qovun, tarvuz, qovoq va anorning urug‘i tashlab yuboriladi. Xorijda bu urug‘lar qayta ishlanib, tansiq mahsulotlar tayyorlanadi. Xususan, bir kilogramm tarvuz urug‘i yog‘i jahon bozorida 28 dollar, anor urug‘iniki esa 350 dollar turadi. Yurtimizda ham ushbu mahsulotlarni yig‘ib olish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilsa, yiliga 250 million dollarlik eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterenariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir tumanda kamida beshtadan qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalarini tashkil etish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vazifasi qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tayotgani ishlab chiqarish va ulgurji savdoni rivojlantirish bilan birga kooperatsiyani kengaytirishga ham zamin yaratishi qayd etildi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, eksportdagi raqobatbardoshligi malakali laboratoriya tekshiruviga ham bog‘liq. Yig‘ilishda bu borada ham qilinadigan ishlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sinash bo‘yicha Jahon savdo tashkilotining talablariga mos 775 ta standart bo‘lsa, mamlakatimizda ularning 100 tasi joriy qilingani, 100 dan ortiq laboratoriyadan atigi 10 tasi xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tgani tanqid qilindi. Bu korxonalar mahsulotlarini eksport qilish, import tovarlarning esa sifatini tekshirishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.