«AHOLI STATISTIKASI» FANINING PREDMETI, USLUBIYATI VA VAZIFALARI
«Aholi statistikasi» fanining predmeti
Har qanday fanning predmeti o‘rganiladigan obyektning tabiiy va ijtimoiy xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, uning faoliyati shu xususiyatlarni o‘rganishga qaratiladi. Demak, «Aholi statistikasi» fanining obyekti ma’lum hududda yoki yer yuzida yashayotgan kishilardir. «Demografiya»ning o‘rganish obyekti aholining umumiy rivojlanishi qonuniyatlari hisoblanadi. Demografiya hayotni har tomonlama: tarixiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va statistik tomonidan o‘rganadi. Bunda shuni esda tutish kerakki, obyekt haqida bilimlar to‘plami ortgan sari, uning yangi qirralari ochila boradi va ular ham o‘rganishning alohida predmetiga aylanadi. Har qanday ijtimoiy voqeaning miqdor tomonini «Statistika» o‘rganadi. «Aholi statistikasi» «Demografiya»ning bir qismi bo‘lib, aholi soni va tarkibini o‘rganadi. Aholi statistikasi o‘z obyektini ma’lum bir zamon va makonda tabiiy, migratsion, ijtimoiy va boshqa hodisalarni e’tiborga olgan holda o‘rganadi. Demografiya har yili turli sabablarga ko‘ra vafot etgan aholi o‘rnini yangidan dunyoga kelgan avlod hisobiga to‘ldirib borilishi qonuniyatlarini ijtimoiy-tarixiy sharoitlarga bog‘liq holda o‘rganadigan fan2 . “Demografiya” atamasi yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, demos – xalq va grapho – yozaman, ya’ni xalqni yozaman ma’nosini anglatadi. Demografiya fan sifatida XVII asrning ikkinchi yarmidan so‘ng shakllana boshlagan. O‘zbekistonda esa ushbu fan XX asrning uchinchi qismigacha asosan aholi statistikasi sifatida rivojlanib kelgan. Ushbu paytgacha demografiyaga oid nazariyalar siyosiy iqtisodiyot faniga taalluqli bo‘lgan. Respublikada faqatgina XX asrning 60-70- yillaridan boshlab demografiya aholining takror barpo bo‘lishi, aholining joylashuvi to‘g‘risidagi fanlar ichida ilmiy bilimlar tizimi sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘la boshladi. Aholi haqidagi bilimlar va uning rivojlanish qonuniyatlari shundan dalolat beradiki, faqat XVII asrning ikkinchi yarmidan boshlab “aholi” tushunchasi ilmiy iste’molga kiritilgan. Ungacha “odamlar”, “yashovchilar” kabi tushunchalardan foydalanilgan. Aholi mohiyatiga ko‘ra bir-biridan farq qiluvchi uchta jihatga ega. Birinchisi, aholining biologik birlik ekanligidir. Ushbu jihatga ko‘ra, 2 Ўзбекистон Миллий Энциклопедияси. Т.3. – Т.: Ўзбекистон миллий эндиклопедияси, 2002. – 248 б. 7 insonga biologik mavjudot sifatida ko‘payish, biologik jamlanma sifatida takror barpo bo‘lish xos. Ikkinchi jihatga muvofiq, aholi ijtimoiy-biologik kategoriyadir. Bu jihat bo‘yicha aholi ijtimoiy va biologik munosabatlarning o‘ziga xos davomchisi hisoblanadi. Va nihoyat, uchinchi jihat shu bilan izohlanadiki, aholi ijtimoiy hodisa bo‘lib, ijtimoiy aloqalar orqali birlashgan insonlar jamlanmasi sifatida yuzaga chiqadi. Ma’lumki, insonlar jamlanmasiga kirgan har bir individ, avvalambor biologik hodisa hisoblanadi, chunki odam tirik tabiat mavjudotlarining bir turidir. Ovqat hazm qilish, muskullar faoliyati, qon aylanishi va nihoyat, ko‘payishi ham biologik jarayon hisoblanadi. Insonlarning boshqa hayvonot olami vakillari bilan o‘xshashlik jihatlari aynan ushbu tabiiy alomatlarda yuzaga chiqadi. Lekin, inson nafaqat biologik, balki ijtimoiy jarayonlarning ham davomchisidir. Aholi ko‘plab xususiyat va vazifalarga ega. Ulardan eng asosiylari – ishlab chiqarish, iste’mol va ko‘payish vazifalari bo‘lib, ular turli tarixiy davrlarda va jamiyatlarda turlicha o‘lchovga ega bo‘lgan. Masalan, ishlab chiqarish vazifasi ijtimoiy mehnat samaradorligi ko‘rsatkichlari yordamida yuzaga chiqsa, iste’mol – aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi yalpi ichki mahsulotni ishlab chiqarilishi sifatida, takror barpo bo‘lish esa reproduktiv yoshdagi ayol tomonidan dunyoga keltirilgan bolalar soni sifatida yuzaga chiqadi3 . Bulardan tashqari, aholining boshqa vazifalari ham mavjud bo‘lib, ular jumlasiga ijtimoiy, migratsion harakatchanlik vazifalari kiradi. Mazkur vazifalar aholi faoliyatining turli jihatlarini tavsiflab beradi. Aholining ko‘p qirrali ekanligini insonlarning turli jihatlardan o‘rganuvchi ko‘pgina fanlar ham tasdiqlab beradi. Masalan, demografiya, aholi geografiyasi, etnografiya, aholishunoslik iqtisodiyoti, sotsiologiya, mehnat iqtisodiyoti, ijtimoiy psixologiya va h.k. kabi fanlar uchun aholining umumiy yoki uning qandaydir bir qismining tadqiqot obyekti bo‘lib yuzaga chiqadi. Aholi barcha unsurlari va vazifalari doimiy harakatda bo‘lgan dinamik tizimdir. Aholi harakatining uchta turi farqlanadi: ijtimoiy, tabiiy va migratsion. Ijtimoiy harakat tor va keng ma’nolarda talqin qilinishi mumkin. Keng ma’nodagi ijtimoiy harakatga barcha ijtimoiy munosabatlar, shu jumladan, demografik munosabatlar ham kiritiladi; tor ma’nodagi ijtimoiy harakat deganda, odatda faqatgina o‘ziga xos doiradagi munosabatlar tushuniladi. Bunga misol qilib aholining ijtimoiy sohadagi harakatlarining barcha turlarini kiritish mumkin, faqatgina tabiiy va migratsion harakatlar 3 Демография: Учебник для вузов / Под ред. Н.А. Волгина, Л.Л. Рыбаковского. – М.: Логос, 2005. – С.9- 10. 8 bundan mustasno. Aholi harakatini uchta qismga ajratib ko‘rsatish ularning har biri bo‘yicha aniq tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi. Qadimdan ma’lumki, dunyodagi barcha jarayonlar bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan. Mos ravishda aholi harakatlarining barcha turlari ham uzluksiz ravishda, organik birlikda insonlar jamlanmasining u yoki bu xususiyatini o‘zgartirgani holda amalga oshadi. Har qanday inson uchta xususiyatga ega: unga ma’lum bir xususiyatlar (jins, irq, yosh va h.k.) tug‘ilishi bilan berilib yoki o‘zgarmasdan qoladi yoxud vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi; ijtimoiylashuvi mobaynida orttirilib boriladi (bilim, til va h.k.); qisqa vaqt mobaynida o‘zgartirilishi mumkin (masalan, toifa, ijtimoiy maqomi va h.k.). Shunday xususiyatlar ham borki, ular rasmiy nuqtai nazarga ko‘ra shaxsning ijtimoiy rivojlanishiga guvohlik berib faqatgina yaxshilanishi mumkin, lekin shundaylari ham borki, ular har ikki tomonga o‘zgarishlari ham mumkin. Bulardan birinchilari qatoriga ta’lim darajasini, ikkinchilariga esa salomatlik holatini kiritish mumkin. Insonlarning har qanday jamlanmasi miqdor va sifat o‘zgarishlariga duchor bo‘lishi tabiiy. Miqdor o‘zgarishlar “ichki” harakat oqibatida, ya’ni ko‘payish jarayoni va “tashqi” – aholi migratsiyasi oqibatida yuzaga keladi. Ikkalasi ham miqdor, ham sifat o‘zgarishlariga olib kelsada, ijtimoiy harakat aholi xususiyatlarining faqat sifat o‘zgarishlariga olib keladi, xolos. Migratsion jarayon ko‘p hollarda nafaqat ijtimoiy rivojlanish bilan, balki tabiiy harakat bilan ham bog‘liq. U bilan ijtimoiy harakat ham o‘zaro ta’sirlashuvga kirishadi. Haqiqatda ham inson yoshi o‘sishi bilan tajribasi, malakasi ortib boradi va boshqa o‘zgarishlar vujudga keladi. Aholining takror barpo bo‘lishi natijasida uning miqdori faqat tug‘ilish va o‘lim natijasida, uning demografik tarkibi esa aholi qatlamlarining bir yoshdan ikkinchi yoshga o‘tishi bilan o‘zgaradi. Demak, aholining takror barpo bo‘lishi nafaqat tug‘ilish va o‘lim oqibatlari asosida avlodlar almashinuviga, ya’ni ayrim odamlarning “kirish”i va boshqalarining “chiqish”iga, balki “demografik makon”da ularning harakatlanishiga olib keladi. Tabiiy harakatdan farqli o‘laroq migratsiya – bu aholining makondagi harakatidir, uning hudud bo‘ylab taqsimlanishidir. Ushbu ma’noda migratsiya ko‘chib o‘tishlar sodir bo‘layotgan ma’lum bir hudud doirasida aholi miqdorining o‘zgarishiga olib kelmaydi, faqatgina ushbu hududning (mamlakat) ayrim qismlaridagi aholi tarkibi va miqdori o‘zgaradi, xolos. 9 Tadqiqotlar migratsiya va aholining takror barpo bo‘lishi o‘rtasida o‘xshashlik mavjudligini ko‘rsatadi. Aytish joizki, ikkalasiga ham ikkita tarkibiy qismlarning o‘zaro ta’siri xosdir: ijobiy (tug‘ilish, kirish) va salbiy (o‘lim, chiqish). Migratsiya va takror barpo bo‘lish jarayonlari – demografik dinamikaning ikkita tarkibiy qismidir. Lekin, aholining takror barpo bo‘lishi va migratsiyasi o‘rtasida etarli darajada quyidagicha tafovutlar mavjud: Birinchidan, bu ikki jarayon aholi harakatining ikki turi hisoblanadi. Takror barpo bo‘lish jarayoni aynan bir insonlar jamlanmasida sodir bo‘ladi va uning uchun ichki harakat zarur bo‘ladi. Migratsion jarayonlar esa bundan mustasno, ya’ni migratsiya tashqi hodisa hisoblanadi. Ikkinchidan, aholining takror barpo bo‘lish jarayonida ayrim hodisalar (o‘lim, tug‘ilish) har bir ishtirokchi uchun bir marta sodir bo‘ladi, migratsiyada esa ayrim hodisalar (emigratsiya, immigratsiya) ishtirokchilar uchun ko‘p marta takrorlanishi mumkin. Uchinchidan, reproduktiv mayl aholining takror barpo bo‘lish holatiga bevosita ta’sir qiluvchi ehtiyojlar bilan determinantlashadi. Bu bola orttirish ehtiyoji yoki bolalar qondirishi mumkin bo‘lgan qandaydir boshqa ehtiyojlar; o‘zini-o‘zi asrash ehtiyoji, ya’ni hayotiy ehtiyoj; oila qurish ehtiyoji. Migratsiyada esa boshqacha, ya’ni ko‘chish migratsion ehtiyojlar bilan emas, balki aholini ayrim qismlarining ijtimoiy-iqtisodiy maqomini o‘zgartirish ehtiyojlari bilan asoslanadi. Birinchi holatda ehtiyojlar – demografik maylning ichki maqsadi, uning birlamchi unsuri bo‘lsa, ikkinchi holatda – migratsiya boshqa, odatda moddiy ehtiyojlarni qondirish vositasi bo‘lib yuzaga chiqadi. Aynan shuning uchun oilaning farovonlik darajasi bolalarga bo‘lgan ehtiyojga nisbatan qarama-qarshi bog‘liqlikda bo‘lsa, migratsion ko‘chishlarga nisbatan to‘g‘ri bog‘liqlikda bo‘ladi. To‘rtinchidan, takror barpo bo‘lish jarayonlari bilan aholining shunday demografik xususiyatlari bog‘liqki, ular inson hayoti davomida (jins) o‘zgarmasdan qoladi yoki vaqt o‘tishi (yosh) bilan o‘zgaradi. Shu bilan birga, migratsiya o‘zgaruvchan ijtimoiy xususiyatlar bilan ham o‘zaro ta’sirlashadi, ularning ayrimlarini migratsiya doimo (turar-joy, mehnat sohasi), boshqalarini esa ba’zan (kasb, malaka) o‘zgartirib turadi. Beshinchidan, migratsiya aholining takror barpo bo‘lishidan obyektiv omillarga etarli darajada kuchli bog‘liqligi bilan tubdan ajralib turadi. Migratsiya ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish parametrlari – ishlab chiqarish kuchlarining joylashuvi, urbanizatsiya jadalligi va h.k.larga bilan chambarchas bog‘liqdir. Aholi harakatining uchta turining mavjudligi, o‘z navbatida, demografik bilimlar tizimi chegaralari bo‘yicha uchta yondashuvlarning 10 kelib chiqishini taqozo etadi. Ayrim iqtisodchi-demograflar demografiya aholi harakatining barcha turlarini o‘rganishi kerak, deb hisoblasa; boshqalari – aholi takror barpo bo‘lishini o‘rganish kerak, deb chegaralab qo‘yadi; uchinchilari esa demografik bilimlar tizimiga aholining ham tabiiy, ham migratsion harakatini kiritadi. Ushbu qarashlar ichida eng ommabopi uchinchi nuqtai nazar bo‘lib, ya’ni demografik bilimlar predmetini tabiiy va migratsion harakat tashkil etadi, deb tan olishdir. Aholining tabiiy harakati deyilganda, soni tug‘ilish va vafot etish natijasida o‘zgarishi, binobarin, tabiiy yo‘l bilan o‘zgarishi tushuniladi. Shuningdek, nikohdan o‘tish va undan o‘chish kabi holatlar ham aholining tabiiy harakati tarkibida o‘rganiladi. Aholining mexanik harakati deyilganda, uning ayrim hududlar bo‘yicha ko‘chib yurishi va doimiy yashash joyining o‘zgartirib turishi tushuniladi. Ijtimoiy harakat deyilganda, aholi yashashining ijtimoiy indekslari, ya’ni ijtimoiy guruhlar soni va tarkibining o‘zgarishi tushuniladi. Aholi harakatining hamma usullari ham uning rivojini, evolyusiyasini ifodalaydi. Bu holatlar dinamik va statistik qonuniyatlarda o‘z aksini topadi. Dinamik qonuniyatlar – sababli aloqalar ko‘rinishida bo‘lib, bunda tizimning hozirgi holati, kelajakdagi holatini har taraflama aniqlab beradi. Statistik qonuniyatlar aloqalar ko‘rinishida bo‘lib, ayrim olingan voqealar orasida emas, balki ommaviy voqealar orasidagi bog‘lanishlarni o‘rganadi. Aholi ommaviy voqea hisoblanadi. Bunda to‘plam birligi uning xususiyatlarini aks ettirgan alohida holatlar sifatida yuzga keladi. Unda to‘plamning barcha xususiyatlari o‘z aksini topadi va doim o‘zgarib turadi. U to‘plamdan to‘plamga yoki shaxsdan shaxsga nisbatan ham o‘zgarishi mumkin. Ommaviy voqea, qonuniyatlar ayrim olingan holatlarda o‘zgarib turadi va ulardan har birini alohida holatda aniqlash mumkin. Aholi tarkibida yuz berayotgan statistik qonuniyatlarni ayrim olingan shaxs yoki oilalarga emas, balki o‘rganilgan ko‘pchilik misollarga asoslanib, ommaviy voqealarning qonuniyatlarini faqat etarli darajadagi holatlarini o‘rganib aniqlash mumkin. Fanda katta sonlar qonuni, nomi bilan mashhur bo‘lgan bu qonunni, masalan, aholi statistikasida tug‘ilganlarning jinsi bo‘yicha taqsimlanishida ko‘rish mumkin. Chunonchi, ko‘p kuzatishlar natijasida aniqlandiki, tug‘ilgan har 100 nafar qiz bolaga 105-106 o‘g‘il bola to‘g‘ri keladi. Ayrim vaqtlar va hududlarda bunday nisbat boshqacha ham bo‘lishi mumkin. 11 Shunday qilib, ommaviy voqealar qonuniyatlarini o‘rganish, shu jumladan, aholi statistikasi ham matematik usullarni qo‘llashni taqozo qiladi.